» » Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov: Nima uchun o‘qituvchi o‘z huquqlarini o‘zi himoya qilmaydi? (video)

Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov: Nima uchun o‘qituvchi o‘z huquqlarini o‘zi himoya qilmaydi? (video)


Xalqaro press-klubning 23-avgust kuni bo‘lib o‘tgan anjumanida ishtirok etgan xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov maktab o‘qituvchilarining obodonlashtirish va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etilishi holatlariga munosabat bildirdi.

Vazir Inoyatov o‘z chiqishi davomida Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Nafisa Nishonova (vazir uni Zamira Nishonova deb atadi) bilan bog‘liq vaziyatga ham to‘xtaldi.

Avvalroq, Nishonova xonim o‘tkazgan majlis audioyozuvi internetda tarqalib ketgan edi. Majlisda o‘qituvchilarga dala ishlarida qatnashish, kitoblar sotib olish, nashrlarga obuna bo‘lish, qarindosh pensionerlarni plastik kartochkaga o‘tkazish masalasida ko‘rsatmalar berilgan.

O‘qituvchilarning o‘z lavozim vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb etish masalasida hamma yerda munosabat bildirilyapti. Bu esa shunday holatlar borligidan dalolat beradi va xuddi shunday holat bor ekan, degan fikrga olib keladi. O‘qituvchi ta’lim-tarbiya jarayonidan tashqari, o‘zi ishlayotgan ta’lim muassasaning jamoat ishlarida, uni obodonlashtirish ishlarida qatnashishi shart. Buni to‘g‘ri aytishimiz kerak. Lekin ayrimlar mana shuni ham bahona qilib, “Bizni boshqa ishlarga jalb qilishyapti”, degan fikrda bo‘lishi kerak emas.

O‘qituvchilarning har xil qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etilishiga vazirlik o‘zining qanday munosabatini bildiradi? Albatta, salbiy munosabatni bildiradi. Vazirlik o‘qituvchining mana shunday faoliyatga jalb etilishi tarafdori ham emas. Vazirlikning me’yoriy-huquqiy hujjatlarida o‘qituvchining faoliyat vazifasiga mana shunday ishlarda qatnashish shart, degan majburiyatlarni belgilab bermagan. Vazirlik buni, albatta, qonuniy, huquqiy-me’yoriy tomondan himoya qiladi. Lekin jamoat-chi, o‘qituvchining o‘zi-chi? O‘sha maktabning rahbariyati-chi? Tumandagi faollar-chi? Ular o‘qituvchining huquqini himoya qilmaydimi? Yoki o‘qituvchining o‘zi o‘z huquqlarini o‘zi himoya qilmaydimi? Shunday masala ham turibdi-da.

Vazirlikdan borib, o‘qituvchining huquqi buzilayotganidan xabar topish uchun ham, bilasizmi, vazirlikda 50 kishi ishlaydi, tizimimizda esa 400 mingdan ortiq o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Huquqi buzilayotganini, birinchi navbatda, o‘qituvchining o‘zi biladi-ku. Nima uchun o‘qituvchi huquqlari poymol qilinishiga o‘zi yo‘l qo‘yib beradi? “Nima uchun o‘zi kurashmaydi, haq-huquqini talab qilmaydi?”, degan savolni ham qo‘yish kerak. Biz vazirlik sifatida, umuman, xalq ta’limi tizimi rahbariyatlari mana shunday holatlarning oldini olish uchun har doim kurashamiz.

Ochiqchasiga savol qo‘ydingiz: Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, Zamira Nishonova — xalq ta’limi bo‘limi mudiri hisoblanadi. U o‘tkazgan yig‘ilishdagi uning fikrlarini yozib olib, ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yib yuborishdi. O‘zbekiston uchun joy kuydiruvchi bir fuqaro sifatida bu fikrlar tahlil qilinsa, unda yomon bir illatlarni ko‘rganim yo‘q.

Masalan: maktab yo bog‘changni bo‘sh tomorqasiga kartoshka ekkin, bu bolalar va o‘qituvchilarni ijtimoiy himoya qilishga, ularni oziq-ovqat bilan ta’minlashda, arzonlashtirishda xizmat bo‘ladi, deyapti. Maktab, bog‘chaning bo‘sh yotgan yeri bo‘lsa, shu muassasalarning xodimlari uchun qilinadigan bo‘lsa, buning hech bir yomon joyi yo‘q. O‘sha yer cho‘l bo‘lib yotganidan ko‘ra, suv bo‘lsa, ekib-yetishtirib, o‘quvchilar uchun arzonroq taom qilib berish mumkin. Yoki, biror qiynalgan o‘qituvchi uchun yetishtirilgan mahsulotdan berib, uni ijtimoiy himoya qilish mumkin. Bog‘chada bo‘ladigan bo‘lsa, bolalarga iste’mol uchun yaroqli bir holatda tayyorlab berish mumkin. Buning hech bir yomon joyi yo‘q

O‘sha yig‘ilishda Zamira Nishonova yana ikkinchi masalani qo‘yyapti. “Kitob o‘qing, gazeta o‘qing, gazetaga obuna bo‘ling”, deyapti. O‘qituvchi yangi bilimlarni qayerdan oladi? Matbuot nashrlaridan oladi. Mana shu tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri “kitob olinglar, gazetaga obuna bo‘linglar”, deb turishi — rahbar sifatida uning vazifasi. Men u xalq ta’limi bo‘limi mudirini rahbar sifatida, vazir sifatida hech ham qoralamayman. Zamira opamiz matbuotga obuna bo‘linglar yoki o‘z hovlingni toza tutgin yoki biror narsa ekkin, shu mahsulotlarni ishlatgin deb talab qilayotgan bo‘lsa, buning hech bir yomon joyi yo‘q.

Mana shu jamiyatda yashayapmizmi, tekinxo‘rlikka o‘rganib qolishimiz kerak emas. Biz bolalarni mehnat orqali, o‘z hududini tozalashi, o‘z mahsulotini yetishtirishi, o‘z ustida ishlashi orqali tarbiyalashimiz kerak. Hamma galstuk taqib, menga o‘xshab yursa, hamma hammaga aql o‘rgataversa, kim bu ishlarni qiladi? Kim, qachon kartoshka ekadi? Kim paxtani teradi? Kim hosilni yig‘ishtiradi? Buni yeyishni bilsak, kiyishni bilsak, ishlash ham kerak-ku! Hamma shunday yuraversa, jamiyatda boshqa ishlarni kim bajaradi? Buni to‘g‘ri tushunishimiz kerak.

O‘qituvchilar jamoasining asosiy vazifasi — mehnat bilan tarbiyalash, mana shunday hayotga tayyor tura bilishni aytish. Maktabni bitirib chiqayotgan hozirgi o‘quvchilarning bitta otvyortkani ushlab, bir elektr jihozni tuzatishda yoki bir jo‘mrakni tuzatishda uquvi yo‘q. Shunday holatda ota-onalar ularni shu darajada yengil-yelpi hayotga o‘rgatyapti. Bunday qilish kerak emas. Ular mehnat bilan toblanishi kerak. Ana shunda hayotning qiyinchiligiga ham, achchig‘iga ham, yaxshi kunlariga ham tayyor bo‘ladi.

Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Biz birlashib, mana shu jamiyatni, jonajon O‘zbekistonimizni rivojlanishi uchun mehnat qilishimiz kerak. Biz ham, balkim, Amerika yo Germaniyadagi kabi holatlarga yetib borarmiz. Buning uchun avval yaxshilab mehnat qilishimiz kerak. Bir-birimizni qo‘llashimiz kerak. Bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, davlatimizni zabardast, iqtisodiyotini barqaror holatga olib chiqib qo‘ysak, boyagi masalalar o‘z-o‘zidan o‘rin qolmaydi. Hamma o‘z vazifasini o‘zi bajarib ketadi

Lekin hozir biz bir-birimizga ko‘mak berishimiz kerak. Bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

Ulug‘bek Inoyatov, O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri

“Daryo” yangiliklarini Facebook’da kuzatib boring

Опубликовано: admin (23-08-2017, 23:57)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 72) ( 0) ( 70) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют