» » O‘zbekistonlik olimlar o‘zak hujayra transplantatsiyasini o‘zlashtirib, uni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi

O‘zbekistonlik olimlar o‘zak hujayra transplantatsiyasini o‘zlashtirib, uni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi


Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti olimlari jahon tibbiyotining ilg‘or yo‘nalishi – o‘zak hujayra transplantatsiyasini o‘zlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi. 2017-yilda institutda besh nafar og‘ir qon kasalligi bilan xastalangan bemorga shu yo‘nalishda tibbiy yordam ko‘rsatildi va ular sog‘lom hayotga qaytmoqda, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Transplantologiya tibbiyotning eng murakkab, o‘ta mas’uliyatli va ayni paytda, ehtiyoj ortib borayotgan yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Ilgari zarurat tufayli ayrim bemorlar chet davlatlarga borib, 40 mingdan 150—200 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan narxlarda bunday jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘layotgan edi. Endilikda shunday murakkab va noyob operatsiyalar O‘zbekistondagi tibbiyot markazlarida ham muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

O‘zak hujayra transplantatsiyasini amalga oshirish uchun eng avvalo yuqori texnologiyali diagnostika-tahlil laboratoriya usullari va yuqori sezgirlikka ega reagentlar kerak. Zero kasallikni aniqlash uchun xromosoma va gen darajasida tahlillar o‘tkazilishi zarur. Bu jarayon uch bosqichda o‘tkaziladi, ya’ni sitogenetik, molekulyar-genetik, hujayrani immunofenotip tahlil qilish talab etiladi. Shunisi e’tiborliki, Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti klinikasining molekulyar tibbiyot va hujayralar texnologiyasi bo‘limi bu borada qo‘llaniladigan eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan.

Hozirgi kunda institutda yangi texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida gemopoetik o‘zak hujayralarini davolash markazi tashkil etilgan. Ushbu yangicha davolash uslubini chuqur o‘zlashtirish maqsadida Turkiya, Germaniya, Rossiya, Chexiya, AQSh kabi mamlakatlarda 35 nafarga yaqin mutaxassislar, jumladan, gematolog shifokorlar, laborantlar va hamshiralar malaka oshirib keldi.

Gemopoetik hujayralarni davolash markazidagi muolaja xonalari eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangani bemorlarning bemalol davolanishiga xizmat qiladi. Ya’ni muolaja xonalari Fransiyadan olib kelingan uch bosqichda palata havosini sterillash, tozalash funksiyasini bajaradigan maxsus ventilyatsiya sistemasi bilan jihozlangan. Chunki qon kasalligi tufayli transplantalogiya amaliyotiga muhtoj bemorning immuniteti nihoyatda zaif bo‘ladi. Bunday bemorlar uchun avvalo steril muhit yaratish muolajalarning asosiy qismi hisoblanadi. Markazda shunday sharoitlarning mavjudligi muolajalarni yuksak saviyada o‘tkazishga imkon yaratmoqda.

Jahon tibbiyotida o‘zak hujayrani ko‘chirib o‘tkazishning ikkita turi keng qo‘llaniladi. Birinchisi bemorning o‘zidan sog‘lom o‘zak hujayralarni ko‘chirib o‘tkazish. Bu amaliyot limfoma va miyeloma kasalliklarida qo‘llaniladi. Chunki bu kasalliklarda insonning asosiy o‘zak hujayrasi sog‘lom bo‘ladi va uning bemorga qaytadan ko‘chirib o‘tkazish yordamida muolajalarni o‘tkazish mumkin. Hozirgi kunda O‘zbekistonda tibbiyotida bu usuldan samarali foydalanilmoqda. Yuqorida qayd etilganidek, o‘tgan yili besh nafar bemor shu usul bilan shifo topdi.

Biroq o‘tkir leykoz (oqqon) kasalligida bemorning asosiy o‘zak hujayrasi ham kasallangan bo‘ladi va bunday vaziyatda donor ko‘magiga ehtiyoj tug‘iladi. O‘zbekiston olimlari hozirgi kunda jahon tibbiyotining bu usulini ham chuqur o‘zlashtirib, amaliyotga tatbiq etishga tayyor holda turibdi.

O‘tkir leykoz kasalligida o‘zak hujayra transplantatsiyasida bemor uchun eng avvalo uning tug‘ishgan aka-uka, opa-singillari asosiy donor bo‘la oladi. Shuningdek, boshqa insonlar ham agar bemorga o‘zak hujayrasining HLA-antigen tizimi mos tushsa, donor bo‘lishi mumkin. Kelgusida bunday donorlik ko‘magiga ehtiyojni to‘liq qoplash maqsadida o‘zak hujayralar bankini tashkil etish ko‘zda tutilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-02-2018, 17:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 79) ( 0) ( 78) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют