» » “Tumanimiz ta’limi sha’nini o‘ylaysanmi?” 

“Tumanimiz ta’limi sha’nini o‘ylaysanmi?” 


Namanganda o‘tkazilgan fan olimpiadasi haqida tanqidiy maqola e’lon qilingandan so‘ng O‘zA viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Vahobjon Rajabovning bunga e’tirozini ham yoritgandi. Muallif, “Repetitor” gazetasi loyiha rahbari Muhammad Vali mazkur e’tirozga munosabat bildirdi.

Xolislik bor ekan, jamiyatimizning boshqa sohalari qatori xalq ta’limi tizimida ham chinakam ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi aniq. Hozirdanoq ijobiy o‘zgarishlar sezilayotganini ta’kidlash joiz. Chortoqlik bir guruh muallim va o‘quvchilarning 24-yanvar kuni Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev bilan uchrashuvdan so‘ng iliq taassurotlar bildirishgani fikrimizning isbotidir.

Xo‘sh, aslida xalq ta’limidagi ko‘plab muammolardan norozi kayfiyatdagi muallimlar nima uchun vazir o‘rinbosari bilan uchrashuvdan so‘ng uylariga iliq taassurotlar og‘ushida qaytishdi?

Ayni shu savolni Vahobjon Rajabov ham o‘ziga berib ko‘rishi kerak, nazarimizda. Afsuski, boshqarma boshlig‘i ham, tegishli rahbar xodimlar ham o‘tgan muddat ichida maqolamizdagi mulohazalarni, savollarni inkor etish imkonini qidirishdi.

Holbuki, maqolada qo‘yilgan savollar ularga tegishli emasdi. Aniqroq aytganda, 2009-yil 2-iyundagi 1962-sonli qaror va uning 15-bandi bilan bog‘liq savollarga, fan olimpiadalarida shaffoflikni ta’minlash masalasiga javob qaytarish huquqiy jihatdan Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi vakolatiga kirmaydi. Tushunarliki, bu masalani hatto Xalq ta’limi vazirligi ham birdaniga hal etolmaydi.

Maqolaning asosiy maqsadi – fan olimpiadalarining viloyat bosqichiga qadar 1962-sonli qarorning 15-bandi talablarini shaffoflashtirish, xolos. Chunki ayni shu band sabab apellyatsiya komissiyalari adolatni to‘liq tiklolmaydi. Boshqacha aytganda, shikoyat qiluvchiga faqat o‘zining xato-kamchiliklari ko‘rsatiladi. G‘oliblarning yozma ishlari esa, qanday xato-kamchiligi bo‘lishidan qat’i nazar, 15-band talablari asosida himoyalanadi.

Savol tug‘iladi: viloyat xalq ta’limi boshqarmasi biz ism-familiyasini oshkor etmagan to‘raqo‘rg‘onlik muallimani qanday izlab topdi? Tahririyat viloyat xalq ta’limi boshqarmasi o‘sha muallima taqdiri bilan qiziqishini, uning ism-sharifini so‘rashini kutdi. Ammo tahririyatga bunday so‘rov kelib tushmadi.

Qarangki, biz ism-sharifini yashirgan muallimani mutasaddilar osongina topib olishgan. Yo‘q, uni hatto qidirishmagan ham. Negaki, o‘sha muallimaning e’tirozlari fan olimpiadasining tuman bosqichi bo‘lib o‘tgan kuniyoq barcha mutasaddilarga ma’lum edi. Unga turli yo‘llar bilan ta’sir o‘tkazishga urinishdi. “Tumanimiz ta’limi sha’nini o‘ylaysanmi?” deyishdi unga mutasaddilar va hamkasblari. Shu zaylda adolatsizlikdan norozi kichkina jur’atning hafsalasini pir qilishdi. Agar mazkur mulohazalarga ham dalil so‘rasa, bu endi Vahobjon Rajabovning vijdoniga havola.

Agar viloyat xalq ta’limi boshqarmasi surishtiruvlarini tahririyat bilan hamkorlikda olib borganda, bugun biz xolislikni sharaflayotgan bo‘lardik, yuqoridagi “mish-mish” ham yozilmasdi. Bir muallimaning iztiroblarini viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining “mish-mish” deb atagani, ochig‘i, bizni tashvishga soldi. Aksincha, biz boshqarma boshlig‘i o‘sha muallima bilan samimiy va ochiq muloqot o‘tkazadi, hakamlar hay’ati, g‘oliblar va g‘oliblikka da’vogar o‘quvchilar ishtirokida masalaga oydinlik kiritadi, xolislik nuqtai nazaridan tahririyat vakilini ham muloqot jarayoniga taklif qiladi, deb o‘ylagandik.

Yo‘q, hammasi boshqacha bo‘lib chiqdi. Demak, nimanidir yashirish, “yopdi-yopdi” qilish zarurati tug‘ilgan.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining boshqa e’tirozlari ham asossiz. Barcha izlanuvchan o‘qituvchilar kabi o‘sha muallima ham 1962-sonli qaror talablaridan juda yaxshi xabardor. Uning apellyatsiya komissiyasiga murojaati naf bermagach, bizga dardini yorgan. Shu xolos. Bunday vaziyatda jurnalistik surishtiruv o‘zini oqlamasdi. Yana bir bor ta’kidlaymiz: biz viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda surishtiruv olib borishni rejalashtirgandik. Shu maqsadda muallimaning ism-sharifini oshkor etmagandik. Tahririyat hali ham viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikka tayyor. Ishonchimiz komilki, g‘oliblar va g‘oliblikka da’vogarlarning qaysi biri bilimdon ekanini aniqlash qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining javobida 1962-sonli qaror va OAV ning jamiyat hayotidagi o‘rni xususida tushuncha berilishi esa, haqiqatan ham, kishida istehzo uyg‘otadi. Vahobjon Rajabov “Yiqilgan kurashga to‘ymas”, deya adolatsizlikdan zada muallimani ayblashdan avval “O‘zingni er bilsang, o‘zgani sher bil” maqolini eslagani ma’qul edi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (26-01-2018, 13:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 74) ( 0) ( 73) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют