» » Muhojirlar hayoti. Rossiyadagi namanganlik bog‘bon: “Rossiyada 13 yil davomida qilmagan ishim qolmadi. Hatto cho‘chqa ham boqqanman”

Muhojirlar hayoti. Rossiyadagi namanganlik bog‘bon: “Rossiyada 13 yil davomida qilmagan ishim qolmadi. Hatto cho‘chqa ham boqqanman”


“Daryo” internet-nashri “Muhojirlar hayoti” loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlarning fikrlarini e’lon qilib boradi. E’lon qilinayotgan bu fikrlarda mehnat muhojirlari uchun shart-sharoitlar yaratish yo‘lida bugun boshlangan ishlar, o‘zgarishlar uchun taklif o‘laroq jaranglagan izohlar ham yo‘q emas.

E’lon qilinayotgan navbatdagi monolog — Rossiyada 13 yildan beri mehnat qilayotgan namanganlik erkakning fikrlari (uni “Daryo” muharriri Dilshod Sharipov yozib oldi). Uning iltimosiga ko‘ra, ismi-sharifi va uning shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilmadi, matn juz’iy tahrirlarga uchradi.

Namangan viloyatida tug‘ilib o‘sganman. Hozir 36 yoshdaman.

1997-yili, 9-sinfda o‘qib yurgan vaqtim, oilaviy sharoitim tufayli maktabni tashlab, bir tashkilotga ishga kirdim. 2000-yili Qashqadaryoda harbiy xizmatni o‘tadim. Armiyadan so‘ng Namangan muhandislik institutini buxgalter-auditor yo‘nalishi bo‘yicha sirtdan bitirdim. Keyin shartnoma asosida harbiy xizmatga qaytdim.

Chortoqdagi serjantlar maktabiga ketishga hozirlik ko‘rayotgandim. Qamchiq dovonida xizmat o‘tayotgan vaqtim, nimadir bo‘ldi-yu, bosh miyamda qandaydir nevrologik kasallik paydo bo‘ldi. Avvaliga Farg‘onadagi, so‘ng Toshkentdagi gospitalga yuborishdi. Gospitaldan chiqqach bir oylik mehnat ta’tili berishdi. Mehnat ta’tilidan qaytgach esa “xizmatga yaroqsiz” deb topilib, ishdan bo‘shatilganimdan xabar topdim. Bir yil ham ishlolmadim. Hech qanday nafaqa berishmadi.

U paytlarda boshim yaxshi ishlamagan shekilli, doimiy ravishda yonimda hamroh bilan yurardim. Uydagilar boshqa yerga ketib, uyni topolmay qolishimdan xavotir olishardi. Boshimdagi og‘riq sabab hozirgacha deyarli har yili davolanib yuraman.

Ishsiz kunlarimda Rossiyaga yo‘l olgan qo‘shni qishloqliklarga qo‘shilib, poyezdda 10 kun deganda Moskvaga yetib keldim. O‘shanda 2005—2006-yillar edi. Bu yerda qilmagan ishim qolmadi shekilli — hatto cho‘chqa ham boqqanman. Lekin hech kriminal ish qilmadim, halol mehnatim bilan ishlab kelyapman.

Xudoga shukr, 10 yildan beri bir dachada bog‘bonman. Sharoitlar yaxshi, dachada o‘zimning alohida xonam bor. Bir o‘zim yashayman, uy egalari dam olish kunlari kelib-ketadi. Oyiga 500 dollardan ko‘proq pul ishlab topaman. Hovlidagi ishlarimni qilib bo‘lgach, shu mahalladagi qurilish, duradgorchilik, payvandlash ishlari bilan shug‘ullanaman. Nima ish bo‘lsa, qo‘ldan kelgancha qilaveraman.

Men dachasida ishlaydigan ayol yangi fabrika qurdi. Bu yerda kosib, hunarmandlarga ish ko‘p — hozir ish kuchi yetishmayapti. Bu yerda topayotgan pulimni O‘zbekistonda topishimga ishonganimda, bu yerda yaxshi sharoit va yaxshi ishda ishlayotganimga qaramay, shu bugunoq O‘zbekistonga uchib ketardim. Boshliqlarim har doim “Rossiya pasportini ol, yordam qilamiz”, deydi, lekin hech qachon rozi bo‘lmayman bunga.

O‘zbekistonda ota-onam, ayolim, bir qizim bor. Qizimning tili chiqqanida birinchi aytgan so‘zi nima bo‘lganini bilmayman, birinchi qadam tashlashini ham ko‘rmaganman. Bu yil maktabga chiqadi — birinchi sinfga o‘zim yetaklab borsam, deb orzu qilaman. Iloji boricha har yil qishda uyga ketardim. Bu yil hujjat masalasi qiynadi, majburan qolib ketdim.

Bir necha biznes rejalarim bor. Men yashaydigan qishloqda ekin ekib bo‘lmaydigan yerlar bor, shu yerlarda mini-ferma qilmoqchiman — quyonchilik, bedanachilik, kurkachilik, o‘rdakchilik, degandek. Kichik sex tashkil qilish niyatim ham yo‘q emas. Ishim yurib ketsa, fermaga tuyaqush qo‘shish niyatim bor. Agar shu ishlarni boshlay olsam, kamida o‘n kishi ishlik bo‘ladi. Musofirchilikning noni qursin. Kuzgacha 5 ming dollar orttira olsam, Rossiyada ishlashni to‘xtataman.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (29-01-2018, 16:45)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 78) ( 0) ( 76) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют