» » Yuz million obunachiga ega Selena Gomes qanday qilib Instagram yulduziga aylandi va Time muqovasiga chiqdi?

Yuz million obunachiga ega Selena Gomes qanday qilib Instagram yulduziga aylandi va Time muqovasiga chiqdi?


Time jurnalining sentabr soni to‘lig‘icha zamonaviy qahramonlar — nashrning talqinicha “dunyoni o‘zgartiruvchi ayollar”ga bag‘ishlangan. Jurnal soni 12 ta muqova bilan chiqdi, ulardan birida 25 yoshli aktrisa va qo‘shiqchi Selena Gomes, boshqalarida Hillari Klinton, Opra Uinfri va okeanograf Silviya Erl bor edi. Shu oyning o‘zida Selena Gomes yana bir muqova — Business of Fashion’ning pop madaniyat yosh qahramonlariga bag‘ishlangan yubiley sonida paydo bo‘ldi. Meduza qanday qilib Selena Gomes yosh avlod yuzi va sayyoraning asosiy yosh pop yulduziga aylanganligi haqida hikoya qiladi.

“Selena Gomes dunyoni o‘zgartirayapti? Men nimadandir bexabar qoldimmi?”, “Dunyoni selfi yordamida o‘zgartirayaptimi?”, “Kechirasiz, lekin bu qiz hech narsa qilgani yo‘q”, — Selena Gomesning Time jurnali muqovasida paydo bo‘lishiga Twitter foydalanuvchilari taxminan shunday fikr bildirdi. Ushbu sonning yana 34 nafar qahramoni — jumladan Serena Uilyams, Areta Franklin va Madlen Olbraytlar jurnal muqovasiga tushmadi. Ko‘pchilikning ta’kidlashicha, ularning fonida 25 yoshli Gomes ancha yengil vaznli bo‘lib ko‘rinadi, Hillari Klinton va Serena Uilyamsni Gomesdan farqli ravishda turli avlod vakillariga tanishtirish shart emas.

Selena Gomes kim?

Gomes kim va uning ko‘rinishi qanaqa ekanligini eslay olmasangiz ham, uning asosiy xit qo‘shiqlaridan biri Love You Like A Love Song’ni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Klip YouTube’ning o‘zida deyarli yarim milliard marta tomosha qilingan. Balki “Hammasi tip-top” yoki “Veyverli Pleys sehrgarlari” bolalar multfilmlarini ko‘rgandirsiz. Ular yosh Gomesga 2000-yillarning o‘rtalarida mashhurlik keltirgan.

Bundan tashqari, Selena Gomes Adidas uchun sport kiyimlari kolleksiyasini yaratgan va shu kunlarda Puma bilan shartnoma imzoladi, Netflix’ning  “Nima uchunning 13 ta sababi” serialiga prodyusserlik qildi va Louis Vuitton’ing yuziga aylandi. Uning Twitter’dagi obunachalari soni — 53 million, Facebook’da — 62 millionga yaqin va Instagram’da rekord darajadagi — 128 million. Selena Gomes — zamonaviy yosh pop-yulduzlardan eng mashhuri.

Time redaksiyasi bejizga uni trendsetter deb atamadi: Gomesning yuz millionlik obunachilari u bilan shartnoma tuzadiganlar uchun tayyor maqsadli auditoriyadir. Gomesning Amerikaning Coach liboslar va aksessuarlar markasi bilan bitimi marka obunachilarining 50 foizga oshishiga olib keldi. Uning Coach uchun birinchi sumkasi chiqqandan so‘ng esa kompaniya qiymati 2 foizga oshdi. Business Insider’ga ko‘ra, uning akkauntidagi bitta post narxi — 550 ming dollar.

Disney’ning yana bir yulduzi

Britni Spirs kabi Gomes ham Disney telekanalining mitti yulduzi bo‘lgan. OAVlarining qayd etishicha, Gomes ko‘p narsada Britni Spirs karyerasidan nusxa oladi, biroq Spirsdan farqli ravishda Selena Gomes hech qachon o‘rnak bo‘ladigan ijobiy pop yulduz mavqeidan uzoqlashmadi. Uning yoshi katta hamkasblari ta’kidlashicha, Selena Gomesni Disney’ning boshqa yosh yulduzlaridan vazminlik va o‘ziga ishonch ajratib turgan.

Business of Fashion’ga intervyusida Selena Gomes o‘ziga ishonch — sog‘lom tarbiya mahsuli ekanligi: uning onasi u dunyodagi eng yaxshi emas, aslida kim bo‘lsa o‘shaligicha qolishi kerakligini doim eslatib turganligini ma’lum qiladi.

Gomesni odatda “qo‘shiqchi va aktrisa” deb atashlariga qaramasdan, kinoda hozircha omadi unchalik chopmagan. “Yomon hulq” komediyasini hisobga olmaganda u katta kinorolni ijro etishga erishmadi. Hozir u Vudi Allenning nomi oshkor etilmagan filmida suratga tushayapti.

Vafodor, mehribon va saxiy

Vogue’ning “73 ta savol” rubrikasida Gomes o‘ziga uchta: vafodor, mehribon, saxiy so‘zlari bilan ta’rif beradi. “Bunday hayot tarzida samimiy va ochiq bo‘lish zarur — chunki bu ish katta masofani taqozo qiladi: ko‘pincha odamlardan uzoqdasan”, — deydi 21 yoshli Gomes InStyle’ga intervyusida. Ushbu masofani qisqartirishda unga Instagram ko‘maklashadi: aktrisa, muxlislari kabi ijtimoiy tarmoqdan kundalikdek foydalanadi.

Qo‘shiqchini ko‘p tanqid qilishadi: u to‘pig‘ini ko‘rsatgan Abu-Dabi masjididagi surati uchun ham, hatto muhojir bolalar uchun yordam dasturini bekor qilmaslik to‘g‘risidagi Oq uyga murojaati uchun ham. Selena Gomes imkon boricha samimiy ko‘rinishga harakat qilganda ham shubha uyg‘otadi. Qo‘shiqchining 2017-yil mayidagi Bad Liar klipi bilan ham shunday holat yuz bergan edi. U chiqishidan bir kun avval Gomes Instagram’ga qo‘lida “RISK” yozuvi tushirilgan sariq bilaguzukli g‘amgin suratini joyladi; u shu zahoti depressiyadagi odam obrazini ekspluatatsiya qilishda gumon qilindi. Bilaguzuk aslida haqiqiy edi: u qo‘shiqchiga bir kun avval shifoxonadan berilgan edi.

Qulab tushish xavfi

2013-yilning oxirida Selena Gomes “biroz vaqtni yolg‘iz o‘tkazish uchun” birinchi yakkaxon albomi Stars Dance’ni qo‘llab-quvvatlovchi turning bir qismini bekor qildi. Qo‘shiqchining vakillari buning narkotiklar va alkogol bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini e’lon qilishga shoshildi, tabloidlar esa shu zahoti buni Gomes va Jastin Biberning ajralishiga bog‘ladi. Ikki yildan so‘ng Gomes Billboard jurnaliga intervyuda 2013-yilda oshkor qilmagan holatni ma’lum qildi: u teri silining bir turiga chalingan. Aniqlangan xastalik tufayli u chiqishlarini bekor qilishga majbur bo‘lgan — bu unga kimyoviy muolaja va reabilitatsiya, jumladan ruhiy tiklanish uchun kerak edi. “Hammaga: nima haqida gapirayotganingizni tasavvur ham qila olmaysiz degim kelardi. O‘zimni oqlash zaruratini his qilganimdan qattiq g‘azabda edim”, — deydi qo‘shiqchi.

2015-yilda Gomesda xastalik chaqirgan depressiya va vahima hujumlari boshlandi. Qo‘shiqchi bilaguzugidagi “RISK” so‘zi hushidan ketib qolish xavfi bo‘lgan teri siliga chalingan bemorlarga beriladigan “FALL RISK” (ya’ni “yiqilib tushish xavfi”) iborasining bir qismidir.

2017-yilning 14-sentabrida Selena Gomes Instagram’ga yaqin dugonalaridan biri aktrisa Fransiya Rays bilan birga shifoxonada tushgan suratini joyladi: teri sili keltirib chiqargan asoratlar tufayli Gomesga buyrak ko‘chirib o‘tqazish talab etildi. Dugonasi unga buyragini berdi.

Shundan buyon qo‘shiqchining Instagram’dagi sahifasida sportzaldagi surati va u Puma yuziga aylanganligi haqidagi post joylandi. Uning qo‘shiqlari, filmlari va millionlab obunachilarini hisobga olmaganda bu yangiliklarning barchasi oddiy odam dunyosiga tegishlidek. Ehtimol, aynan shu oddiylik va insoniylik uning muxlislarini u tomonga og‘dirar; ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurligi sabablari haqidagi savolga Selena Gomesning o‘zi “Bilmayman” degan samimiy javobni beradi.

“Daryo”ning YouTube’dagi rasmiy sahifasiga obuna bo‘ling

Опубликовано: admin (11-10-2017, 15:15)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 150) ( 0) ( 148) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют