» » DXXga aylantirilgan MXX bilan bog‘liq so‘nggi beshta muhim voqea

DXXga aylantirilgan MXX bilan bog‘liq so‘nggi beshta muhim voqea


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-mart kuni “O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmon bilan Milliy xavfsizlik xizmati Davlat xavfsizlik xizmatiga aylantirildi, ayni vaqtda uning vazifa va vakolatlari aniqlashtirildi ham qisqartirildi.

Qayd etish joiz, Milliy xavfsizlik xizmati bilan bog‘liq jiddiy o‘zgarish bo‘lishi kutilayotgan edi. Prezident 2017-yilgi Oliy Majlisga Murojaatnomasi vaqtida bu masalaga alohida to‘xtalgan edi, 2018-yilning yanvar va fevral oylarida esa MXX faoliyatiga jiddiy ta’sir qilgan bir necha voqealar sodir bo‘ldi. Xizmatning bir necha o‘n yillik rahbarining o‘zgarishi — ulardan biri, xolos.

Prezident 2017-yil 22-dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasini yo‘llarkan, Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, deputat va senatorlarga xizmat faoliyatini tartibga soluvchi qonunni qabul qilish vaqti kelganini eslatib o‘tgan edi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Milliy xavfsizlik xizmati idoralari bugungi kungacha 26 yil avval Hukumat tasdiqlagan Nizom asosida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu Nizom chorak asr davomida o‘zgartirilmagani va har qanday oddiy masala ham milliy xavfsizlikka tahdid deb baholab kelingani ushbu idora vakolatlarining asossiz kengayib ketishiga sabab bo‘lgan.

Ayni vaqtda dunyoning ba’zi mintaqalarida yuzaga kelgan notinch vaziyat aholi migratsiyasi kuchayishiga, bu esa, o‘z navbatida, terrorizm va ekstremizmning tarqalishiga hamda ularning global muammolardan biriga aylanishiga olib kelmoqda. Bunday vaziyatda milliy davlatchiligimiz, mustaqilligimiz, aholimizning tinch va osoyishta hayoti va xavfsizligimizni saqlash biz uchun eng ustuvor vazifaga aylanib bormoqda. Aynan shu nuqtai nazardan va globallashuv davrining barcha tahdidlarini inobatga olgan holda, Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatini ham isloh qilish vaqti keldi.

Shu munosabat bilan “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar to‘g‘risida”gi va “Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishni taklif etaman. O‘ylaymanki, ushbu qonunlarning qabul qilinishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini hamda farovon hayoti kafolatlarini yanada mustahkamlash uchun huquqiy poydevor yaratadi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida Qiziriq tumanida viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident MXXning bir qator sobiq mulozimlarini qattiq tanqid qildi, jumladan, xizmat raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomovni sotqin deb atadi. Ayni vaqtda, ularga qarshi ishlar ochilgani, ba’zilari javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.

Bugun Boysun MXX rahbari mayor Sunnatullo Eshquvvatovni ishdan oldirdim. Negaki, bular o‘z o‘rnini bilmadi, o‘z ishini qilmadi. Milliy xavfsizlikdagilar Surxondaryoni o‘ldirgan. Ikki-uch sotqin, davlat sotqinlari ishlagan. Hammasidan xabarim bor. Angor tumanidagi boshliq Bahrom Abdumo‘minov, tergov bo‘limi boshlig‘i kapitan Berdimuhammedov ham ishdan olindi. Bular Surxondaryoni ot o‘yin qilib tashlagan. Hamma tizimni egallagan, hamma tashkilotni egallagan. Yana bir-ikkitasi Toshkentda yuribdi, borib ishdan olaman. Polkovnik Haydarov ham sotqin. Uniyam, boshqalariniyam ishdan oldim...

Endi hammang (MXXning joylardagi rahbarlari) majlisga kelib o‘tirasan. Tumandagi majlisgayam. Oyog‘ing yerdan uzilmasdan, majlisda o‘tirasan. Yo‘qsa, menga bunday xizmat kerakmas. Shu paytgacha poraxo‘rlik qilib, hammayoqni sharmanda qilib keldinglar. Tushunarlimi, yo‘qmi?.. MXXning generallarini, uchta rais o‘rinbosarlarini ishdan olib tashladim. Surxondaryoda ishlab ketgani bor edi, Toshpo‘latov g‘irt o‘g‘ri edi...

Men bu yerga xalqqa halol xizmat qilish uchun kelganman. Bu noinsoflarni bilaman, yerga qarab yuribdi. Hali hammasi joy-joyiga tushadi. Shuni bilinglar. Hokim, hokimiyatdagi to‘rtlik mening vakilim. Qo‘rqmanglar. U zamon tugadi. Ularga otasidan qolgan vakolat yo‘q. Hech kimmas bular. Bularning qo‘lidan kabinetda o‘tirib, g‘o‘ddayishdan boshqasi kelmaydi. Bularning g‘o‘ddayishi davlatga og‘ir tushdi. MXXda yana bitta g‘o‘ddaygani bor edi. Vatan xiyonatchisi bo‘lib, hozir umrbod qamaldi. G‘ulomov degan noinsof. Uning ildizlari bor haliyam. Toshkentda o‘rgandim, bugun kelib odamlarini ishdan oldim. Endi har bittasini o‘zim ishga tayinlayman.

Bizga Milliy xavfsizlik xizmati kerak. Adolatli va halol odamlar kerak, bizga hokimni poylaydigan, davlatning boshqa odamlarini kuzatadiganlar kerak emas. Bo‘ldi, u zamonlar tugadi. Eplay olmasa, vallomatini ham ishdan olaman. Shuni bilinglar. Davlat davlatligini qiladi. Avvalgi rahbarlar ularga shunday vakolatlar bergan bo‘lsa, unaqa rahbarlar endi yo‘q. Xalq menga ishondimi, bu ishonchni oqlayman.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Milliy xavfsizlik xizmatiga qariyb 23 yil rahbarlik qilgan Rustam Inoyatov o‘rnini 2018-yil 31-yanvar kuni shu vaqtgacha bosh prokuror lavozimida ishlab kelgan Ixtiyor Abdullayev egalladi.

Mazkur o‘zgarishga bag‘ishlangan yig‘ilish MXX binosida bo‘lib o‘tdi va unda Prezident ham qatnashdi. Yig‘ilishda xizmatning ayrim bo‘linmalari va hududiy boshqarmalari faoliyati tanqid qilindi, idoralararo hamkorlik, tezkor va qidiruv tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek, kadrlar bilan ishlash borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar aniq misollar bilan ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, Prezident Milliy xavfsizlik xizmati davlatning huquq-tartibot organlaridan biri sifatida o‘zining kundalik faoliyatini mamlakatning barcha vazirlik va idoralari uchun asosiy faoliyat mezoniga aylangan “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil asosida tashkil etishi zarurligini alohida ta’kidladi.

Prezidentning Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida 16-fevral kuni Buxoroning Peshku tumanida viloyat faollari bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev eski MXX faoliyatini yana qattiq tanqid qildi. Xususan, Surxondaryo va Buxoroda “bular juda quturib ketgani”ni, hatto “1937-yili ham maxsus xizmatlarda bunday vakolatlar bo‘lmagani”ni qayd etib o‘tgan edi.

Barcha rahbarlar xotirjamlikka berilmasdan, ko‘zini kattaroq ochadigan vaqt keldi. Ayniqsa, shu to‘rtta rahbar. Hozir beshinchisi ham qo‘shilgan. Bizda bitta tashkilot bor: milliy xavfsizlik degan. Hammangiz bilasiz, O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar bo‘layotganini. Davlatning bir idorasiga shuncha vakolat berish — bu davlatga bo‘lgan qip-qizil xiyonatchilik.

Qilgan o‘zgarishlarimiz birovga yoqadimi-yo‘qmi, menga baribir. Xalqqa yoqsa bo‘ldi, boshqasi hech kimmas. Buxoroda ham norozichilik. Menga kelgan xatlarning mualliflari juda norozi. Tadbirkorlarni boshini yegan o‘sha tashkilotlar hali ham bor. Bitta salgina ko‘kargan odamni otang kim, onang kim, deb tekshiraverib, hammani o‘ldirdi. Hamma ishbilarmon Buxorodan ko‘chib ketdi. Boshqa davlatlarda, boshqa yurtlarda, boshqa shaharlarda sargardon bo‘lib yuribdi. Bu ham haqiqat

Shuning uchun bu janoblarni ham joyiga qo‘yib, mana o‘tiribdi ko‘pi yerga qarab. Bular bunday majlislarga kelmasdi. Bular go‘yoki o‘zlari kattakon edi. Xuddi ota-onasidan qolgan bir vakolati borday. Amir Olimxon ham tug‘ilganida bularga buncha vakolat bermasdi. Bularga hech kim bunday vakolat bermagan, lekin o‘zlari oldi. Agar adolat kerak bo‘lsa, mana shu adolatni, albatta, qonun ustuvor bo‘ladimi, jazo muqarrar bo‘ladimi, tartib bundan ham qattiq bo‘ladi, lekin adolatli bo‘ladi. Mana shuni hamma bilishi kerak

Bitta pogon kiygan noinsoflarga birorta davlatda unday vakolat berilmaydi. 1937-yilda ham bunday bo‘lmagan. Shuning uchun hamma narsa joy-joyiga tushadi. Ularning ko‘pi qonun oldida javob berishni boshladi. Bulbulday sayrayapti, bulbulchadek! Hali ular ko‘p fuqarolarni kirgizgan joylariga o‘zlari kirgani yo‘q. Buxorodan menda juda ko‘p manba bor. Tadbirkorlarni aybsiz qamagani, qanday qiynagani, rasmlari ham bor menda. O‘sha ishni qilgan tergovchilarning hammasining familiyasi bor. Xudo xohlasa, sog‘-salomat yursak, vaqt keladi, televizorda ko‘rasizlar. Ularni ham xuddi shu kuyga soldiraman. Nima uchun? Adolat bo‘lishi kerak! Yigirma yil bo‘lsa, yigirma yil qamaladi.

Mana, bir-ikkitalari umrbod qamoqqa ketdi, hamma pogonini olib tashladik. Bularni ham shunday qilamiz. Nega desangiz, eng yomon illatli tashkilot Surxondaryo bilan Buxoroda bo‘lib, bular juda quturgan edi. Kechirasizlar, qo‘polroq bo‘lsa ham. O‘tiribdi, mana, shu tashkilotning forma kiygan rahbarlari. Hech yoqqa bormaydi bular endi, shunday ishlaydiki, o‘h-ho‘, ko‘rasiz hali. Buxoroda boshlayapmiz tozalashni.

Buxoroda bu tashkilot quturgan it edi. Xohlagan odamini nima qilsa, qilardi. Kerak bo‘lsa, “stolba”ni ham olib borib qamardi. Bu narsalarni nima uchun aytyapman? Bular o‘ylardiki, vakolati ota-bobosidan qolgan. Hech birining ota-bobosidan qolgan vakolati yo‘q. Bunaqa bo‘lmaydi ham! Adolatni baribir o‘rnatamiz. Mana uch-to‘rttasining jilovini ushlab ichkariga kirgizuvdik, 10 kun bo‘lgani yo‘q, Buxoro to‘g‘risida kim topshiriq bergan, nima qilgan, bulbulday sayrayapti.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Prezident 14-mart kuni tarixiy farmonni imzoladi. Farmon sharhida qayd etilishicha, idora nomidan “milliy xavfsizlik” tushunchasining chiqarilishi uning vakolatlari asossiz tarzda kengayishiga shart-sharoit yaratgan omillarni bartaraf etish zarurati bilan bog‘liq.

“Chunki lokal miqyosdagi har qanday muammo milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rilishi mumkin edi. Mazkur o‘zgartirish ushbu idoraning diqqat-e’tiborini davlat ahamiyatiga ega real tahdidlarga qaratadi. ‘Davlat xavfsizligi’ atamasi xavfsizlikni ta’minlash doirasini aniq belgilaydi va mazkur sohadagi faoliyat yo‘nalishlarini ajratib beradi”, — deyiladi sharhda.

Yil davomida DXX faoliyatini yanada tartibga soluvchi, uning vazifa va vakolatlarini yanada aniqlashtiruvchi qonun qabul qilinishi kutilmoqda. Qayd etishlaricha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Endi u Prezidentning 14-martdagi farmonidan kelib chiqib, qayta ishlanadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-03-2018, 21:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 94) ( 0) ( 92) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют