» » Toshkentda O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro kongress boshlandi

Toshkentda O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro kongress boshlandi


15-may kuni O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining “Media-xoll” majmuasida “O‘zbekiston madaniy merosi — xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l” mavzusida xalqaro ilmiy-madaniy kongress boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zEOAVMA tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, YuNESKO hamda Germaniyaning Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armasining mamlakatdagi vakolatxonalari hamkorligida tashkil etilgan xalqaro anjumanda AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, Germaniya, Niderlandiya, Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Polsha, Fransiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan olimlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etmoqda.

Oliy Majlis huzuridagi NNTni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi raisi A. Saidov, madaniyat vaziri M. Murodov, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B. Abduhalimov, O‘zEOAVMA boshqaruvi raisi F. Abduxoliqov, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi K. Pikkat, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Tomas Kunse va boshqalar tadbirda so‘zga chiqdi.

“Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan O‘zbekiston boy madaniy merosga ega mamlakat, — dedi Krista Pikkat. — Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzning tarixiy-madaniy obyektlari YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. O‘zbekiston nomoddiy merosi bilan ham faxrlansa arziydi. Ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan barhayot an’analar — Shashmaqom, Katta ashula, Navro‘z, Askiya va Boysun madaniy merosi YuNESKOning Reprezentativ ro‘yxatidan joy olgan. Tashkilotimizning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorlikda o‘z vakolati doirasiga kiradigan sohalarda ko‘plab loyihalarni amalga oshirmoqda. Yo‘lga qo‘yilgan ishonchli munosabatlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda”.

Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston o‘zining qadimiy tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, qadriyatlari, ko‘plab tarixiy-me’morlik va madaniy yodgorliklari bilan butun dunyoga dong taratganini alohida qayd etdi.

Anjuman doirasida nashr etishga tayyorlanayotgan “O‘zbekiston musiqiy merosi”, “Davlat Ermitaji to‘plami”, “Davlat tarix muzeyi to‘plami”, “Sharq qo‘lyozmalari instituti to‘plami”, “O‘zbekiston gilamdo‘zligi: asrlar osha saqlangan an’analar” kitob-albomlarning loyihasi taqdimoti ham bo‘ldi. Ularni tayyorlashda taniqli olimlar, san’atshunoslar, musiqashunos va sharqshunoslar ishtirok etmoqda.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasi qamrovi bo‘yicha dunyoda o‘xshashi yo‘q loyiha hisoblanadi. Kitob-albomlarni nashrga tayyorlash jarayonida O‘zbekistondan olib chiqib ketilgan eng yaxshi artefaktlarni to‘plash va umumlashtirish bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borilgan. Ular orasida arxeologiya, kulolchilik, metall buyumlar, numizmatika, to‘qimachilik, zargarlik san’ati va tasviriy san’at buyumlari bor.

Kongressning birinchi ish kunida O‘zbekiston hududida turli madaniyatlar va badiiy an’analar, dunyo to‘plamlarida O‘zbekiston san’ati va artefaktlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

Shu kuni O‘zbekiston madaniyati va san’atini keng yoritishga ixtisoslashgan “Karavan TV” telekanali taqdimoti bo‘lib o‘tdi. “Jurnalistlar bahori” an’anaviy media-festivali, turli hududlarning o‘ziga xos milliy taomlari namoyishi va palov tanlovi o‘tkazildi.

“Daryo” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring

Опубликовано: admin (15-05-2017, 22:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 91) ( 0) ( 89) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют