“Paxtakor”ni Sherzod Karimovdan keyin Igor Sergeyev ham tark etdi. Chempionlar Ligasiga esa 33 kun vaqt qoldi
Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi hujumchi Igor Sergeyev bilan xayrlashdi. Klub matbuot xizmatining xabar berishicha, Sergeyev faoliyatini Amirliklarning “Al-Dafra” klubida davom ettiradi.
Bungacha “Paxtakor” 2008-yildan buyon o‘z sharafini himoya qilib kelayotgan Sherzod Karimov bilan xayrlashganini ma’lum qilgandi. Ma’lumotga ko‘ra, Karimov shu vaqt ichida “Paxtakor” uchun 178 ta o‘yinda maydonga tushib, 24 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi.
Igor Sergeyev esa Toshkent grandi uchun 121 ta o‘yinda harakat qilgan. U 2009-yil jamoasi bilan professional shartnoma imzolagandi. Shu vaqt ichida “sherlar” uchun 64 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Avvalroq O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov Samvel Babayan masalasida interyu berib, uning termadagi asosiy maqsadi futbolchilarni xorij klubiga sotishdan iborat bo‘lganiga oydinlik kiritgandi. “Paxtakor”ning Sergeyev bilan shartnomasi yakuniga yetib, “Al-Dafra” safiga erkin agent sifatida qo‘shildimi yoki Amirlik jamoasi toshkentliklar hisob raqamiga pul o‘tkazib berdimi, aniq emas.
Jamoaning Telegram’dagi kanali xayrlashilgan uch inson suratini umumiy ko‘rinishga keltirgan. Sherzod Karimov hamda Igor Sergeyev fonida “Metallurg” bosh murabbiyi sifatida e’lon qilingan Andrey Shipilov nomi ham bor.
“Paxtakor” Chempionlar Ligasining guruh bosqichiga yo‘llanma olish uchun 30-yanvar kuni pley-off bosqichida Qatarning “Al-Garafa” klubiga qarshi maydonga tushadi.