» » Uylarni bitkazib, uylanish uchun Moskvada ishlayotgan andijonlik quruvchi-alpinist hikoyasi (video)

Uylarni bitkazib, uylanish uchun Moskvada ishlayotgan andijonlik quruvchi-alpinist hikoyasi (video)


“Daryo” internet-nashri “Muhojirlar hayoti” loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlarning fikrlarini e’lon qilishda davom etadi. E’lon qilinayotgan bu fikrlarda mehnat muhojirlari uchun shart-sharoitlar yaratish yo‘lida bugun boshlangan ishlar, o‘zgarishlar uchun taklif o‘laroq jaranglagan izohlar ham yo‘q emas.

E’lon qilinayotgan navbatdagi monolog — Rossiyaning Moskva shahrida deyarli 6 yildan beri mehnat qilayotgan andijonlik yigitning fikrlari (uni “Daryo” muharriri Dilshod Sharipov yozib oldi). Uning iltimosiga ko‘ra, ismi-sharifi va uning shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilmadi, matn juz’iy tahrirlarga uchradi.

Yoshim 24 da, Andijondanman. 2012-yili kollejni bitirib, el qatori Rossiyaga ketganman. Esimni taniganimdan beri ustachilik qilaman. Ustachilikda uchinchi avlod vakiliman. So‘ri, sandiq, javon, shkaf yasayman.

Rossiyaga avtobusdayam, poyezddayam, samolyotdayam qatnaganman. Oxirgi safar, 2016-yil kuzida, 250 dollarga chipta olib, samolyotda keldim.

Rossiyada qonuniy ishlash — bu patent olib ishlash degani. Patentingizga “Shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat” deb yozib qo‘yadi. Firma, do‘kon, davlat idorasi yoki biror kafega (patent bilan yoki patentsiz) ishga kirayotganingizda, ish beruvchi bilan sizning o‘rtangizda kelishuv tuziladi. Rossiya Federal migratsiya xizmati — FMS xodimlari o‘sha ish joyingizga bostirib kirgan vaqtda patent kerak bo‘ladi. Agar patentingiz bo‘lmasa, firma 500 ming rublgacha, ishchining o‘zi esa 5 ming rublgacha jarimaga tortiladi.

Lekin aslida hammasi ham shunday bo‘ladi, degani emas. FMS bilan kelishish mumkin. Ular shunchaki “ov”ga chiqadi, xolos. Umuman hech qanaqa hujjati yo‘qlarni olib ketishadi, yoningizda pulingiz bo‘lsa, ko‘pi bilan 10 ming rublga chiqib ketsangiz bo‘ladi. Ishlash uchun patentim bor, registratsiyam bor. Rossiya davlatiga soliq to‘layman. Patent, registratsiya degan narsalar asosan ko‘chada — metroda, yo‘lda politsiyachilar to‘xtatib, hujjatlaringizni so‘ragan vaqtda kerak bo‘ladi. Birinchi registratsiyangizni, so‘ng faqat so‘ragan hujjatlarini ko‘rsatasiz. Bu yerda biz kabilarning pasporti — mana shu registratsiya.

Shartnoma asosida kelishuvim yo‘q, uni bizga qilib berishmaydi, ochig‘i, undan bizga foyda ham yo‘q. Ishlayotgan joyingizga birinchi o‘rinda o‘sha yerning “uchastkovoy”i keladi — ishxonamizning kattalari politsiya bizda ishlayotgan yigitlarni bezovta qilmasligi uchun ular bilan kelishib qo‘yadi. Bizda ishlayotganlarning hujjatlari joyida, lekin politsiyachilarga “qistirmasangiz”, ish joyingizga kelib olib ketib qolaveradi. Sabab qilib shartnomasiz ishlayotganimizni aytadi. Shartnoma bo‘lsa ham, pul bermaguningizcha olib ketib, tekshiraveradi. Politsiya olib ketib qolsa, bekorga ishdan qolamiz. Masalan, avvalgi binoda ishlayotganimizda boshlig‘imiz yetti ishchi uchun politsiyachilarga 20 ming rubldan berib turdi.

Rossiyaga endi kelganimda “Fitomaks” degan firmada kuryerlik qilib, “Vestnik Zdorovye” bepul gazetasini tarqatganman. Hozir qurilishda alpinist bo‘lib ishlayman. Baland binolarning tashqi tomonini ta’mirlaymiz. Alpinistlik asbob-uskunalarimiz yetarli. Bizga ish bo‘lsa bo‘ldi. Bino 25 qavatmi yoki Moskva-Sitidagi 110 qavatlimi — farqi yo‘q. Yigitlarimizning yuragi baquvvat. Ishim o‘zimga yoqadi, haqiqiy adrenalinda ishlayman. Alpinistlik ishida qalinligi 9 millimetrdan 11 millimetrgacha bo‘lgan ikkita arg‘amchi ishlatamiz — bittasi asosiy, ikkinchisi “straxovka” uchun. Bitta arg‘amchi ikki tonna yuk ko‘taradi. O‘zim 60 kilogramm tosh bosaman, qo‘limdagi chelak bilan arg‘amchiga 150 kilogramm yuk tushadi.

Rus tilini ishimga kerakli darajada bilaman. Biz bu yerda oyida eng kamida 500 dollar pul tushmasa, ish qilmadik, deymiz. Ish qildik deganimizda, 1000 dollardan 1500 dollargacha pul topamiz. Bu oddiy ishchi uchun eng katta maosh, deb hisoblayman. Pulning katta qismini o‘rtadagi vositachilar oladi. Uch-to‘rt yildan so‘ng bu yerda vositachilik tizimi tugatiladi, deyishyapti. Agar shunday bo‘lsa, bizning topadigan pulimiz oshadi — kamida 2 barobarga.

Ikki xonali kvartiraga 20 ming rubl to‘lab, ko‘pi bilan 10 kishi turishimiz mumkin. Agar ish joyimiz Moskva viloyatida bo‘lsa, o‘sha atrofdan kvartira topamiz. Asosiy kvartiramiz Moskvaning o‘zida. Yashash joyimiz uchun o‘z yonimizdan to‘laymiz. Biz turli pudratchilar bilan ishlaymiz, ular faqat pulimizni beradi, boshqasi bilan ishi yo‘q.

Moskvada ish ko‘p, hammaga ish topiladi. Bu yerdagi o‘zbeklar asosan qurilishda ishlayapti, eplaganlar taksi haydayapti. Xudo hech bir musofirning elchixonaga ishi tushgulik qilmasin. Lekin o‘zimning elchixonaga hali ishim tushmadi. Bu yerda ko‘pchilik aldanib qolib, hujjatlarini oldirib, oxir-oqibat pulsiz qolib ketyapti. Buning iloji bormi-yo‘qmi bilmadimu, shundaylarning pulini undirib beradigan biror tashkilot bo‘lsa yaxshi bo‘lardi.

Rossiyada ishlagan odam O‘zbekistondagi mehnat birjalariga umuman ishonmaydi. Yaqinda internetda ko‘rdim, shu mehnat birjasining bir vakili gapiryapti: “Biz Rossiyaning yigirmata shahr?da bo‘ldik, fuqarolarimiz bilan uchrashdik, muammolarini hal qildik”, deyapti. Lekin natija qani? Qani fakt? Bu uchrashuvlarning videosi qani?

Rossiyada vaqtinchalik ishlayapman. Bu yerda ishlashdan maqsad — uylarni bitkazib, uylanish. Qolgan pullarni to‘plab, yo mashina olaman, yoki tirikchilik uchun mini-biznesni yo‘lga qo‘yaman. Banklarga ishonmayman, shuning uchun ulardan kredit olmasdan, o‘zim ishlab topgan pulga shaxsiy biznesimni boshlayman. Biznes rejamni ham tayyorlab qo‘yganman, albatta.

Mavzuga doir: - Rossiyada do‘stidan ayrilgan, qishlog‘ida masjid va bolalar bog‘chasi qurishni niyat qilgan samarqandlik muhojir hikoyasi (video)

- Muhojirlar hayoti. Rossiyadagi namanganlik bog‘bon: “Rossiyada 13 yil davomida qilmagan ishim qolmadi. Hatto cho‘chqa ham boqqanman” (video)

- Novosibirskdagi shahrixonlik yigit: “Avvaliga uylanish uchun Rossiyada ishladim. Endi oilamni boqish uchun Rossiyadaman” (video)



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (31-01-2018, 15:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 74) ( 0) ( 72) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют