» » Prezident tashrifidan so‘ng Surxondaryoda maishiy chiqindilarni qayta ishlash zavodi ochildi

Prezident tashrifidan so‘ng Surxondaryoda maishiy chiqindilarni qayta ishlash zavodi ochildi


Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi Bio Texno Eco mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash zavodining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Prezidentning 2017-yil 21-apreldagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “2017—2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur korxona maishiy chiqindilarni yig‘ish, saralash, qayta ishlash va ulardan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Mutaxassislarning fikricha, viloyatda bunday korxona ishga tushirilgani tevarak-atrofda ekologik tozalikni saqlashga, turli yuqumli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Kattaqum mahallasining cho‘l hududida qad rostlagan zamonaviy korxonani bunyod etish va maxsus chiqindi tashish transportlarini xarid qilish uchun 8 million dollardan ziyod mablag‘ sarflandi.

– Prezidentimiz joriy yil 19—20-yanvar kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida faoliyatimiz bilan yaqindan tanishdi, – deydi korxona rahbari I.Boqijonov. – Ayniqsa, loyihamizni qo‘llab-quvvatlab, soliq to‘lovlarida imtiyoz qo‘llash yuzasidan mutasaddilarga bergan topshiriqlari, bu ishni yanada rivojlantirish bo‘yicha maslahatlari bizni ruhlantirib yubordi. Mazkur korxonada Termiz shahri, Angor va Termiz tumanlaridagi maishiy chiqindilarni yig‘ib, saralash hamda qayta ishlashni tashkil etayotgan edik. Davlatimiz rahbari bilan uchrashgandan so‘ng Denov tumanida ham shunday korxona barpo etishni rejalashtirib oldik. Ayni paytda bizda chiqindi tashiydigan 50 dan ortiq avtotransport vositasi mavjud. Endi mahallalardagi chiqindilarni tashishga mo‘ljallangan mototransport vositalari ham xarid qilmoqchimiz.

Xorij texnologiyasi bilan jihozlangan korxona yiliga 182 ming tonnadan ortiq chiqindini saralab, qayta ishlaydi. Bu yerda shishadan mozaika va plitkalar, foydalanilgan plastmassadan polietilen quvurlar, yog‘och chiqindilaridan briket, qog‘oz chiqindisidan karton va qayta ishlangan qog‘oz, oziq-ovqat chiqindisidan biogaz va biogumus ishlab chiqariladi. Biogumus shu yerning o‘zida barpo etiladigan mevali bog‘ni to‘yintirish uchun ishlatiladi.

Yangi korxona ishga tushishi bilan 152 kishining bandligi ta’minlandi. Ularning 60 dan ziyodi Kattaqum mahallasi yoshlaridir.

Tadbir doirasida kam ta’minlangan oilalarning uch nafar farzandi nomiga ochilgan, har biriga tijorat bankida 500 ming so‘mdan mablag‘ qo‘yilgan omonat daftarchalari topshirildi. Mehmonlar uchun dasturxon yozilib, osh tortildi.

Zamonaviy korxona to‘la quvvat bilan ish boshlagach, 250 kishining bandligi ta’minlanadi. Kelgusida esa to‘rt ming ishchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (25-01-2018, 10:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 83) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют