» » Ustyurt kengliklarida tarqalgan “oltin tomir” xorijda 500 dollargacha baholanmoqda

Ustyurt kengliklarida tarqalgan “oltin tomir” xorijda 500 dollargacha baholanmoqda


Amudaryo deltasi, Qizilqum va Ustyurt kengliklarida tarqalgan va “cho‘l jensheni”, “sahrodagi hayot ildizi”, “oltin tomir” nomlari bilan ataluvchi sistanxe o‘simligi farmatsevt olimlar e’tiborini tortmoqda. Bu haqda Qoraqalpog‘iston axborot agentligi xabar bermoqda. 

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining ekologiya va tuproqshunoslik kafedrasi dotsenti Nizamatdin Mamutovga ko‘ra, 2 ming yildan buyon Xitoy tibbiyotida foydalanib kelinayotgan bu o‘simlik ko‘p kasalliklarga davo va umrni uzaytirish xususiyatiga ega. Sistanxe bo‘g‘inlardagi og‘riqlar, buyrak kasalliklarini davolash, shuningdek, xotira va immunitetni mustahkamlash, asabni tinchlantirishda, ayniqsa, miya o‘simtasining oldini olishda tengi yo‘q darmon hisoblanadi.

— Bir-ikki yil avval Shimoliy Koreya va Xitoydan kelgan dori tayyorlovchilar ushbu o‘simlikni aholidan ko‘p miqdorda sotib olib, yurtlariga olib ketishardi, — deydi N.Mamutov. — Eshitishimcha, xalqaro bozorda maydalangan sistanxening bir kilogrammi 200-500 dollargacha narxlanar ekan.

Sistanxe saksovul, qandim singari o‘simliklar ildizida uchraydi, Qoraqalpog‘istonda uning 4 turi o‘sadi. 

Sistanxe Shimoliy Afrika, Markaziy Osiyo va Pireney yarim oroli cho‘llaridagina o‘sadi. Yaponiya, Xitoy va Qozog‘iston farmatsevtikasi bilan kosmetologiyasida keng qo‘llaniladi. Hozirgi vaqtda Qozog‘iston Markaziy Osiyoda sistanxeni qayta ishlab, eksport qilayotgan yagona davlat bo‘lib, uning asosiy xaridorlari Yaponiya, Xitoy va boshqa shimoli-sharqiy Osiyo davlatlaridir. Qozog‘istonning Jambil viloyatidagi sexda yiliga 100 tonnadan ortiq quritilgan sistanxe yetishtiriladi. Qimmatli xomashyo sifatida mazkur o‘simlikka bo‘lgan talab yildan-yilga ortmoqda. 

— Qoraqalpog‘istonda shifobaxsh xususiyatga ega, bebaho o‘simliklar juda ko‘p, — deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot institutining o‘simliklar ekologiyasi laboratoriyasi boshlig‘i, biologiya fanlari nomzodi Xolida Matjonova. — Hozir hududda o‘sadigan 1110 turdagi o‘simlikning 37 foizi (410 dan ziyod turi) shifobaxsh xususiyatga ega. Orol dengizining qurib qolgan qirg‘og‘ida o‘sadigan 73 turdagi o‘simlikning 13 turi, Ustyurtda 85 va sahroli hududlarda 66 turdagi shifobaxsh o‘simliklar topilgan. Ulardan 45 ga yaqini kamayib ketayotgan, kam uchraydigan va yo‘q bo‘lish ketish arafasida turgan shifobaxsh o‘simliklardir. Xususan, qo‘ng‘ir qumuzum, oddiy unabi va yuraksimon torol shifobaxsh o‘simliklari Qizil kitobga kiritilgan. 

Laboratoriyaga qarashli yerda va Fanlar akademiyasining Botanika bog‘ida hozirgi vaqtda kalendula, donnik, topinambur singari 23 turdagi mahalliy shifobaxsh o‘simliklar ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. 2012- yildan kovrak, pechak, adiraspan, qashqarbeda o‘simliklarini dori uchun xomashyo sifatida foydalanish maqsadida mahalliy sharoitda o‘stirish, biologik xususiyatlarini o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda. 

Shuningdek, mahalliy olimlarning tadqiqotlari Orol dengizining shimoliy tomonlarida boshqa yurtlarda uchramaydigan 60 dan ortiq turdagi o‘simliklar borligini ko‘rsatdi. Ulardan Korolkov chirmovug‘i, Berg boychechagi, to‘rsimon boychechak, Borshov piyozi, Turkiston sarsabili, Lemanna kovragi, ko‘p poyali devyasil yovvoyi o‘simliklari shifobaxsh xususiyatga ega.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (1-02-2018, 09:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 92) ( 0) ( 92) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют