» » Farg‘ona viloyati hokimi Aqto‘be bo‘yicha yig‘ilishda toshloqliklarni “haromi” deb atab, ularning Hajga borishini taqiqladi (audio)

Farg‘ona viloyati hokimi Aqto‘be bo‘yicha yig‘ilishda toshloqliklarni “haromi” deb atab, ularning Hajga borishini taqiqladi (audio)


Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Aqto‘beda yuz bergan fojia va uning oqibatlari muhokamasiga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi o‘tkazdi va yig‘ilish davomida Toshloq tumani aholisini Farg‘ona viloyatini butun O‘zbekistonga sharmanda qilishda aybladi. Hokimning yig‘ilishdagi chiqishidan audioyozuv parchasi “Kun.uz” tomonidan e’lon qilindi.

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 18-yanvar kuni o‘zbekistonlik yo‘lovchilarni olib ketayotgan avtobus yonib ketgan edi. Hodisa oqibatida O‘zbekistonning 52 fuqarosi halok bo‘ldi. Qurbonlarning 16 nafari Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidan.

Yig‘ilishda hokim Toshloq tumani vakillarini ayblar ekan, ularni bir necha bor “haromilar!” deb haqoratlagan, “Padaringga lan’at!” deb aytgan. Tuman hokimiga esa, agar u mard bo‘lsa, “zaldan chiqib, yo‘qolib ketishni” tavsiya qilgan. O‘z navbatida, Shuhrat G‘aniyev bu yil Toshloq tumanidan hech kim Haj ziyoratiga yuborilmasligini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, viloyat hokimi hududdagi mas’ul idoralarga barcha avtoturargoh, bekatlarda tekshiruvlar o‘tkazish, Rossiyaga ketishda gumon qilinayotgan shaxslarni tekshirish haqida ko‘rsatma bergan.

Hamma narsa mening esimda turibdi. Bular Novo-Kokandskiy zavodni berkitgan. Toshloqdan borib, miting qilib berkitgan, birlik bo‘lib, haromilar. Toshloqdan chiqqan haromilar bor edi, besh-oltita. Haromilar! Haromini haromi deydi! Kecha bozor bo‘yicha hunar qilding... Toshloqlik... E, san nomardlar...

Shuning uchun, mahalla, eshitib oling, siz ham eshitib oling, Qamariddin Fattohovichga ham aytdim: Toshloqdan birortasi Hajga bormaydi. Birortasi Hajga bormaydi Toshloqdan! Tirigi ham bormaydi, otasi ham bormaydi! Toshloqdagilarning hammasi mahrum bo‘ldi!

Shuning uchun, borib, joyida xulosa chiqarib, hisob-kitob qilasiz, tushunarlimi? Toshloqda o‘tirgan anavi ahmoq bilan savol-javob qilishning hojati ham yo‘q. Endi bo‘lari bo‘lib bo‘ldi, eshitib qo‘ysin Toshloqdagilar ham. Yana bechora viloyatdagilar homiylik qildi, 80 million so‘m. Mana, hozir bosh vazirimiz aytdilar, 5 million so‘mdan deb. Men buni ta’na qilish uchun gapirayotganim yo‘q.

Birortasi bormaydi ziyoratga! Hammasini o‘chirasiz! Bittasi ham bormaydi! Bilib turib, ko‘rib turib... Hammasi 20—22 yashar yigitlar. 1999-yilda tug‘ilgani ham bor bitta. Uylanmagan yigitlarni olib ketaveradimi? Ota-onasi nima qilib yuribdi? Endi bechora uchastkovoy aybdor bo‘ladi. Mahalla esa turibdi u yerda, tishini kavlab.

Ertaga yozsa yozaversin mening ustimdan: “G‘aniyev Hajga bormaysan dedi, falon dedi, piston dedi”, deb. Miting qilganlar shular bo‘ladi. 2005-yili, Taqir degan joyda ichki ishlar xodimlariga tosh otib quvgan ham shular bo‘ladi. Haromilar!..

Ikki-uchtadan xotin qilgani ham Toshloqdan! Sha’riy nikoh o‘qib bergan mullasi ham Toshloqdan! Xotinlarini qo‘yvorib, bolalari bilan yetim qilib, aliment to‘lamay yurgani ham Toshloqdan! Padaringga lan’at! San Toshloqdagilarning bir joying yo‘g‘on bo‘lib ketgan bo‘lsa... [...]ga yuborish kerak Toshloqdagilarni, hokimidan boshlab. Haromilarni!

Viloyatni butun respublikaga sharmanda qilganlar. Bozorni ustidan yozadigan ham Toshloqdan. Bozorda bir-biri bilan eshakmindi o‘ynaydigani ham Toshloqdan. Qo‘lingdan kelmasa, chiqib ket hozir zaldan, hokim bo‘lib o‘tirmasdan! Mard bo‘lsang, shunday chiq-da, yo‘qolib ket! Yo‘qolib ket! Nomard!

Keyingi masala. Viloyat Avtodaryotrans, ey, siz ham Toshloqdan chiqqansiz-u, og‘ayni. Men bilmayman, ertaga viloyatdagi kirakashlar, mana, 10 mingta ro‘yxatda turgani bor, boshqasi bor. Toshkentga ketayotgani, qatnayotgani bor. Bular (qurbonlar)ning hammasi mashinada ketgan. Poyezdda ham ketmagan, samolyotda ham ketmagan. DAN vakillari bilan birga yurib, har bitta avtoturargoh tekshiriladi. O‘zi Rossiyaga ketayotgani ma’lum bo‘ladi — qo‘lida yuki katta bo‘ladi.

Shuhrat G‘aniyev, Farg‘ona viloyati hokimi

Bu hokimlarning qo‘l ostidagilarga nisbatan qo‘pollik qilgani oshkor bo‘lishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. 2017-yil sentabrida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani Nosirjon Egamberdiyev tumandagi maktab direktorlarini urayotgani videosi, keyinroq, 2017-yil noyabrida Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev shahardagi kollej direktorlarini haqorat qilayotgani audiosi tarqalib ketgan edi.

Keyinchalik Dilmurod Rahmatullayev ma’muriy javobgarlikka tortilgani, sud unga eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarima to‘lash jazosini tayinlagani ma’lum bo‘ldi. Nosirjon Egamberdiyev esa 2018-yilning yanvar oyida o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketdi — uning ishi ham sudga oshirilgani aytilgan edi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil davomida bir necha bor mushtumzo‘r, qo‘pol hokimlar masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Prezident bunday amaldorlarni “Prezident siyosatiga qarshilar” deb atadi, keyinroq: “Hokimlarga odamlarni haqorat qilishga kim huquq berdi?”, deb savol qo‘ydi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (24-01-2018, 16:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 83) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют