» » Samvel Babayan futboldan millati uchun chetlatildimi yoki nafsi?

Samvel Babayan futboldan millati uchun chetlatildimi yoki nafsi?


Samvel Babayanni sizga ortiqcha tanishtirib o‘tirmayman. Futbolga qiziqqan o‘zbekistonlik borki, uni yaxshi taniydi.

Bir necha kun oldin O‘FF qarori bilan Babayan futboldan chetlashtirildi. Bunga asos sifatida “Paxtakor” futbolchilari bilan bog‘liq ishi ko‘rsatib o‘tilgan. Tez orada Toshkent klubidan ketishini tushunib yetgan futbol agenti, o‘ziga tegishli bo‘lgan futbolchilarning shartnomasiga o‘zgartirish kiritgan va ularga 2018-yildan boshlab erkin agentga aylanish imkoniyatini tortiq qilgan. Birgina Igor Sergeyev “Paxtakor”ni qay tariqa tark etgani bunga isbot bo‘lsin.

Babayan JCh—2018 saralash bosqichining 3-raundida ketma-ket g‘alaba qozonishni boshlagach, unga tahsin o‘qiydiganlar ko‘payib qoldi. Ammo bu kishini yoshligimdan yaxshi bilgan inson sifatida, unga bo‘lgan pozitsiyamni o‘zgartirmadim. Ishonardimki, Filippin, Bahrayn, Yaman kabi raqiblarni o‘zbekistonlik futbolchilar bosh murabbiysiz ham mag‘lub eta olardi. Shuning uchun ham hal qiluvchi bosqich uning saviyasiga oydinlik kiritib berishini kutdim.

Va biz ko‘rdik, Eron ham, Janubiy Koreya ham, Xitoy ham O‘zbekiston ustidan zafar quchdi. O‘z sarhadlarida o‘ynash imkoniyatidan mahrum Suriya ham Babayan shogirdlaridan ustun keldi. U qo‘li ostidagi futbolchilarni tarixdagi eng yaxshisi deb atagan bo‘lsa-da, JCh saralashlarining so‘nggi uchta sikli bo‘yicha eng yomon natija qayd etdi. Boisi, bungacha O‘zbekiston terma jamoasi hech bo‘lmasa pley-offlarga yetib borayotgandi. Babayan shakllantirgan jamoa esa 4-o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmadi. Biz Avstraliya, Yaponiya kabi kuchli raqiblar duch kelmaganida ham shu ahvolda qoldik.

Ammo unutmaylik, O‘FFning na yangi va na eski rahbariyati aynan shuni bayroq qilib, Babayanni futboldan chetlashtirmadi. Chunki muvaffaqiyatsizliklar sportda bor narsa. Biroq shartnomalarni o‘z manfaati yo‘lida qonunga zid ravishda buzadigan inson har qanaqasiga aybdor. Babayan shuning uchun ham futboldan chetlashtirildi.

Yosh futbolchilarning oyog‘ini qanday sindirish kerakligini boshqa bir yosh futbolchiga o‘rgatishi mumkin bo‘lgan Babayan hech qachon ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. O‘sha-o‘sha unga na inson va na mutaxassis sifatida yuqori baho bera olmayman. Uni o‘z manfaati yo‘lida hech narsadan tap tortmaydigan kishi sifatida gavdalantiraman. Va hozir uning siymosi naqadar pastkashlikka sabab bo‘lishi mumkinligini qolganlarga ko‘rsatish imkoniyatidan foydalanmoqchiman. Buning uchun siz Armaniston saytlaridan birida chiqqan quyidagi maqolani o‘qib chiqishingiz kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston yuzdan ortiq millat vakillari tinch va totuv hayot kechiradigan mamlakat. Rostini aytsam, Babayan haqida maqolalar yozganimda ham va hatto futboldan chetlatilganida ham uning arman millatiga mansub ekani xayolimga kelmagandi. Men uni qanchalik yomon ko‘rmayin, O‘zbekistonning bir bo‘lagi sifatida ichimga singdirib yuborgandim. Va bugun ko‘rdimki, eng so‘nggi chora sifatida biz qanday ayblovlar bilan to‘qnashyapmiz.

To‘g‘ri, bunda Babayanning qo‘li bo‘lmasligi mumkindir. Ammo menga juda qiziq tomoni bor, O‘FF yaqindagina Vadim Abramovni ham futboldan chetlatdi. Nega u haqda bu kabi maqolalar ko‘rmadik? Nega Armaniston jurnalisti aynan Babayandan keyin oyoqqa turdi? O‘z vaqtida Yuriy Sarkisyan Farg‘onaning “Neftchi” klubidan haydaldi. Biroq biz o‘sha vaqtda ham bu kabi pastkashlik, millatchilik guvohiga aylanmadik. Aytishim kerakki, bu maqola keng muhokama bo‘layotgan bir vaqtda, Babayan bu borada bir og‘iz chiqish qilishni hozircha o‘ziga ep ko‘rmadi.

Biz kamida Abramovni ham, Sarkisyanni ham, Babayanni ham o‘zimizning odamlar sifatida ko‘rib o‘rganib qolgandik. Va millatchi bo‘lmaganimiz uchun ham futboldagi bu insonlarning har biriga o‘z vaqtida mamlakatning bosh jamoasini ishonib topshirdik. Bizda Arevat Grigoryan degan jurnalist, Artur Grigoryan degan bokschi, Armen Bagdasarovdek murabbiy, Tamaraxonim kabi insonlar qadr topdi, o‘sha Farg‘onadan ketgan Sarkisyan kabi mutaxassislarning o‘zbek futboli uchun qilgan mehnatlari unutilmay, uning kabi kishilar “Bunyodkor”da qadr topdi, farg‘onalik yuz minglab muxlislar unga hurmatini bajo keltirdi. Va ishonamanki, bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

Babayan kabi insonlar fonida esa nafaqat futbol loyqalanadi, balki o‘zbek-arman munosabatlari ham harakatga keladi. Men buni istamasdim, qaysi millatga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar, Babayanni o‘zim uchun shaxs sifatida o‘ldirib bo‘lganman. Uning kabi ahvolga tushmagan arman do‘stlarimizga esa cheksiz hurmatlarim bo‘lsin.

O‘FF rahbariyati Babayanning faqatgina bitta ishini fosh qildi. Vaholanki, futboldagi bir necha yilim davomida turli futbolchi va jurnalistlar tomonidan uning hozirgacha isbotlanmagan qolgan ishlari haqida ko‘p eshitganman. Qaysidir ma’noda undan zarar ko‘rgan va buni ommaga chiqarishdan qo‘rqqan, tegishli organlarga arz qilishdan cho‘chigan futbolchi-yu murabbiylar bo‘lsa, marhamat, qing‘ir ishning qiyig‘i 40 yildan keyin bo‘lsa ham chiqishiga umid bor. O‘tgan ishga salovat aytmay, haqiqat qaror topishi uchun kurashib ko‘ring.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (18-01-2018, 11:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 80) ( 0) ( 78) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют