» » Fotoreportaj: O‘z imkoniyatlaridan oqilona foydalanmayotgan Oqdaryodagi maktab-internat

Fotoreportaj: O‘z imkoniyatlaridan oqilona foydalanmayotgan Oqdaryodagi maktab-internat


O‘zA Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 63-maxsus yordamchi maktab-internatiga hukumat tomonidan yetarlicha e’tibor qaratilgan bo‘lsa-da, undagi sharoitlar achinarli ahvolga kelib qolgani tasvirlangan suratlarni taqdim etdi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli ushbu ta’lim muassasasida bugungi kunda 297 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga 106 nafar o‘qituvchi va tarbiyachi saboq beradi.

Muassasa rahbari M.Saidmurodovning aytishicha, dastur asosida 2013-yilda maktab yotoqxonasi ta’mirlanib, o‘quvchilar uchun zamonaviy qulayliklar yaratilgan. Tabiiy gaz va ko‘mir bilan isitishga mo‘ljallangan qozonxona o‘rnatilgan. Gaz bosimi pasayganda ko‘mirdan foydalaniladi. O‘tgan yili esa 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ sarflanib, o‘quv binosi va sport zali kapital ta’mirlangan. Bino isitish tizimi yangilangan. Joriy mavsum uchun maktabga 69 tonna ko‘mir ajratilgan. Lekin ayrim sinflarda o‘qituvchi va o‘quvchilar paltoda o‘tirgani binoning yetarli darajada isitilmayotganini ko‘rsatadi.

Maktab hovlisida tashkil etilgan ikkita issiqxonada bugungi kunda ko‘kat va limon parvarishlanayotgani e’tiborga loyiq, albatta. Ammo ana shu katta hovlidagi bolalar maydonchalari va sport maydonlarining qarovsizligi, ma’nan eskirgan qurilmalardan foydalanilayotgani tushunarsiz. Yotoqxona binosi oldidagi bolalar maydonchasidagi o‘tirg‘ich va o‘yin qurilmalari allaqachon yaroqsiz holga kelib qolgan. Yo‘laklar chetidagi panjaralarga bolalarning yuvilgan kiyim-kechaklari ilib qo‘yilganini ko‘rib, nahotki muassasada kirxona bo‘lmasa, degan savol tug‘iladi. Kirxona bor, buning ustiga zamonaviy yuvish, quritish, dazmollash uskunalari ham o‘rnatilgan. Shunday imkoniyat bo‘laturib, nega kir tashqarida quritilmoqda?

Hovlidagi hojatxona antisanitariya holatida bo‘lishi barobarida, bolalarning yuz-qo‘l yuvishiga mo‘ljallangan vositalar ham o‘tgan asrdan meros qolgan eskicha usulda – suv quvuri bir necha joyidan teshib qo‘yilgan, xolos.

Muassasa xodimlari yotoqxonada har tomonlama qulay hojatxona, yuvinish xonalari borligini aytishgan va qulflangan bu xonalarni ochib ko‘rsatishgan. Haqiqatdan ham, bu yerga suv isitish vositalari o‘rnatilgan. Lekin ulardan qachon foydalaniladi?

Yotoqxonalarda divanlar qo‘yilgan. Ammo bu yerda kiyim-kechak, shaxsiy gigiyena vositalarini saqlash imkoniyati yo‘q. Mas’ullar bu vositalar har bir guruhning ishchi xonasida saqlanishini aytishdi. Lekin biz ko‘rgan bitta ishchi xonada ham kiyim-kechak saqlash uchun shkaf, amalda foydalanilayotgan shaxsiy gigiyena ashyolari to‘liq emas edi. Boshqa ishchi xonalar kaliti tarbiyachilarda ekani sababli ularni ko‘rishning imkoni bo‘lmadi.

O‘g‘il bolalarga mo‘ljallangan uchinchi qavatda birorta ham ishchi xona yo‘q. Bundan shunday xulosa chiqadiki, bu qavatda turadigan o‘quvchilar sochig‘i, sovun yoki tish pastasini olish uchun birinchi yoki ikkinchi qavatga tushishi kerak.

Oshxonaga kirishda o‘quvchilar kiyimini yechib qo‘yishlari uchun shkaf yoki ilgichlar yo‘q. Bu yerda ham qo‘l yuvish vositalari mavjud, ammo ulardan yaqin orada foydalanilmagani shundoq ko‘rinib turibdi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (18-01-2018, 11:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 61) ( 0) ( 60) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют