» » Chexiya sog‘liqni saqlash vaziri koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab iste’foga chiqdi

Chexiya sog‘liqni saqlash vaziri koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab iste’foga chiqdi


Chexiya sog‘liqni saqlash vaziri Adam Voytex mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar sonining ortishi fonida iste’foga chiqdi, deb xabar beradi Associated Press.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi qaror COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash borasida yangicha yondashuvni yaratishga imkon beradi.

“Koronavirusga duch kelganimizga to‘qqiz oy bo‘ldi. O‘ylashimcha, hamkasblarim va men fuqarolarimizni kasallikdan himoya qilish uchun kecha-yu kunduz barcha ishni qildik. Birinchi to‘lqinni yaxshi uddalay oldik deya, aytishga jazm etaman. Bu boy tajriba bo‘ldi va men hamda jamoam nimadandir uyalishi kerak deb o‘ylamayman”, — deydi vazir.

Agentlikning yozishicha, Chexiya virus tarqalishini bahorda bartaraf etgan, biroq hozirda vaziyat yana yomonlashgan. Xususan, o‘tgan juma kuni bir sutka davomida 3129 kishida koronavirus aniqlangan — bu Markaziy Yevropa mamlakatlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

“Exo Moskvi”ning ma’lum qilishicha, so‘nggi haftada Adam Voytex muntazam o‘zgarib turgan karantin choralari sabab muxolifat va jamoatchilik tomonidan jiddiy tanqidga uchragan. Ko‘plab siyosatchilar ham vazirning iste’foga chiqishini talab qilgan, biroq bosh vazir Andrey Babish bunga qo‘shilmagan. Bosh vazirning fikricha, Voytex epidemiyaning birinchi to‘lqini bilan kurashda o‘zini ajoyib namoyish etgan. Biroq ikkinchi to‘lqinda ham bu kabi natijani qayd etishning iloji bo‘lmagan.

Mamlakatning yangi sog‘liqni saqlash vaziri etib epidemiolog-shifokor Roman Primula tayinlangan. U bunga qadar Harbiy-tibbiy akademiya rektori va prorektori lavozimlarida faoliyat yuritgan. Primula — Chexiya va xorijda immunizatsiya hamda vaksinatsiya bo‘yicha ekspert sifatida tanilgan. 2009—2016-yillarda u Grades-Kralove shahridagi universitet shifoxonasiga rahbarlik qilgan. 2016-tilning iyunida Primula sobiq vazir Svatopkul Namechek tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi sabab lavozimdan olingan.

Avvalroq Chexiya hukumati mamlakatda koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlanganini e’lon qilgan edi. Jons Hopkins universiteti ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Chexiyada koronavirus bilan kasallanganlar soni 49 ming kishidan oshgan, hozirga qadar 24 ming kishi sog‘aygan bo‘lsa, 503 kishiga COVID-19 qurboniga aylangan.

Mavzuga doir: Niderlandiyada koronavirusga qarshi kurashga mas’ul bo‘lgan sog‘liqni saqlash vaziri iste’foga chiqdi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (22-09-2020, 11:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 80) ( 0) ( 80) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют