» » Toshkentcha ko‘zbo‘yamachilik: To‘yini Tashkent City’da o‘tkazgan xonanda Vohidjon Isoqov aslida jarimaga tortilmagan bo‘lishi mumkin

Toshkentcha ko‘zbo‘yamachilik: To‘yini Tashkent City’da o‘tkazgan xonanda Vohidjon Isoqov aslida jarimaga tortilmagan bo‘lishi mumkin


Xonanda Vohidjon Isoqov uylangani, nikoh to‘yi 14-sentabr kuni Tashkent City’dagi parkda, ko‘plab taniqli estrada yulduzlari ishtirokida bo‘lib o‘tgani haqida avval xabar berilgan edi. Xalqqa “to‘ydagi mehmonlar soni 30 kishidan oshmasin, to‘y uyda o‘tkazilsin” degan talab qo‘yilgan bir vaqtda, bir xonanda o‘z to‘yini poytaxt markazida dabdaba bilan o‘tkazgani, bir necha kundirki, jamoatchilik diqqat-e’tiboridagi asosiy mavzulardan biri bo‘lib turibdi.

16-sentabr kuni Toshkent shahar IIBB to‘yida “mehmonlar soni 50 dan oshgan” 32 yoshli Vohidjon Isoqovni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) asosan jarimaga tortgani (bunda qoidabuzarga nisbatan moddaning aynan qaysi bandi qo‘llanilgani aytilmagan), xonandaga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 5 baravari (1 115 000 so‘m)ga teng jarima belgilangani haqida axborot berdi (ma’lumot uchun, 54-modda bo‘yicha jamoat joylarida niqob taqmaganlargina BHMning 5 baravari miqdorida jarimaga tortiladi).

Aksiga olib, Toshkent shahar IIBB xonandaga haqiqatan ham chora ko‘rilganining isboti tariqasida jarima hujjatining suratini e’lon qilmadi — odatda poytaxt IIBB matbuot xizmati shov-shuvli voqealar bo‘yicha o‘z munosabatlarida xuddi shunday hujjatlarning suratlarini ommaga ko‘rsatar edi. Solingan miqdori jarima kamligi, jarima hujjatining surati e’lon qilinmagani, boz ustiga, boshqa holatlar (masalan, xonandaga “to‘yingni el qatori uyingda o‘tkaz” demay, Tashkent City’da to‘y qilishga ruxsat berilgani) bo‘yicha munosabat bildirilmagani vaziyatni o‘rganish zarurligini ko‘rsatdi.

Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 12-avgustdagi 43-sonli bayoni 1-bandi ijrosini ta’minlash, ya’ni to‘y marosimlarini fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan hamda sanitariya va gigiyena talalariga rioya qilgan holda o‘tkazish borasida yaxlit tizimni yaratish maqsadida Ichki ishlar vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi tomonidan qo‘shma ko‘rsatma tayyorlangan.

Unga ko‘ra, nikoh tuzishni xohlovchi shaxslar FHDYo organlariga yozma yoki elektron ravishda ariza bilan murojaat qilishi, FHDYo ushbu arizani “FHDYo yagona elektron arxivi”da qayd etib, axborotni IIV axborot tizimiga yuborishi, ichki ishlar boshqarma (bo‘lim, bo‘linma)lari esa FHDYo taqdim etgan ma’lumotlarni mahallalar kesimida taqsimotini tayyorlab, taqsimot asosida to‘y qiluvchi fuqarolar ro‘yxatini nazorat qilish uchun hududiy profilaktika inspektori hamda mahalla fuqarolar yig‘iniga taqdim etishi kerak. “Har bir mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan to‘y marosimlarini qayd etib borish kitobi yuritiladi”, — deyiladi ko‘rsatma bilan tasdiqlangan To‘y marosimlarini uy sharoitida sanitariya va gigiyena talablariga rioya qilgan holda o‘tkazishning vaqtinchalik tartibida.

Profilaktika inspektorlari va mahalla fuqarolari yig‘inlari vakillari tuman (shahar) IIB tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida to‘y marosimini uy sharoitida o‘tkazayotgan fuqaroning xonadoniga borib, to‘yni, xususan, faqat yaqin qarindoshlar ishtirokida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan (san’atkor, videotasvirchi, to‘y marosimi uchun qilingan xizmatchilar va boshlovchi bundan mustasno) tarkibda o‘tkazish, to‘y kuni o‘zgarsa, bu haqda mahalla fuqarolar yig‘ini vakillarini xabardor qilish va boshqa talablar haqida ogohlantirishi kerak. Inspektor va mahalla vakili to‘yga ikki kun qolganida yana to‘y qiladigan xonadonga borib, vaziyatdan xabar olishi kerak. To‘y kuni esa mahalla vakili va profilaktika inspektori nazorat tariqasida to‘y o‘tkazilayotgan xonadonga borib, marosim to‘liq karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazilayotganini o‘rganishi kerak.

“Agar to‘y karantin qoidalariga rioya qilinmagan holda o‘tkazilayotganligi aniqlansa, xonadon oila a’zolariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi”, — deyiladi ko‘rsatmaning 2-ilovasida. Amaldagi tartib bo‘yicha, profilaktika inspektori to‘y egalariga o‘zi jarima belgilay olmaydi, u faqat holatni qayd etib, bu bo‘yicha chora ko‘rish uchun ishni hududiy sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga oshiradi.

Surishtiruvlar davomida Tashkent City’dagi to‘y bo‘lgan hudud “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘iniga kirishi ma’lum bo‘ldi. Mahalla profilaktika inspektori Ravshan Rixsiboyevning “Daryo” muxbiri bilan suhbatda, “agar joy egasi ruxsat bersa”, Tashkent City’dagi parkda ham “to‘y o‘tkazish mumkin”ligini ta’kidladi (vaholanki, Maxsus komissiya qarorida ham, uchta davlat tashkilotining yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qo‘shma ko‘rsatmasida ham to‘y marosimlari faqat uyda o‘tkazilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan). Inspektorning qo‘shimcha qilishicha, u to‘y kuni parkda bo‘lgan va u borgan vaqtda to‘yda 30 nafardan ortiq fuqaro bo‘lmagan.

Inspektorning aytishicha, u 16-sentabr kuni Shayxontohur tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati bo‘limi xodimi bilan to‘y bo‘lgan joyga borib, holatni o‘rgangan, dalolatnoma rasmiylashtirib, qonuniy chora ko‘rish uchun tuman SENBga yuborgan. Muxbirning: “To‘y karantin qoidalariga zid ravishda o‘tkazilganini to‘y o‘tib bo‘lganidan keyin qanday aniqlandi?”, degan savoliga inspektor javob bera olmadi. Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi (SENB) boshlig‘i Behzod Odilov esa xonandaning to‘yini o‘rganish bo‘yicha SENBdan hech kim ichki ishlar organlari tomonidan jalb qilinmaganini bildirdi.

Xonandaning to‘yi bo‘yicha SEN xizmatlariga dastlabki murojaat faqat 17-sentyabr, payshanba kuni tushdan so‘ng kelib tushgan (bundan bir kun avval — 16-sentabr kuni esa Toshkent shahar IIBB xonanda BHMning 5 baravariga jarima tortilgani haqida axborot bergani haqida yuqorida yozildi). Behzod Odilovning aytishicha, Mirobod tuman IIB karantin qoidalarini buzgani uchun Vohidjon Isoqovning doimiy yashash joyi bo‘yicha to‘plangan hujjatlarni yuborgan. Unda xonandaning nikoh to‘yiga 40—45 dan ortiq mehmon kelgani aniqlangani (shahar IIBB axborotida “mehmonlar soni 50 dan ortiq” edi), shu munosabat bilan holat yuzasida to‘plangan hujjatlar asosida qonuniy chora ko‘rish so‘ralgan (qayd etish joiz, xonanda 17-sentabr kuni Instagram’dagi sahifasida ichki ishlar xodimlari bilan niqobsiz suhbatlashib o‘tirgani aks etgan suratni e’lon qilgan edi).

Mirobod tumani SEN bo‘limi rahbari Dilbar To‘raxo‘jayeva “Daryo” muxbiri bilan suhbatda ko‘rib chiqilayotgan holat bo‘yicha qoidabuzarga BHMning 5 emas, balki Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 2-qismi bilan BHMning 20 baravari (4 460 000 so‘m)dan 30 baravari (6 690 000 so‘m)gacha jarima solinishi kerakligini ta’kidladi. “Ochig‘i, ichki ishlar xodimlari bizning ishtirokimizsiz jarima belgilab qo‘yganidan jahlim chiqdi. Qonun barchaga barobar bo‘lishi kerak. Vohidjon Isoqovning o‘zi bilan bog‘lana olmadik. Akasi bilan gaplashganimizda, kecha, 17-sentabr kuni SENBga kelishi kerakligini aytgan edik, ammo kelmadi. Endi yashash honadoniga borib, holatni o‘rganib, qonuniy chora ko‘ramiz. Holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beramiz”, — dedi To‘raxo‘jayeva xonim.

Masalaning yana bir tomoni — to‘y xonadonda emas, Tashkent City’da o‘tkazilgani. Bu yerda istalgan odam o‘zidan-o‘zi, beruxsat, ko‘plab mashhur insonlar ishtirokida dabdabali bir tadbir o‘tkaza olmaydi. Tabiiyki, poytaxt markazidagi alohida qo‘riqlanadigan hududda pandemiya davrida taqiqlangan tadbirni o‘tkazishga yo‘l qo‘yganlik uchun ham javobgarlik bor (boz ustiga, restoranlarda banket va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazishga taqiq hali bekor bo‘lgani yo‘q). Biroq, Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘i Behzod Odilovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, ichki ishlar organlaridan hozirgacha Tashkent City hududida to‘y o‘tkazishga ruxsat bergan shaxsga biror chora ko‘rish bo‘yicha hech qanday so‘rov kelmagan. Tashkent City’ning parki joylashgan “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nasiba Qodirova esa u yerda to‘y bo‘lishi haqida mahallani hech kim ogohlantirmaganini ham aytdi.

“Hozir mahalla idoramizning aniq bir joylashgan binosi ham yo‘q. Tashkent City’dagi park o‘zi mening mahallamga kiradimi yoki qo‘shni ‘O‘qchi’gami — buni ham aniq bilmaymiz. Shunga qaramay, profilaktika inspektorlarimiz bilan birga to‘y o‘tgan joyga borib, ularni yozma ravishda ogohlantirib kelmoqchimiz”, — dedi mahalla raisi “Daryo” muxbiriga bergan qisqa intervyusida.

Yuqoridagi matndan muxbir ushbu ma’lumotlarni bir arzimas harakat bilan qo‘lga kiritgandek ko‘rinsa-da, aslida poytaxt markazidagi oddiy bir mahallaning oddiy bir profilaktika inspektorini topishga (aniqrog‘i, uni mutasaddilarning xas-po‘shlari orasidan ajratib, chiqarib olishga) yarim kun vaqt ketdi. Ichki ishlar organlari mas’ullari hech qaysi ma’lumot yashirilmayotgani, hammasi ochiq-oydin ko‘rinib turgani va hatto xonanda jarimaga tortilgani haqida axborot berilganini tinmay ta’kidlagan bo‘lsa-da, nega jarima noto‘g‘ri qo‘llanilgani (o‘zi qo‘llanilganmi?), SEN xizmatlari nega bu jarimadan bexabarligi, nega mumkin bo‘lmagan joyda to‘y o‘tkazishga ruxsat berganlarga chora ko‘rilmayotgani haqidagi savollarga javob bera olmadi (yoki javob berishni istamadi).

Jamoatchilik esa xonanda Vohidjon Isoqovdan minnatdor bo‘lishi kerak, degan mulohaza ham bor — u o‘z misolida qonun barchaga barobarmi, O‘zbekistonning huquq-tartibot organlari Amir Temurning haykaliga savol bergan yoshlarni ham, karantin sabab daromadsiz qolib, oilasini boqish dardida stikeri yo‘q Matiz’ida ko‘chaga chiqqan haydovchiga ham, karantin davrida qizining tug‘ilgan kunini ko‘plab mehmonlar ishtirokida dabdaba bilan o‘tkazgan hokimga ham, uydan tashqarida to‘y qilish taqiqlangan bir vaqtda Tashkent City’da to‘y o‘tkazgan xonanda ham teng ko‘rib, barcha qoidabuzarlarni bir xilda jazolay oladimi yoki yo‘q — shuni ko‘rsatib berishi mumkin. Qiziq, O‘zbekistonda qonun barchaga barobarmi?

PS. Material chop etishga tayyorlanayotganida, Mirobod tuman SENB boshlig‘i Dilbar To‘raxo‘jayeva “Daryo” muxbiri bilan bog‘lanib, maxsus guruh xonanda Vohidjon Isoqovning xonadonida bo‘lib qaytganini bildirdi. Ta’kidlanishicha, SENB xodimlarini xonandaning akasi kutib olgan va bu bevosita ukasi bilan bog‘liq ish ekani, barchasini ukasi bilan hal qilishlari lozimligini, lekin ukasi hozir uyda emasligi, ko‘chaga chiqib ketganini aytgan. Ukani telefon qilib chaqirmoqchi bo‘lishganida, uning telefoni tarmoqdan tashqarida ekani ma’lum bo‘lgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (18-09-2020, 16:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 75) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют