» » “Xalq bilan muloqot yili”da panjarali to‘siqlarni kamaytiraylik

“Xalq bilan muloqot yili”da panjarali to‘siqlarni kamaytiraylik


Ona yurting bo‘ylab sayohatlar qilar ekansan, ko‘plab o‘zgarishlardan mamnun bo‘lasan. Shaharlar qanchalik ko‘rkamlashib ketdi. Chiroyli ko‘priklar, yangi yo‘llar, zamonaviy binolar Guliston-u Jizzaxga, Samarqand-u Buxoroga, Navoiy-u Urganchga, Nukus-u Termizga, Qarshi-yu Shahrisabzga, Namangan-u Andijonga, Farg‘ona-yu Qo‘qonga ko‘rk berdi. Shaharlarda a’lo darajadagi majmualar barpo etilmoqda, qishloq joylarda esa minglab zamonaviy turar-joylar qad rostladi. Mustaqillik yillarining ibtidosida qurilish bilan turklar va yugoslavlar, buning ustiga, import materiallar ishtirokida shug‘ullangan bo‘lsa, endi qurilish materiallarini ishlab chiqarishni ham, qurishni ham o‘zimiz o‘rganib oldik.

Xafa qiladigan yagona narsa: bu yillar davomida biz panjarali devorlarni ham qurishni, o‘rnatishni va barpo qilishni o‘rgandik. Panjaralar hatto turg‘unlik va kommunistlar davrlarida hech qayerga o‘rnatilmagan joylarda ham paydo bo‘ldi. Va bu kunduzlari uylarning darvozasi doim ochiq turgan O‘zbekistonda kuzatildi!

Hokimliklar, banklar, soliq inspeksiyalari, quyon boqish bo‘yicha idoralar, hatto mahalla qo‘mitalari ham — hammasi o‘zlarini baland va uchli qora temir panjaralar bilan o‘rab oldi.

Turar-joyning 1 kvadrat metri 1000 dollar va undan qimmatroq turuvchi “elita” uylar ham temir panjaralar bilan to‘silayotgani kishini ayniqsa xavotirga soladi. Bu menga nimasi bilandir Bangladesh Respublikasi poytaxti Dakkadagi uylarni eslatdi. U yerda uylar va mehmonxonalar ko‘pincha tepasida tikanli simi bo‘lgan to‘siqlar bilan o‘rab olinadi. O‘zbekistondan uch marta kichik bo‘lgan hududda 170 million kishi yashaydigan Bangladeshda sinflarga ajralish kuchli. U yerda Uttara dahasidagi “elita” uylar atrofida qamishdan yasalgan uylarda odamlar yashashi mumkin.

Biz O‘zbekistonda bir-birimizdan o‘z yashash joyimizni to‘sib qo‘yadigan darajada farqlanmaymiz. Toshkentda faqat bitta mehmonxona — Hyatt Regency Tashkent o‘zini devor bilan o‘rab olgan. Ammo uni ayblash qiyin, chunki chet ellik investorlarga o‘zimiz o‘rnak bo‘lyapmiz.

Mana, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Islom Karimov ko‘chasining ikki tomonida joylashgan binolari baland qora metall to‘siqlar bilan o‘ralgan. Biroq bu Markaziy bank. Aftidan, mamlakat bosh banki aynan shu tarzda himoyalangan bo‘lishi kerak, deb yozib qo‘yilgan.

Lekin menga ayting-chi, nima uchun Alisher Navoiy nomli Milliy bog‘ hududidagi taekvondo federatsiyasi o‘zini baland metall devor bilan dunyodan to‘sib qo‘ygan?

Yoki o‘ylab ko‘ring-chi, tuman, shahar va viloyatlar soliq inspeksiyalari “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da kimdan bekinmoqda?

Tuman va shaharlar hokimliklariga tankka qarshi to‘siqlar nimaga kerak?

1986-yildan buyon ispan tilida so‘zlashuvchi sayyohlarni butun Markaziy Osiyo bo‘ylab olib yuruvchi sinfdoshim Sadir Xalilov menga aytib berishicha, Buxoroi sharif 2017-yilgacha hokimligi panjara ortiga bekinib olmagan yagona shahar bo‘lib qolgan. Bu yil ular ham to‘siq o‘rnatib oldi.

Bekatlarda odamlar oyoqlarini sindirib olmasligi uchun ariqlarni temir panjaralar bilan yopishga metall yo‘q, ammo oddiy fuqarolardan o‘zlarini ajratib qo‘yish uchun metall bor, shundaymi?

Iyul oyida Xalqaro press-klub majlisining to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirida men Oliy Majlis deputatlariga shunday savol berdim: “Nima uchun Istiqlol ko‘chasida mamlakat Parlamenti bo‘ylab baland qora temir panjara bor-u, trotuar yo‘q? Sizlarning yoningizdan oddiy odam o‘tib ham keta olmaydi”.

Press-klubdan keyin bir oy o‘tib, parlament yonida trotuar paydo bo‘ldi, biroq qora panjara o‘z joyida qoldi. Nima uchun Oliy Majlisga tutash ulkan hududni panjara bilan o‘rab olishgan? Bugungi kunda zamonaviy qo‘riqlov tizimlari, kuzatuv kameralari bor, ichki ishlar organlari xodimlarining ko‘pchiligi o‘z ishida malakali. Mustaqillikning 27-yili ketayotgan bir paytda panjaralar nimaga kerak?

Ko‘pchilik hollarda pastakkina chiroyli to‘siqlarning o‘zi yetarli bo‘ladi, ba’zi holatlarda esa umuman hech narsa kerak emas, deb o‘ylayman. Menga turmush o‘rtog‘imning qarindoshlari gapirib berishicha, ilgarilari Tovoqsoyda yoz salqinroq bo‘lgan — tog‘ tomondan qishloq ko‘chalari bo‘ylab shabada esib turgan. Biroq hozir hamma baland va qalin to‘siqlar qurib tashlagan, havo esa dim bo‘lib qolgan.

Shaharda, mamlakatda havo dim bo‘lmasligi, fuqarolar yengilroq nafas olishi uchun men “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da ham temir, ham ruhiy panjara va to‘siqlarning keraksizlaridan xalos bo‘lishga da’vat etaman.

Baxtiyor Nasimov,
“Daryo” sharhlovchisi

“Daryo”ning YouTube’dagi rasmiy sahifasiga obuna bo‘ling

Опубликовано: admin (19-09-2017, 14:57)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 79) ( 0) ( 77) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют