Avtotest asoschisi O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi etib tayinlandi
Komil Allamjonov O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi — Prezident Ijro apparati boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda “Daryo”ning ishonchli manbasi ma’lum qildi.
Tayinlov haqidagi farmon va Prezident matbuot xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror Shavkat Mirziyoyev tomonidan 1-dekabr kuni imzolangan.
Komil Allamjonov 1984-yilda tug‘ilgan Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 2006-yilda O‘zbekiston Davlat va madaniyat institutini, 2010-yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.
2002—2004-yillarda Favqulodda vaziyatlar vazirligida bosh mutaxassis, Axborot xizmati xodimi sifatida ishlagan. 2004—2005-yillarda Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) axborot xizmatida bosh mutaxassis, 2005—2009-yillarda DSQ axborot xizmati boshlig‘i vazifasini bajaruvchi, 2009—2013-yillarda DSQ axborot xizmati boshlig‘i — qo‘mita matbuot kotibi lavozimlarida ishlagan.
Komil Allamjonov O‘zbekistonda ommabop hisoblangan Avtotest elektron qo‘llanmasi asoschisi hisoblanadi. Bundan tashqari, 2017-yil sentabrida Toshkentda Milliy telekanali tomonidan o‘tkazilgan “O‘zbegim” festivalida rekord palov uchun topshirilgan maxsus sertifikatni loyiha muallifi sifatida qabul qilib olgan edi.