» » Fernan Magellanning “muvaffaqiyatsiz” ekspeditsiyasi. Dunyo aylanasi bo‘ylab ilk sayohatga 501 yil to‘ldi

Fernan Magellanning “muvaffaqiyatsiz” ekspeditsiyasi. Dunyo aylanasi bo‘ylab ilk sayohatga 501 yil to‘ldi


Maktab geografiya darsidan ko‘pchilik yaxshi biladiki, dunyo bo‘ylab ilk to‘liq aylana sayohatni Fernan (Fernando) Magellan ismli kapitan boshchiligida ispan kemalari amalga oshirgan edi. O‘sha sayohat 1519-yilning 20-sentabrida, ya’ni bundan roppa-rosa 501 yil muqaddam boshlangan edi. Sana munosabati bilan “Daryo” ushbu tarixiy sayohatga oid qiziq faktlar haqida hikoya qiladi.

Buyuk geografik kashfiyotlar boshlanganidan keyin, “yangi dunyo”dagi yerlarni o‘zaro taqsimlab olish uchun Yevropaning eng g‘arbidagi ikki davlat – Ispaniya va Portugaliya raqobatga kirishib ketgan edi. Bu ikki mamlakat hatto 1494-yilda Tordesilyas kelishuvini ham imzolagan bo‘lib, unga ko‘ra, zamonaviy koordinata sistemasiga ko‘ra 49 daraja g‘arbiy uzunlikdan sharqdagi barcha dengiz va okeanlarni va ularda ochilgan yangi yerlarni portugallar o‘zlashtirgan; bu meridiandan g‘arbni esa Aragon va Kastiliya qirolliklariga tegishli bo‘ladi deb qabul qilingan edi (bu paytga kelib, bu ikkalasi amalda Ispaniya sifatida birlashib bo‘lgan edi). O‘sha paytlarda bu meridianni “Papa meridiani” deb nomlandi. Chunki uni Rim Papasi Yuliy II tasdiqlab bergan edi.

Tordesilyas kelishuvi ko‘p jihatdan portugallar uchun qulay bo‘lib chiqdi. Masalan, ular ko‘rsatilgan meridiandan sharqdagi juda boy yerlarni, xususan, Braziliyani ochdi va Afrikani aylanib o‘tib, Malakka arxipelagi va Hindistonga boradigan dengiz yo‘llarini nazoratga oldi. O‘sha zamonlarda “Ziravorlar oroli” deb nom olgan Malakka arxipelagidan keltirilgan turli xushbo‘y va ziravor moddalar Yevropada tilladan qimmat yurardi va bu bilan savdo qilganlarga mislsiz boylik keltirar edi.

Biroq Malakka orollari va Hindistonga boradigan eng yaqin dengiz yo‘lini Usmoniylar imperiyasi, Afrikani aylanib o‘tish orqali boradigan yo‘lni esa portugallar nazorat qilgani bois, ispanlar bu tomonga g‘arbiy yo‘nalish bilan, ya’ni Janubiy Amerikani aylanib o‘tish orqali yetib borish rejasiga ega edi. Biroq bu yo‘l hali ochilmagan, mavhum, hatto uning mavjudligi noma’lum bo‘lgan bir paytda, bunday katta tavakkalchilikka asoslangan dengiz safariga chiqishga hech kimning jur’ati yetmas edi.

Va shunda Fernan Magellan o‘z taklifi bilan paydo bo‘ldi. Uning sayohati boshlanishi ham ko‘p jihatdan Xristofor Kolumbning sayohati boshlanishiga o‘xshab ketdi. Magellan ham balki o‘zi portugal bo‘lgani bois, dastlab, Portugaliya qiroliga, g‘arbiy yo‘nalish bilan Malakka orollariga yetib borish rejasini bayon qilib, moliyalashtirish va jamoa ajratishni so‘rab murojaat qildi. Lekin undan rad javobini olgach, u ham Kolumb singari ispan qiroliga yuzlandi. 1518-yilning 22-mart kuni Ispaniya qiroli va Fernan Magellan o‘rtasida kelishuv imzolandi.

Unga ko‘ra, Magellan o‘zi bilan olib kelgan boyliklarning 1/20 qismini olish huquqi va ochilgan yerlarda xo‘jayinlik qilish vakolati bilan qiroldan beshta yirik kema va taxminan 280 nafarga yaqin dengizchidan iborat ekspeditsiya jamoasini qabul qilib oldi. Magellan o‘zi bilan safarga indoneziyalik qulni ham oldi. Bundan maqsad, ushbu qul o‘z ona tilida gapiradigan odamlarga duch kelishi, demak, ekspeditsiyaning maqsadga erishganini bildiradi deb qaralgan. Ya’ni Indoneziyaga sharqdan suzib kelinishi bilan, Magellan maqsadiga erishgan bo‘lar edi.

Ekspeditsiya 1919-yilning 20-sentabr kuni Sanlukar de Barrameda bandargohidan yo‘lga chiqdi. Kemalar o‘sha yilning noyabrida Braziliya sohillariga yetib borib, janub tomon asta-sekinlik bilan suza boshladi va Magellan taxmin qilgan, Atlantika va Tinch okeanlarini bog‘lab turuvchi bo‘g‘ozni qidirishga kirishdi. Biroq ular avval la-Plata daryosi quyilish joyiga duch keldi xolos va tez orada qish boshlangani sababli qirg‘oqda qishlab, kutishga majbur bo‘lishdi.

Ekspeditsiya faqat 1520-yilning may oyida qayta jonlandi. Biroq bo‘g‘ozni qidirish uchun yo‘llangan kemalardan biri po‘rtanaga duch kelib, pachoqlanib ketdi va undagi ozuqa va qurol-yarog‘ zaxirasidan jamoa mosuvo bo‘ldi. Dengizchilar esa arang qutulib qoldi. Faqat oktabr oyiga kelibgina Magellan va uning jamoasi Janubiy Amerikaning eng janubidagi, Olovli Yer oroli va qit’ani ajratib turuvchi bo‘g‘ozni kashf etdi hamda Atlantikadan Tinch ummoniga chiqib ketsa bo‘ladigan yo‘lni ochdi. Hozirda mazkur bo‘g‘oz kashshofning sharafiga Magellan bo‘g‘ozi deb nomlanadi.

Ushbu jarayonda kemalardan yana birida kapitan boshchiligida dengizchilar Magellanga qarshi isyon ko‘tardi va unga bo‘ysunishdan bosh tortib, Ispaniyaga qaytib ketishdi. Uchta kema va juda g‘arib ozuqa zaxirasi bilan qolgan Magellan o‘zi hali bilmagan holda Yer sayyorasidagi eng katta okeanga chiqqan edi va taqdir hazilini qarangki, aslida, eng ko‘p po‘rtana va dovullar bo‘ladigan ushbu okean aynan Magellan suzgan vaqtda mutlaqo tinch turgan! Shu sababli ham Fernan Magellan bu ummonga (uni dengiz deb o‘ylab) Tinch dengizi deb nom bergan!

Tinch okeanida Magellan ekspeditsiyasi 17 ming km dan ziyodroq masofani suzdi. Ular shunchaki, bu okeanning o‘lchamlarini tasavvur qila olishmagan edi va Amerikadan g‘arbda Osiyoga dengiz orqali tezda yetib borsa bo‘ladi degan taxminda edi. Biroq nimagadir kemalar Tinch okeanidagi janubroqda bo‘lgan va asosiy ko‘zlangan maqsad – Malakka orollariga yo‘l boshlamasdan, biroz shimol tomonga kurs oldi. Shu yo‘nalishda u Guam oroliga duch keldi va mahalliy aholi bilan savdo-sotiqqa kirishdi. Biroq mahalliy aholi Magellan kemalaridan buyumlarni o‘g‘irlagani bois ular bilan nizo kelib chiqdi va orolga shu tufayli “O‘g‘rilar oroli” deb nom berishdi. Bir necha kundan keyin esa ekspeditsiya Filippin orollariga yetib bordi. O‘sha paytda Magellan bu arxipelagni Avliyo Lazar arxipelagi deb nomlagan edi.

Filippindan keyin ekspeditsiya janubi-g‘arb tomon suzib, endi yakuniy maqsadga – Malakka orollariga yo‘l oldi. Yo‘l-yo‘lakay orollarning birida vanihoyat Magellanning indoneziyalik quli o‘z ona tilida gapiradigan odamlarni uchratadi va shu bilan Magellan o‘z maqsadiga erishgan deb hisoblab, tantana qilinadi. U haqiqatan ham Malakka arxipelagiga Yevropadan safarga ketib, g‘arb tomondan suzib kelishni uddasidan chiqqan edi!

Biroq uning xursandchiligi va umuman hayoti ham uzoqqa cho‘zilmadi. Ko‘p o‘tmay, u Sebu orolidagi bandargohga kirib keldi va bu orolning allaqachon sivilizatsiya bilan hamnafas ekanini ko‘rdi. Mahalliy hukmdor (roja) bu yerda savdo qilishi uchun hatto Magellan kemalari boj to‘lashi kerakligini ham talab qildi. Bu yerlarga Magellan va umuman yevropaliklar kelmasidan avval musulmon savdogarlar allaqachon yirik savdo yo‘llarini barpo qilishgan edi va rojaga ham Magellan bilan ziddiyatga bormasdan, balki savdoni yo‘lga qo‘yishi kerakligini aynan musulmonlar taklif qildi.

Ularning maslahati bilan Magellan kemalari va mahalliy xalq o‘rtasida savdo yo‘lga qo‘yildi. Shu orada Magellan ispan o‘qotar qurollarining qudratini “ko‘rsatib qo‘yish” va shu orqali rojalarni qo‘rqitish uchun rojaga bo‘ysunmayotgan ayrim qabila boshliqlariga qarshi jangda qurollarni qo‘llab namoyish qilishni reja qildi. Lekin mahalliy jangchilar Magellan va uning askarlaridan ko‘ra abjirroq va jangovar tayyorgarlik borasida kuchliroq bo‘lib chiqdi. Ular Magellan guruhini tor-mor keltirishdi va Magellanning o‘zi esa chekinayotgan paytda nayza o‘q yeb vafot etdi.

Darg‘adan ayrilgan va nufuziga putur yetgan ekspeditsiya endi ortga qaytishi kerak edi. Ularning ixtiyoridagi uch kema uchun bu paytga kelib atiga 100 nafar atrofida dengizchi qolgandi. Bu esa juda kam bo‘lgani uchun jamoa ikkita kemada yig‘ilib, uchinchisini shunchaki yoqib yubordi. Kemalardan biri orqaga – Ispaniyaning Amerikadagi mulklariga qaytdi (lekin uni yo‘lda portugallar tutib olib, mahv qilgan).

Faqat bitta kema – “Viktoriya” kemasi yana g‘arbiy yo‘nalishda suzib, Afrikani aylanib o‘tish orqali 1522-yilning 6-sentabrida, deyarli 4 yil deganda Ispaniyaning Sevilya bandargohiga qaytishga muvaffaq bo‘ldi. Kemada atigi 18 kishi omon qolgandi va ular Ispaniyada qahramonlar sifatida kutib olindi. Keyinchalik kema jamoasi portugallar tutib oldi va Hindistonga quloq qilingan narigi kemaning 55 nafar kishidan iborat tirik qolgan jamoasini ham tovon to‘lash evaziga ozod qildi.

Ekspeditsiyaning muvaffaqiyati nisbiy bo‘lishiga qaramay va uning asosiy tashabbuskori – Magellanning o‘zi yarim yo‘lda o‘lib ketganidan qat’iy nazar, ushbu ekspeditsiya shubhasiz insoniyat tarixidagi eng muhim fenomenal hodisalardan biri bo‘ldi. U orqali, birinchidan, Yerning shar shaklida ekani (yumaloqligi) isbotlandi, qolaversa, dunyo okeani o‘zaro tutash yaxlit havza ekani va unda bir okeandan ikkinchisiga to‘siqsiz suzib o‘tish mumkinligi dalillandi.

Shu tariqa ispanlar Malakka arxipelagiga g‘arbiy yo‘nalishda suzib borib yo‘l ochdi va orollarni Portugaliya tasarrufiga o‘tishi uchun Portugaliya qirolidan juda katta miqdorda tovon puli undirishga ham erishishdi. O‘zlari bilan olib kelgan mollarni ham juda qimmat baholarda sotib, yo‘qotilgan to‘rt kemaning pulini ham va umuman ekspeditsiya xarajatlarini ham bemalol qoplay olishdi.

Magellaning dunyo bo‘ylab sayohati insoniyat tarixida birinchi marta yana bir qiziq hodisani ochib berdi: ekspeditsiya muttasil g‘arbga suzgani bois, Quyoshni quvlab bordi va vaqt hisobini ham Ispaniyadan o‘zi yo‘lga chiqqan kun va vaqt bo‘yicha xronometr bilan emas, balki qayerda turgan bo‘lsa, o‘sha yerdagi tush vaqtidan kelib chiqib yuritaverdi. Natijada, ular bir kunni “yo‘qotib qo‘yishdi”.

Ekspeditsiya deyarli Yer sharini aylanib chiqib, Yashil Burun oroliga yetib kelishganda, mahalliy odamlardan sanani so‘rashganda, oradagi bir kun tafovutni ko‘rib, nimaga bunday bo‘lganiga tushunolmay shoshib qolishgan edi. Shunda ma’lum bo‘lganki, kemadagilar haqiqiy vaqtdan bir kunga orqada qolgan bo‘lib chiqqan! Keyinchalik, barcha uzoq safarlarda ushbu “yo‘qotilgan kun” paradoksini hal qilish uchun geografiyada maxsus – sanalarning o‘zgarish chizig‘i tushunchasi joriy etilgan edi.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-09-2020, 10:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 109) ( 0) ( 107) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют