» » O‘zbekiston Prezidenti meva-sabzavot eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash haqida qaror imzoladi

O‘zbekiston Prezidenti meva-sabzavot eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash haqida qaror imzoladi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni “Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Bugungi kunda eksportga yo‘naltirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining 90 foizidan ortig‘i kichik ishlab chiqaruvchilar tomonidan yordamchi xo‘jaliklarda, shu jumladan tomorqa uchastkalarida yetishtirilmoqda.

Mazkur ishlab chiqaruvchilar chet el xaridorlari bilan shartnomalar tuzish va ruxsat beruvchi tartib-taomillardan o‘tishi lozimligi sababli mahsulotlarini mustaqil ravishda eksport qilish imkoniyatiga ega emas.

Shuni hisobga olgan holda, Prezidentning qarori bilan tadbirkorlik subyektlariga eksport kontrakti tuzmasdan ularning to‘lovi va yetkazib berilishi bo‘yicha shartlarga rioya qilgan holda invoys asosida meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini amalga oshirish huquqi berildi.

“Qaror bilan bojxona organlari tomonidan eksport qilinayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining tabiiy yo‘qotish normativini hisobga olish tartibi mavjud emasligi bilan bog‘liq boshqa muammoli masala o‘z yechimini topdi”, — deyiladi qaror sharhida.

Hisobga olinmagan tabiiy yo‘qotish asossiz debitor qarzdorlik yuzaga kelishiga, tegishlicha, kelib tushmagan valyuta mablag‘larining 70 foiziga qadar miqdorda jarima qo‘llanilishiga olib kelgan.

Bundan kelib chiqqan holda, qisqa muddatda eksport qilingan meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, tashish va sotishda tabiiy yo‘qotish normativlari, shuningdek, ularning faktura qiymatiga tuzatishlar kiritish tartibini belgilash topshirildi.

Keyinchalik eksport qilish uchun fuqarolardan meva-sabzavot mahsulotlarini sotib olish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarning faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar nazarda tutildi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar kelgusida jismoniy shaxslar tomonidan mahsulotlarning yetishtirilganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilmasdan qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Agar eksport qiluvchida oldin amalga oshirilgan eksportga yetkazib berish bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik mavjud bo‘lsa, faqat muddati o‘tgan debitor qarzdorlikka yo‘l qo‘ygan chet el xaridoriga tovarlarni chiqarish ruxsat etilmaydi.

Shu bilan bir qatorda, qaror bilan meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish ko‘rik hujjati tuzilganidan keyin 3 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladigan tartib joriy etildi.

Meva-sabzavot va tez buziladigan mahsulotlarning eksporti uchun zarur bo‘lgan sertifikat berish muddati eksport qiluvchi tomonidan hujjatlar taqdim qilingan vaqtdan boshlab bir ish kuniga qadar qisqartirildi.

Amaldagi import bojxona bojlari, aksiz solig‘i va yig‘imlar stavkalari, shuningdek, xorijiy mamlakatlardagi sanitariya normalarini tanqidiy o‘rganish maqsadida O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining savdosi va eksporti sohasidagi xalqaro shartnomalari inventarizatsiyadan o‘tkaziladi.

Uning yakunlari bo‘yicha yangi xalqaro shartnomalar tuzish va amaldagilarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.

Shuningdek, Prezident tomonidan O‘zbekistonda berilgan muvofiqlik sertifikatlarining mahalliy meva-sabzavot mahsulotlari asosiy iste’mol qilinadigan davlatlarda tan olinishi, shuningdek, laboratoriyalar modernizatsiya qilinishini ta’minlash choralarini ko‘rish topshirilgan.

Mazkur topshiriqning amalga oshirilishi mahalliy yetkazib beruvchilar xorijiy bozorlarda ularning mahsulotlari meva-sabzavot mahsulotlarini potensial import qiluvchi ko‘pgina mamlakatlar standartlari, sanitariya va fitosanitariya talablariga muvofiq kelmasligi bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etish imkonini beradi.

Qarorda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish sohasida infratuzilmalarni yaratish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu maqsadda haqiqiy ehtiyoj hamda xalqaro va xorijiy moliya institutlarining chet el investitsiyalari hisobiga meva-sabzavot mahsulotlarini tashish yo‘nalishlarini o‘rganish asosida meva-sabzavot mahsulotlarini ishlash, saqlash va tashish bo‘yicha logistika markazlari tashkil etiladi.

Hozirgi vaqtda mahalliy ishlab chiqaruvchilar yetishtirgan mahsulotlari, ularning navi va narxlari, shuningdek, chet el xaridorlari tomonidan ularni sotib olish uchun buyurtmalari to‘g‘risidagi foydalanilayotgan tarqoq axborot bazalari import va eksport qiluvchilar uchun yagona portalga birlashtiriladi.

Meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini rivojlantirish bo‘yicha qayd etilgan chora-tadbirlar bilan birga, O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan ishchi guruh tashkil etildi va unga 2018-yil 1-fevralga qadar milliy bojxona tartib-taomillari va eksport-import operatsiyalarini xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar tayyorlash va hukumatga kiritish vazifasi yuklatildi.

Mazkur qaror tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish va meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ish sharoitlarini yaxshilash imkonini beradi.

Опубликовано: admin (6-11-2017, 21:45)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 54) ( 0) ( 53) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют