» » Hamzaoboddagi vayronaga aylangan shifobaxsh buloq (foto)

Hamzaoboddagi vayronaga aylangan shifobaxsh buloq (foto)


Siz tasvirda ko‘rib turgan bu vayrona aslida o‘zining shifobaxsh suvi bilan mashhur. Shunday bo‘lsa-da, dardiga davo izlovchi minglab odamlar undan bahramand bo‘lish uchun respublikaning turli viloyatlaridan tashrif buyurmoqda, deb yozadi “Xalq so‘zi”.

Andijon viloyatining Jalaquduq tumanidagi Hamzaobod mahalla fuqarolar yig‘ini o‘ramida joylashgan bu sun’iy buloqdagi suv 2000 metr yer ostidan tabiiy ravishda oqib chiqmoqda. U yilning to‘rt faslida 41 daraja iliqlikka ega. Shu bois qishning qahraton chillasida ham bemalol cho‘milish mumkin. Hayratlanarlisi shundaki, yuqori darajada bo‘lgani bilan yozning jaziramasida ham etni kuydirmaydi. Qaytanga, ijobiy xususiyati bilan malham bo‘ladi.

Suv tarkibida kaliy, natriy, magniy, kalsiy, xlor, sulfat tuzlari kabi 20 dan ortiq kimyoviy moddalar mavjud. Ayniqsa, bu buloqdan oqib chiqayotgan obi ne’matning allergik, asab, oshqozon-ichak, urologik, endokrin kasalliklarni davolashda foydasi katta.

Ona tabiatning o‘zi tabib. Lekin ming dardga davo bo‘layotgan mana shunday suv zaxirasini zamin o‘z bag‘rida asrab-avaylab, bizga yetkazib berayotgan bir paytda unga bo‘lgan munosabat dilimizni ranjitadi, albatta. To‘g‘ri, bu rasman qayd etilmagan sun’iy buloq. Biroq, aynan shu buloqdan ulangan quvur tumandagi “Orom shifo” sihatgohiga borib ulangan. Bu yerda har yili yuzlab bemorlar ana shu suv ta’sirida shifo topayapti. To‘g‘ri, bunday maskanlarda davolanishga hammaning ham qurbi yetavermaydi. Ayniqsa, shundoqqina dala qo‘ynida tabiiy malham oqib turgan bir paytda, kim ham pul sarflashni istaydi, deysiz. Ammo muqaddas zamin bag‘ridan sizib chiqayotgan ana shunday mehr va shifo suvidan bir bahra olay deb borgan mehmon uning atrofini ko‘rib yoqa ushlaydi. “Tabiat va uning ne’matiga oqibat shumi? Bu yerni shunday ahvolga solganlarga buloq uvol-ku” deb yuborgisi keladi, deyiladi maqolada.

To‘g‘ri-da, hozirgacha ham mana shunday foydali maskanni ozoda saqlash, atrofini obodonlashtirish hech kimning xayoliga kelmayapti. Bir paytlar ushbu suvdan tijorat maqsadida foydalanmoqchi bo‘lib, uning atrofini beton devor bilan to‘sishgan. Shu tariqa ayollar va erkaklar xonalari tashkil etilgan. Biroq suv o‘z-o‘zidan oqishdan to‘xtab qolgach, uni tashlab ketishgan. Shundan so‘ng suv yana oqa boshladi va bir soniyaga ham to‘xtagani yo‘q.

Achinarlisi, bugungi kunga kelib egasiz qolgan tabiiy shifobaxsh dushning devori teshilib, butun joyi qolmagan. Eshik o‘rniga eski lattalar ilib qo‘yilgan. Eng yomoni shundaki, undan hammom o‘rnida foydalanuvchilar hatto kir kiyimlari va keraksiz buyumlarini ham shu yerning o‘ziga tashlab ketmoqdalar.

Muxtasar aytganda, sanitariya-gigiyena qoidalariga umuman talab bermaydigan bu joydan Hamzaobod mahallasining salkam uch ming nafar aholisi hammom o‘rnida foydalanib kelayotgan bo‘lsa, har kuni qish faslida 50-60 nafar, yoz kunlarida esa 200 nafardan ortiq dardmand kishilar uning xizmatidan bahramand bo‘lmoqdalar.

Minglab kishilarning hojatini chiqarayotgan bu maskanni ozoda saqlash, qulay sharoit  yaratish uchun mahalliy hokimiyatdan yordam so‘rash shart emas. Ozgina e’tibor tufayli hammasi izga tushib ketishi mumkin bo‘lgan holatga mahalla faollarini jalb etish, ayniqsa, shu atrofda aynan shu suvdan foydalanayotgan tadbirkorlar madadiga suyanishning o‘zi kifoya. Axir bu yerga odamlar sihat so‘rab, poklanish uchun keladilar. Shunday ekan, mahalliy aholining vijdoni tezroq uyg‘onib, savob ishlarga bel bog‘lashiga umidvormiz, deyiladi maqolada.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-02-2018, 10:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 95) ( 0) ( 94) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют