» » Solijon Sharipov: O‘zbekistonda kosmonavtikani yo‘lga qo‘yish uchun yordam berishga hamisha tayyorman

Solijon Sharipov: O‘zbekistonda kosmonavtikani yo‘lga qo‘yish uchun yordam berishga hamisha tayyorman


12-aprel — Aviatsiya va kosmonavtika kuni arafasida “Xalq so‘zi” muxbiri birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov bilan muloqotda bo‘ldi.

— Solijon aka, O‘zbekiston o‘zining keyingi kosmonavtini qachon kashf etishi mumkin?

— Ochig‘i, bu birdaniga bo‘ladigan ish emas. Kosmonavtika bosqichma-bosqich rivojlantiriladigan soha. Hozirgacha 600 dan ziyod inson kosmosga parvoz qilgan. Men dunyoning 372-kosmonavti, Rossiyaning sakson sakkizinchi va birinchi o‘zbek kosmonavtiman. Koinotga uchish juda katta mablag‘ talab etadi.

O‘zbekistonda bu yo‘nalishda dastlabki qadamlar tashlandi, desam, yanglishmayman. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori hamda “O‘zbekiston Respublikasida kosmik tadqiqot va texnologiyalarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi bu yo‘nalishdagi dadil qadamdir. Davlat shu muhim yo‘nalishni rivojlantirishni istayaptimi, demak, oldinda bizni katta umid va maqsadlar kutib turibdi.

— Siz shu sohaning yetuk vakili sifatida O‘zbekistonda mazkur yo‘nalish rivojiga qanday hissa qo‘shmoqchisiz?

— O‘z vaqtida kosmonavtika bo‘yicha eng kuchli mutaxassislar O‘zbekistonda bo‘lgan. Texnika hamda texnologiyalarni ishlab chiqish, fundamental ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishda bizga teng keladigani yo‘q edi. Kosmonavtika — ilm-fanning so‘nggi yutuqlarini o‘zida aks ettiradigan soha. Biroq orada shunday holat vujudga keldiki, bu yo‘nalish e’tibordan chetda qoldi. Oqibatda mutaxassislar xorijga, asosan, Rossiyaga chiqib ketdi, shu yo‘nalishdagi ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari faoliyati to‘xtab yoki susayib qoldi.

Toshkentga har yili bir necha marta boraman. U yerda yoshlar, talabalar bilan uchrashamiz, suhbatlar uyushtiramiz. Yigit-qizlarning ko‘zida olov borligini ko‘raman. O‘zbekiston rahbari ana shu jihatlarni hisobga olib, yuqoridagi hujjatlarni imzolagani, shubhasiz. Men O‘zbekistonda kosmonavtikani yo‘lga qo‘yish, taraqqiy toptirish uchun yordam berishga hamisha tayyorman.

Bir sirni ayta qolay. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladim. Unda ikki marta fazoga uchganim, ochiq kosmosda, Xalqaro kosmik stansiyada bo‘lganim va eng asosiysi, to‘plagan tajribamni O‘zbekistonda tatbiq etishga tayyorligim haqida aytdim.

— O‘zbekiston bayrog‘ini koinotga olib chiqqaningiz haqida har gal eshitganimizda beixtiyor to‘lqinlanib ketaveramiz. Agar malol kelmasa, hozir shu haqda gapirib bersangiz.

— 1998-yili “Shattl”dagi birinchi parvozimga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida menda O‘zbekiston bayrog‘ini koinotga olib chiqish g‘oyasi tug‘ilgan. O‘shanda o‘zim bilan o‘zbek do‘ppisini ham olgandim. Koinotda boshimga do‘ppini kiyib, qo‘limda O‘zbekiston bayrog‘ini ushlab suratga tushganman. Keyinchalik shu samoga chiqqan bayroqni, uchgan parvozim bilan bog‘liq hujjatlar va NASA dublikatini Toshkentga kelganimda O‘zbekiston tomoniga topshirgan edim.

— Sizni ko‘pchilik “bu bizniki, bu bizniki” deb qizg‘anadi. Jumladan, biz ham...

— Bir qiziq holatni aytib beraman. Men o‘zim o‘zbekman. Qirg‘izistonning O‘zgan shahrida tug‘ilganman. Ukrainada o‘qiganman. Hozir Rossiya fuqarosiman. Birinchi bo‘lib fazoga AQShning kemasida uchganman. Shundan kelib chiqib, meni xalqaro miqyosdagi fuqaro deyish mumkin.

Ma’lumot uchun, Solijon Sharipov ikki bor — 1998 va 2004-yillarda parvoz qilgan, koinotda jami 201 kun bo‘lgan. Rossiya va Qirg‘iziston qahramoni unvonlari, O‘zbekistonning “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. Ayni paytda u Rossiyada Kosmonavtlarni tayyorlash ilmiy-tadqiqot sinov markazi qoshidagi kosmomarkazga rahbarlik qilmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (12-04-2018, 13:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 92) ( 0) ( 89) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют