Kumush Razzoqovaning prodyuseri Vladimir Baramikov vafot etdi
“O‘zbekkino” milliy agentligi va O‘zbekiston kinochilar birlashmasi bastakor Vladimir Baramikov 68 yoshida vafot etganini ma’lum qildi. Bu haqda 1News xabar bermoqda.
Dafn marosimi ertaga, 15-noyabr kuni soat 12:00 da bo‘lib o‘tadi.
Musiqachi, bastakor, ovoz rejissori, prodyuser, UNA Records studiyasi bosh direktori Vladimir Baramikov 1949-yil 3-may kuni Toshkentda tug‘ilgan. 1974–1978-yillarda Qarshi davlat musiqa ta’lim dargohining musiqa nazariyasi klassini, 1985–1991-yillarda Toshkent davlat madaniyat institutining ommaviy bayramlar rejissori fakultetini tamomlagan.
1978-yili “O‘zbekkonsert” konsert birlashmasiga ishga taklif qilindi. U yerda “Sado” ansamblini yaratdi.
Jamoa tarkibiga Kumush Razzoqova, Aziza Muhamedova va Mila Romanidi uchligi kirdi. 1982-yildan boshlab ansambl dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, Madagaskar, Seyshel orollari, Tanzaniya, Ruanda, Efiopiya, Vyetnam, Laos, Tanzaniya, Germaniya, Avstriya, Shveysariya, Afg‘onistonda gastrol safarlarida bo‘ldi.
1987-yildan Vladimir Baramikov “Navo” ansambliga boshchilik qildi, 1992-yildan esa UNA Records studiyasi direktori hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kumush Razzoqovaning prodyuseriga aylandi.
Baramikov 150 dan ortiq hujjatli va badiiy filmlar uchun original musiqalar yozdi.