» » “Andijon hududiy elektr tarmoqlari”ning “ertasi” ko‘p, Marhamatdagi mas’ullar esa birovning simyog‘ochini boshqaga “kiydirib ketdi”

“Andijon hududiy elektr tarmoqlari”ning “ertasi” ko‘p, Marhamatdagi mas’ullar esa birovning simyog‘ochini boshqaga “kiydirib ketdi”


“Andijon hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi rahbari Ahadjon Jo‘rayev Marhamat tumani “Toshyo‘li” mahallasidagi elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammoni hal etish ishlarini “ertagayoq” boshlashga va’da bergandi — aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, mutasaddi aytgan “erta” hali ham kelgani yo‘q; tuman elektr tarmoqlari korxonasi mutasaddilari esa “Yo‘lamatol” mahallasidagi ko‘chalarning biridan tushgan yaroqsiz beton ustun (simyog‘och) bog‘liq murojaatni shu mahallaning boshqa ko‘chasidagi simyog‘ochlarni so‘ramay ko‘chirib olib kelish bilan hal qilgan.

Marhamat tumani “Toshyo‘li” mahallasi aholisi hududda ko‘chalarga simyog‘ochlar o‘rnatish, elektr simlarini belgilangan tartibda tortish muammosi ko‘pdan beri hal bo‘lmayotganidan norozi bo‘lib, “Daryo” internet-nashriga murojaat qilgan edi.

“25 yildan beri eski, terak yog‘ochlaridan o‘zimiz yasagan ustunlarga eplab sim tortib, foydalanyapmiz. Yozmagan, bormagan joyimiz qolmadi. Hammasi ‘bo‘ladi-bo‘ladi’ deydi. Hokimlikda ‘dasturga kiritamiz’dan boshqa gap yo‘q”, — deydi murojaatchilardan biri.

Mahallaning Karvonyo‘li ko‘chasiga bir necha yil avval yangi beton ustunlar o‘rnatilgan, ammo elektr kabellari tortilmay, ish chala qolgan. Ko‘chadagi xonadon egalari elektr simlarini hovli tarafdagi qo‘shnilari orqali — tomma-tom o‘tkazib tortib kelgan.

Shu munosabat bilan “Andijon hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi bosh direktori Ahadjon Jo‘rayev “Daryo” so‘roviga binoan 2-sentabr kuni “Toshyo‘li” mahallasida bo‘lgan. U mahalladagi holatni o‘rganib, muammoni bartaraf etish bo‘yicha ishlar ertasi kundan — 3-sentabrdan boshlanishini uchrashuvga kelgan aholiga aytgan.

Biroq, toshyo‘liliklarning “Daryo”ga bildirishicha, oradan ikki hafta o‘tsa hamki, hududdagi ko‘rsatilgan muammoni bartaraf etish bo‘yicha hech qanday harakat boshlanmagan. “Andijon hududiy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati vakili 16-sentabr kuni “Daryo” muxbiri bilan suhbatda “ishlar ertadan boshlanishi”ni aytdi.

Avgust boshida Marhamatning boshqa — “Yo‘lamatol” mahallasidan ham beton ustunlar (simyog‘ochlar) muammosi va elektr simlari tortilmagani ustidan murojaat tushgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, Ariqbo‘yi ko‘chasiga bir yil avval simyog‘ochlar o‘rnatilgan (shunda ham butun ko‘chaga emas), lekin elektr simlari tortilmagan. Yo‘lamatolliklar ham — “Toshyo‘li” mahallasidagilar kabi — elektrni qo‘shnilarining uyidan tomma-tom, yog‘och xodalardan qo‘lbola simyog‘och o‘rnatib, tortgan.

Ushbu murojaat yuzasidan “Andijon hududiy elektr tarmoqlari”ga so‘rov berilgach, kompaniya vakillari muammo tez orada hal qilinishini bildirdi. Haqiqatan ham 15—20 kun ichida mahallada sim tortish va simyog‘och o‘rnatish ishlari olib borilgan, ammo simini tortish vaqtida beton ustunlardan biri yorilib ketgan. Yorilgan ustun joyida almashtirilmagan, aholi vakillari uni almashtirishni, yo‘qsa biror odamning ustiga ag‘darilib, jarohat yetkazishi mumkinligini aytib, bir necha bor murojaat qilgan.

Murojaatlardan natija bo‘lmagach, yo‘lamatolliklar yana “Daryo” muxbiri bilan bog‘langan, muxbir esa tuman hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga so‘rov bergan. Korxona mas’ullari mahallaga kelib, vaziyatni o‘rganib, muammoni hal qilishga va’da bergan. Va’da bajarilgan ham — nobop simyog‘och (beton ustun) o‘rniga ikkita yangi ustun o‘rnatilgan. Biroq bu, “Yo‘lamatol” aholisining bildirishicha, “ko‘zbo‘yamachilik” bo‘lib chiqqan.

“Tuman hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan kelib, yorilgan simyog‘ochni almashtirib ketishganda hursand bo‘ldik. Afsuski, xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi. Qo‘shni ko‘chadan ikki mahalladoshimiz kelib, ko‘chamizga yangi o‘rnatilgan simyog‘och aslida ularnikiligi, uni olib ketishlarini aytishdi. Hayron qoldik. ‘Adashayotgandirsizlar, bekordan-bekorga olib, o‘rnatib ketmas, tuman elektr tarmoqlariga tegishli bo‘lsa kerak’, desak, qo‘shni ko‘chadan kelgan mahalladoshlarimiz bu simyog‘ochlarni o‘z pullariga sotib olishgani, simyog‘ochlarni ulardan hech kim so‘ramay, uyining oldidan olib ketganini aytdi”, — dedi murojaatchi.

“Andijon hududiy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati “Daryo” muxbiri bilan suhbatda “Yo‘lamatol” mahallasidan tushgan murojaat bo‘yicha izoh berarkan, fuqarolarning simyog‘ochlari o‘zlaridan beso‘roq olib ketilib, boshqa joyga o‘rnatilishi yolg‘onligini ta’kidladi.

Mavzuga doir:



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-09-2020, 22:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 82) ( 0) ( 82) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют