» » Kelajak kasblari: Robotlar bilan raqobatda muvaffaqiyat qozonish uchun nimalarni o‘rganish kerak?

Kelajak kasblari: Robotlar bilan raqobatda muvaffaqiyat qozonish uchun nimalarni o‘rganish kerak?


O‘sib borayotgan notenglik, jarayonlarning avtomatlashuvi hisobiga keraksizga aylanayotgan kasblar va shiddat bilan o‘zgarayotgan mehnat bozorining boshqa muammolari bizni bugunoq asabiylashish va kelajak dunyosidagi o‘z o‘rnimiz haqida qayg‘urishga majbur qiladi.

2050-yilga kelib tajriba, mahorat va ma’lumoti hech kimga kerak bo‘lmagan odamlarning yangi toifasi yuzaga keladi. Bu kabi “foydasiz insonlar” uchun mos keladigan ish topilmay qoladi, deb yozadi Hi-Tech.Mail.ru.

Ularning paydo bo‘lishini mashhur futurologlardan biri, tarixchi va yozuvchi Yuval Noy Xarari o‘zining oxirgi kitoblaridan biri Homo Deus’da bashorat qilgan. Olimning ta’kidlashicha, bunday istiqbol iqtisodiyot, siyosat yoki hatto san’at bobida hech qanday qimmatga ega bo‘lmagan, jamiyatning gullab-yashnashiga imkon tug‘dirmaydigan kishilarga tahdid qiladi.

Joriy yilda chop etilgan “Kelajak kasbi. Qaysi kuchlar 2030-yilgi voqelikni shakllantiradi” tadqiqotiga ko‘ra, Xitoy, Germaniya, Hindiston, Britaniya va AQShning so‘rovnomada qatnashgan fuqarolarining 74 foizi kasbiy talabgirlikni saqlab qolish uchun yangi ko‘nikmalarni egallash va hatto mutaxassisligini to‘liq o‘zgartirishga ham tayyor.

Ishtiyoq va moslashuvchanlik

“Ota-onalarim avlodi o‘z hayoti davomida o‘rtacha beshta ishni almashtirgan. Bizning avlod bu ko‘rsatkichni o‘ntagacha oshirdi. Keyingi avlodlardan ham xuddi shunday dinamikani kutish kerak”, — deydi ishonch bilan DIY va JAM 3 ta’lim servislari asoschisi, shuningdek, Vimeo asoschisi va dizayneri Zak Klyayn.

“Endilikda butun hayotni bitta ko‘nikmani rivojlantirishga sarflash va bundan karyera qilish imkonsiz. Bu davr o‘tmishda qoldi”, — deydi Zak Klyayn.

Xararining ta’kidlashicha, bolalar hozirda maktablarda egallayotgan ko‘nikmalarning aksariyati ular 40 yoshga kirganda o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Klyayn bolalarni kelajak kasblariga tayyorlashni ta’lim tizimini isloh qilishdan boshlash kerak deb hisoblaydi. U o‘z loyihalarida istalgan yoshdagi o‘quvchi boshqa bolaga nimanidir o‘rgatishi yoki o‘z natijalari bilan katta yoshli bolalarni hayratga solishi, shuningdek, o‘z ishi haqida fikrlar olishi mumkin bo‘lgan muhitni yaratishga urinadi.

“Maktabda bolalarni ular uchun haqiqatda qiziqarli narsalardan chalg‘itish va ma’lum bir ko‘nikmaga e’tibor qaratishga majburlashga urinamiz. Biroq bu ularda allaqachon bor! Biz shunchaki ularni bitta narsaga e’tibor qaratishga majburlashni to‘xtatishimiz kerak”, — deydi Zak.

Yoshlikda aniq bir kasbni egallagan kishilar ulg‘ayganda jamiyat ortiq bu kasbga ehtiyoj sezmayotganligini tushunib yetishini hozir ham ko‘rishimiz mumkin. Klyayn fikricha, buning oldini olish uchun kishilarni bolalikdan moslashuvchan bo‘lish va ularda qiziqish uyg‘otmaydigan mashg‘ulotlardan oson voz kechishga o‘rgatish lozim.

Neyrotarmoqlar — dushman emas, do‘st

Sun’iy intellekt asosida yangi ta’lim tizimini ishlab chiqaruvchi Sana Labs kompaniyasi o‘quv jarayonini personalizatsiya qilishga e’tibor qaratadi. Sana yaratuvchisi va rahbari Joel Xellermark uchta omil: personalizatsiyalashgan ta’lim, neyrotarmoqlardan foydalanish va onlayn-ta’limni birlashtirishni muhim deb hisoblaydi. Uning loyihasi bosh maqsadi — o‘quvchining o‘quv jarayoniga bo‘lgan diqqati va qiziqishini imkon boricha ko‘proq vaqt saqlab turishni o‘rganish. Xellermark va uning jamoasi bunga “aqlli” dasturlar yordamida erishishni rejalashtirmoqda.

“Yo‘qotilgan Eynshteynlar”

Biroq innovatsion ta’lim tizimlari ham bolalardan qay biri u yoki bu ilmiy sohada kashfiyot qilishga qodir bo‘lishini aniqlash imkonini bermaydi.

“Biz bolalardan qay biri trubani yaxshi chalishi, qay biri futbolda mohir ekanligini juda yaxshi aniqlay olamiz. Biroq bolalar orasidan noyob, yangi mahsulot yaratish salohiyatiga ega bo‘lganini yaxshi aniqlay olmaymiz”, — deydi biznesmen va investor Stiv Keys.

AQShda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, bola kashfiyotchi bo‘lish-bo‘lmasligiga yangi texnologiyalardan foydalana olish imkoniyati, shuningdek teri rangi, ijtimoiy maqomi va jinsi kabi omillar ta’sir ko‘rsatadi.

Bolalarni nimaga o‘rgatish kerak?

“Farzandlarimizga nimalarni aytishimiz lozim? Birinchi navbatda, ular o‘zgarib borayotgan muhitga muntazam moslashib borishi, atrofdagilar bilan aloqada bo‘lishi va eng muhimi — tenglik hissi va o‘z qadriyatlar tizimini saqlashi lozim”, — deydi PwC’da global taraqqiyot strategiyasi va yetakchilik yo‘nalishi rahbari Bler Sheppard.

“Asosiy muammo ish o‘rinlarini yaratishda emas. Balki insonlar algoritmlardan ko‘ra yaxshiroq uddalaydigan vazifalarni qo‘yishda”, — deb hisoblaydi Xarari.

Oksford universiteti olimlarining bashorat qilishicha, Shtatlarda ish o‘rinlarining yarmiga yaqini 10—20 yilda kompyuterlar bilan almashtiriladi. Ular insonni bir xil ishdan ozod qilib, unga tahliliy vazifalar, rahbarlik, jo‘shqin intellektli ishlarni qoldiradi.

“Mashinalar mehnati” asrida kambag‘allikka qarshi kurashish

Ana shunday sohalardan biri kishilarni parvarish qilish va vasiylik bo‘lishi mumkin.

“Farzandi yoki keksa buvisiga qarashni robotga topshirishni istovchi odam topilmasa kerak, shundaymi?” — deydi Samasource va LXMI loyihalari asoschisi Leyla Jana. Loyihalar umumiy maqsadga ega — yordamga muhtojlarga ishga joylashishga ko‘maklashish.

Samasource platformasi kambag‘allar uchun ish o‘rinlari qidirish, ularni o‘qitish bilan shug‘ullanadi. Loyiha saytida ma’lum qilinishicha, 2008-yildan boshlab (sayt ishga tushgan yil) 8 mingdan ortiq kambag‘al uning yordamida ish topgan.

Kelajakda, barcha bir xil ishlar mashinalarga berilganda, kambag‘allar nima qiladi? Jana masala yechimi, jumladan, vasiylik va insonlarni parvarish qilish sohasida ekanligini ta’kidlaydi.

Kelajak dunyosida ish qidirish

Sun’iy intellekt nafaqat ta’lim, balki ish qidirish jarayoniga ham muhim hissa qo‘shishi mumkin.

SmartRecruiters servisi asoschisi va rahbari Jerom Ternink fikricha, yangi texnologiyalar mehnat bozorini har qachongidan ham shaffof va samarali qiladi. Ternink o‘z firmasini bo‘sh ish o‘rinlariga nomzodlar qidirish jarayonini yanada oson va samarador qilish uchun yaratgan.

Inson salohiyatini bekorga sarflamaslik yo‘llari

“Texnologiyalar, ish o‘rinlari va mehnat kelajagi” hisobotida McKinsey kompaniyasi tahlilchilari ish o‘rinlarining ommaviy avtomatlashuvida tayanch daromadni joriy etish yechimlardan biri bo‘lishi mumkin degan xulosaga keladi.

Jana bu fikrga qarshi chiqadi: “Bu yo‘l bilan qancha yashirin daholarni qo‘ldan chiqarishimiz mumkinligini o‘ylab ko‘ring. Kishilarga shunchaki pul tarqatish — juda omadsiz yechim”.

McKinsley ekspertlari o‘z hisobotida insonning mashinalar bilan birga mahsuldor ishlashi masalasiga e’tibor qaratish hamda kreativ ko‘nikmalar va tanqidiy fikrlashga kuch sarflashni tavsiya qiladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (19-01-2018, 07:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 83) ( 0) ( 81) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют