» » “O‘zbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan sheriklikni rivojlantirishga doimo tayyor”. Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi nutqi haqida

“O‘zbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan sheriklikni rivojlantirishga doimo tayyor”. Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi nutqi haqida


“Bunday global falokat sayyoramizda so‘nggi yuz yilda kuzatilmagan edi. Bu ofat butun insoniyatning zaif jihatlarini yaqqol ko‘rsatdi. Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat Yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar o‘zaro bog‘liq ekanini, o‘rtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik o‘ta muhimligini isbotladi”, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining o‘zaro sa’y-harakatlarini birlashtirish, umumiy mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish lozimligini ta’kidladi. “Maqsadimiz — har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini ta’minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir”, — deb ta’kidladi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev BMT shafeligida Pandemiyalar davrida Davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro Kodeksni ishlab chiqishni taklif etdi. Ushbu hujjatda har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozim.

Prezident Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidagi nutqida O‘zbekistonda koronavirusni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. “Fursatdan foydalanib, sinovli damlarda bizga beg‘araz yordam ko‘rsatgan barcha do‘st va hamkorlarimizga chuqur minnatdorlik izhor etaman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida yangi O‘zbekiston shakllanmoqda”, — dedi Prezident o‘z nutqida. “Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi”, — deb qayd etdi O‘zbekiston rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev gender tengligi siyosati O‘zbekiston uchun ustuvor masalaga aylanganini ta’kidladi. “Inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay o‘zgardi. Majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy Strategiya qabul qilindi”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning fuqaroligi bo‘lmagan insonlar sonini kamaytirish, diniy erkinlikni ta’minlash borasidagi yutuqlarini, sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlarni qayd etdi.

“Biz birinchi marta kambag‘allikni kamaytirish haqidagi qat’iy qarorimizni ochiq e’lon qildik”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Prezident O‘zbekiston bunga tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga o‘rgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali erishayotganini ta’kidladi.

Prezident Mirziyoyev yana bir bor Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT Konvensiyasini qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Bundan tashqari, parlamentlarning zamonaviy ijtimoiy muammolarni hal qilishdagi roli ortib borayotganini hisobga olib, O‘zbekiston rahbari Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasida yuz berayotgan tub o‘zgarishlarni qayd etdi. BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusga asosan muntazam o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqa mamlakatlarining umumiy yutug‘i bo‘lganini ta’kidladi. “Mamlakatlarimiz ushbu sinovli kunlarda bir-birini yolg‘iz qoldirmasdan, o‘zaro yelkadosh bo‘ldi”, — dedi O‘zbekiston rahbari.

Bugun Markaziy Osiyo davlatlari oldida mintaqa global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta’minlashdek muhim strategik vazifa turibdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Global antiterror strategiyasi mintaqaviy Qo‘shma rejasining natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiyao‘tkazishni taklif etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston 2021-yilda YuNESKO bilan hamkorlikda Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida Xalqaro forumni o‘tkazishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev 2018-yil mart oyida o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi afg‘on muammosini yechish uchun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini safarbar etishda yangi bosqich bo‘lganini qayd etib, 2020-yilning sentabr oyida Dohada afg‘on siyosiy kuchlari o‘rtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini to‘la qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. O‘zbekiston rahbari bu muzokaralar jafokash afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlik o‘rnatishiga umid bildirdi.

Afg‘onistondagi tinchlik jarayonida “Beqaror va vayronkor vaziyatdan — tinchlik va bunyodkorlik sari”degan tamoyil asosida ish olib borish muhim, deb qayd etdi O‘zbekiston Prezidenti. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev BMT huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish lozimligini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida nutq so‘zlar ekan, global iqlim o‘zgarishlari Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston rahbari xalqaro hamjamiyat e’tiborini yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratdi.

Shavkat Mirziyoyev Orol falokati oqibatlarini yumshatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni, shu jumladan Orolbo‘yida ikki million gektar yangi o‘simlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Prezident O‘zbekiston tashabbusi bilan tuzilgan Orolbo‘yi hududini rivojlantirish bo‘yicha BMTning ko‘p sheriklik Trast jamg‘armasi og‘ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi bo‘lib xizmat qilishiga umid bildirdi.

O‘zbekiston rahbari Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash taklifini ilgari surdi.

O‘zbekiston Prezidenti qashshoqlikni tugatish vakambag‘allikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan Global sammitni o‘tkazishni taklif etdi.

BMTning muvofiqlashtiruvchi xalqaro tuzilma sifatidagi markaziy o‘rnini yanada kuchaytirish lozimligini ta’kidlab, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli sheriklikni, BMT va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyor ekanini qayd etdi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (24-09-2020, 12:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 83) ( 0) ( 82) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют