» » Nega o‘zimizda chiqqan Ravon O‘zbekistondan ko‘ra Rossiyada arzon?

Nega o‘zimizda chiqqan Ravon O‘zbekistondan ko‘ra Rossiyada arzon?


Bozorning yopiqligi va haqiqiy raqobatning yo‘qligi mahalliy xaridorlarni eksport bozorida ancha arzon turadigan mahsulot uchun ortiqcha pul to‘lashga majbur qiladi. “Kommersant.uz” nashri bu borada o‘zining tahliliy maqolasini taqdim etdi.

Joriy yil yoz oyilarida GM Uzbekistan kompaniyasi Asaka zavodiga press-tur tashkil etdi. Matbuot konferensiyasida kompaniya vakillari jurnalistlarga eksport bozorlarida avtomobillar narxlari ichki bozordagi zavod narxlariga teng yoki ulardan yuqoriroq ekanligini ta’kidladilar. Taqdimot 2017-yil iyulida, o‘zbek so‘mining devalvatsiyasidan oldin o‘tkazilgandi.

“Autostrada.uz” sayti GM Uzbekistan ishlab chiqargan, ichki bozorda sotilayotgan Chevrolet avtomobillari va Ravon avtomobillarining bir xil komplektatsiyalari narxlarini taqqosladi.

Qiyoslash oson bo‘lishi uchun narxlar markaziy banklarning 2017-yil 12-noyabrdagi kurslari bo‘yicha AQSh dollarida ko‘rsatildi (O‘zbekiston uchun: 1$=8067,62 so‘m, Rossiya uchun: $1=59,28 rubl). Komplektatsiyalar va narxlar “Ravon.ru” va “Chevrolet.uz” rasmiy saytlari, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiyadagi avtosalonlarning ofertalari bo‘yicha tahlil etildi.

O‘zbekistonda eksport uchun mo‘ljallangan Ravon R2 Elegant AT avtomobilini xarid etishda iste’molchi 3,17 million so‘m ortiqcha to‘laydi. Chevrolet Spark LT AT esa, Rossiyada sotiladigan Ravon R2’ning eng to‘liq komplektatsiyasidan ham $88 qimmatroqqa aylanadi. Holbuki, xavfsizlik va qulaylik opsiyalari mahalliy bozor uchun chiqarilayotgan modellarda sezilarli darajada past.

Nexia R3’ning ichki va tashqi bozor uchun opsiyalari yo‘ldagi shoshilinch yordam uchun mo‘ljallangan ERA-GLONASS tizimi, kurs barqarorligi tizimi (ESC), shuningdek, shinalardagi bosim datchiklari mavjudligi bilan farqlanadi.

Shu bilan birga, Chevrolet Nexia R3 qo‘shimcha xavfsizlik tizimlariga ega emasligiga qaramay, u O‘zbekistonda ancha yuqori – Rossiyadagi eng qimmat Ravon Nexia R3’dan 7,2 million so‘m qimmatroq turadi.

Tashqi bozor uchun Elegant AT ijrosidagi Ravon Nexia R3ning narxidagi farq bundan ham katta. O‘zbekiston avtosalonlarida bu talqinni Rossiyadagi analogiga qaraganda $1125 (9,1 million so‘m) qimmatroqqa xarid qilish mumkin.

Mahalliy ishlab chiqarish mahsuli bo‘lgan avtomobil naqliyot, bojxona to‘lovi va boshqa xarajatlarni talab qiluvchi eksport bozoridagiga qaraganda, ichki bozorda $1000 dan ham yuqoriroq narxda sotilmoqda. Ravon dilerlari xaridorlarga yana chegirmalar ham taklif qiladilar (sharhda ular e’tiborga olinmadi). Qiziq holat, shunday emasmi?

Bir xil avtomobil ishlab chiqarilgan mamlakatda eksport bozoridagiga qaraganda qimmatroq turishi mumkinmi? Yuqorida keltirilgan namunadagi 9,1 million so‘mlik qo‘shimcha qiymat qayerdan keldi?

Chevrolet Cobaltda ham ahvol xuddi shunday. Eksport bozorlari uchun chiqarilgan avtomobilning O‘zbekistondagi dilerlardagi narxi Rosiya avtosalonlaridagiga qaraganda 14,1 million so‘mga yuqoriroqdir. Chegirma va aksiyalarni hisobga olmaganda.

Narxdagi bunday katta farqni biror bir holat bilan izohlab bo‘lmaydi.

Ichki bozorda avtomobilning eng to‘liq komplektatsiyasi Rossiyadagi, xuddi shunday komplektatsiyaga ega eng qimmat Ravon R4 narxidan 11,6 million so‘m qimmat turadi. Holbuki, Rossiyadagi talqinida ERA-GLONASS o‘rnatilgan, uning sertifikatsiyasiga picha pul sarflanganligi aniq.

O‘xshash komplektatsiyalardagi modellarni solishtirganda narx jihatidan afzallik aslo mahalliy iste’molchiga kulib boqmaydi – bu ham ichki, ham tashqi bozorlardagi barcha modellarga taalluqli.

Ravon R4 Optimum MT, jihozlanishiga ko‘ra, Chevrolet Cobalt LT ga o‘xshaydi. Ikkala avtomobil ham konditsionerga, elektr oyna ko‘targichlar, ikkita xavfsizlik yostiqchasiga ega. Ravon jiholanishi dabdabaliroq: bort kompyuteri, Bluetooth va USB’li audiotizim, rulni balandlik bo‘yicha sozlash, haydovchi o‘rindig‘ini balandlik va yostiq qiyaligi bo‘yicha sozlash, salon orqa qismini yoritish. Cobalt esa, USB’siz eski audiotizim bilan kifoyalanadi, bort kompyuteri va boshqa qulaylik opsiyalari faqat LTZ – yuqoriroq komplektatsiyada mavjud.

Ravon R4 Optimum MT, maqola chop etilgan paytda, 539 000 rubl turardi, bu $9092 degani. Chevrolet Cobalt LT (“ikkinchi pozitsiya”) O‘zbekistonda 83 865 970 so‘mga sotiladi, bu $10 395 ga teng. Opsiyalar kam bo‘lishiga qaramay, naqd $1300 lik farq yaqqol seziladi.

Sharhimiz chempioni. LTZ AT komplektatsiyasidagi Chevrolet Lacetti Rossiyadagi xuddi shunday Ravon Gentra Elegant ATdan 25,65 million so‘mga qimmatroq.

25,65 million so‘m, oshna! Bu Chevrolet Matiz narxining yarmi degani.

Ravon Gentra sertifikatsiyadan o‘tgan va bortida “ERA-GLONASS” tizimiga ega. Shunday bo‘lsa ham, ichki bozor uchun chiqarilgan egizagiga qaraganda Rossiyada arzonroq turadi.

Biz eng qimmat komplektatsiyalarni solishtirdik, chunki avtomobillarning eksport talqinlari opsiyalar bo‘yicha kuchli farqlanadi va boshlang‘ich komplektatsiyalarni qiyoslash to‘g‘ri bo‘lmas edi.

Keling, avtomobillarning o‘rtacha narxlariga barcha komplektatsiyalar va opsiyalarni hisobga olgan holda nazar tashlaymiz. Chevrolet avtomobillari uchun biz ham standart komplektatsiyadagi, ham ichki bozorda sotiladigan Ravon variantlarining narxlarini inobatga olamiz.

Bir narsani oldindan aytamiz: Ravon ichki bozorda har qanday holatda Rossiyadagi egizagidan qimmatroq turadi. Bir xil mashina, bitta zavod, komplektatsiya ham bir xil. Lekin O‘zbekistonda bu avtomobil qimmatroq.

“Eksport sotuvlar xorijiy valyutada amalga oshiriladi, mamlakat iqtisodiyoti uchun esa valyuta kerak”, – deysiz.

O‘zbekistonda-chi? Biz mahalliy avtosanoat mahsulotini konfet qog‘ozlariga sotib olyapmizmi? Valyuta liberalizatsiyasidan oldin, alalxusus, hamma avtomobillarni AQSh dollariga xarid qilardi.

Eksport bozorlarida GM Uzbekistan avtomobillari dabdabaliroq jihozlangan va ichki bozordagiga nisbatan $1465 ga arzon turadi. O‘ylab ko‘ring, Ravon avtomobili yaxshiroq jihozlangan, uzoqroq kafolat muddatiga ega (O‘zbekistondagi 1 yil yoki 20 ming kilometr yurishga qiyoslaganda, 3 yil yoki 100 ming kilometr yurish), lekin egizagi Chevroletga nisbatan qariyb 12 million so‘mga arzon.

Bir xil avtomobillar uchun narxlarning hayratlanarli darajada turlichaligi hafsalani pir qiladi va izohga ham hojat qoldirmaydi.

Barcha sa’y-harakatlar va avtomobillarni sotishga bo‘lgan yondashuvning o‘zgarishiga qaramay, GM Uzbekistan mahalliy iste’molchilarga eksport bozorlardagiga qaraganda kamroq opsiyalarni ko‘proq pulga sotmoqda.

Bunday vaziyatni ichki bozorda raqobat yo‘qligi bilan oson tushuntirish mumkin, chegara ortida esa iste’molchi tanlovi uchun qattiq raqobat ketadi, bu ham narxlarda, ham opsiyalar va servisda o‘z aksini topadi.

O‘zbekiston avtomobil bozori bojxona bojlari va aksizlar bilan himoyalangan. Mahalliy avtosanoat 21 yildan buyon issiqxona sharoitida ishlamoqda.

Ustiga-ustak, xaridor avtomobil narxining 85 foizini to‘lab qo‘yib, tovar yetkazib berilishini 60 ish kuni (taxminan 3 oy) kutadi, bu bilan GM Uzbekistanga foizsiz kredit taqdim etadi.

Yopiq bozor va real raqobatning yo‘qligi mahalliy xaridorlarni tmahsulot uchun ortiqcha pul to‘lashga majbur qiladi. Qolaversa, GM Uzbekistan zavodida ishlab chiqarishning qisqarishi “Ravon Motors Rus” MCHJga futbol bo‘yicha Rossiya terma jamoasi homiysi bo‘lishiga, Ravon brendi esa, sotuv hajmi bo‘yicha 2016 yilga nisbatan keskin o‘sish ko‘rsatishiga xalaqit bermadi. Bu o‘sish marketing fiksiyasi ekanligiga ko‘z yuma qolamiz.

Mahalliy avtomobillar eksporti gap nimadaligini ko‘rsatmoqda. Tashqi bozor konyunkturasidan kelib chiqib, Ravon avtomobillarida qo‘shimcha xavfsizlik va qulaylik opsiyalari o‘rnatilgan, ular haqida mahalliy Chevrolet faqat orzu qilishi mumkin. Raqobat – har qanday tarmoqdagi o‘sish omilidir.

Kelib chiqadiki, GM Uzbekistan sizu bizning hisobimizdan Ravon avtomobillarining raqobat afzalliklarini – opsiyalar boyligi va past narxlarni ta’minlamoqda va bu bilan avtomobillarning xorijga eksportini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Biroq, muqobil yo‘l yo‘q. Budjet segmentda import avtomobillar mahalliy avtomashinalarga qaraganda qimmatroq. Bu yopiq zanjirni mahalliy avtosanoatdagi proteksionizm siyosatini to‘xtatish orqaligina parchalash mumkin.

Опубликовано: admin (15-11-2017, 13:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 100) ( 0) ( 98) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют