» » Qashqadaryo viloyati hokimi: To‘y va marosimlar – shaxsiy ish emas

Qashqadaryo viloyati hokimi: To‘y va marosimlar – shaxsiy ish emas


Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev Senatning XIV yalpi majlisidagi muhokamalar asnosida to‘y-ma’rakalar masalasiga munosabat bildirdi. Uning fikrlarini O‘zA keltirdi.

“Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, nizo-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda aynan serxarajat to‘ylarga, ular bilan bog‘liq behad ortiqcha sarf-xarajatlarga borib taqaladi”.

“Misol uchun, Chiroqchi tumanida o‘tadigan to‘ylarni olaylik. To‘y oldi jarayonining o‘zi aqlni shoshiradi. Bilamizki, Chiroqchi tumanining aksariyat hududlarida to‘ylar maslahat oshidan boshlanadi. Ba’zida maslahat oshi kichikroq to‘ydan ham o‘tib ketadi. Xarajat borasida ham to‘y egasi bor topgan tutganini ana shu marosimdan ayamaydi. Qoidaga ko‘ra, maslahat oshiga kelganlar to‘y kuni xizmatda bo‘lishadi va shuning uchun ularga aynan maslahat oshida ziyofat beriladi. Yana bir tomoni esa, to‘y spirtli ichimliksiz o‘tishi mumkin, biroq maslahat oshi usiz o‘tmaydi. Boz ustiga 50 kilogramm osh damlanib, 50 kilogramm go‘shtdan sho‘rva pishiriladi”.

“Ayrim qishloqlardagi to‘ylarda esa ‘boshlanib o‘tar’ degan ibora bor. Yaqin insonlarga berilgan taklifnomada albatta, shu so‘z bo‘ladi. Misol uchun, to‘y 25-mart kuni bo‘lsa, taklifnomaga ’24-mart kuni boshlanib, 25-mart kuni o‘tadi’ deb yoziladi. O‘z-o‘zidan ayonki, ikki soatda tugaydigan to‘yning ikki kun davom etishi to‘y egasining ham ruhiy, ham moddiy tinkasini quritadi”.

“Aksariyat hollarda fotiha to‘ylari katta to‘ylardan umuman qolishmaydi. Bunday to‘ylarga kamida uch-to‘rtta jonliq so‘yiladi, 400–500 odamga ziyofat beriladi. Nima, shuni fotiha to‘y deb atamasdan birdaniga, bitta to‘y qilib o‘tkazib yuborsa bo‘lmaydimi? Binobarin, odamlar o‘ziga ko‘proq tashvish orttirishni, ortiqcha xarajatni xush ko‘rsa, ana unda savob ishlar, saxovat qilsin — ehtiyojmand, ta’minotida qiyinchiligi bor oilalarga yordam bersin, maktabga, bog‘chaga kitob sovg‘a qilsin. Axir mana shunday ishlargina haqiqiy e’tirofga loyiq emasmi?”

“Albatta, to‘y dasturxonlarining to‘kin-sochinligi aholining turmush darajasi tobora yaxshilanib borayotganidan ham dalolat. Ammo isrofgarchilik, uvol yomon. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, ayni paytda to‘yxonalarda bir nafar mehmon uchun xarajatlar o‘rtacha 40–50 ming so‘mni tashkil etarkan. Nikoh to‘ylariga o‘rtacha 400–500 nafar (ayrimlarida bundan ham ko‘p) mehmon keladi. Bu degani to‘y egasi 15–20 million so‘m (san’atkorlar va shunga o‘xshash xizmatlarni hisoblamaganda) sarflaydi degani. Shu bilan xarajatlar tugasa qani. Hali oldinda kelin salom, ota ko‘rdi, kuyov oshi, kelin chaqirdi singari marosimlar bor. To‘y kuni kelolmaganlar qulluq bo‘lsinga keladi, oqibatda uy egasi qaytadan dasturxon tuzagan, jonliq so‘ygan. Ko‘rinib turibdiki, bitta to‘yga sarf bo‘ladigan pul kamxarjroq oilani tubsiz jarga uloqtiradi”.

“To‘yu marakalarni tartibga solish borasida targ‘ibot tadbirlari to‘xtab qolgan emas. Ayrim uchrayotgan salbiy holatlar joyiga borib o‘rganilgan, ortiqcha dabdabaga berilgan kishilarga qilayotgan ishlari to‘g‘ri emasligi bo‘yicha tushuntirishlar berilgan. Biroq kamxarj, ixcham to‘ylar haqida odamlarning o‘zida to‘g‘ri, ongli munosabat shakllanmasa, bu borada ijobiy natijalarga erishib bo‘lmas ekan. Natijada to‘ylarni ixchamlashtirish me’yoriy hujjat asosida tartibga solinishiga zarurat tug‘ilgandi.

To‘y-ma’rakalar millatimizning azaliy qadriyatlari va an’analarini namoyon etadigan ko‘zgu ekan, ularni yuksak ma’naviy mezonlarga munosib tarzda o‘tkazaylik. Bu ezgu ishga hamma birday bosh qo‘shishi lozim, hech kim o‘zini chetga olishi, menga buning daxli yo‘q, deb loqayd bo‘lishi mumkin emas. Zero, to‘y va marosimlar shaxsiy ish emas, mamlakat va millat taqdiriga daxldor ijtimoiy ahamiyatga ega masaladir”, — deb so‘ziga yakun yasadi hokim.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (29-03-2018, 21:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 83) ( 0) ( 81) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют