» » O‘zbekistonda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tashkil etildi

O‘zbekistonda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tashkil etildi


Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasida urug‘chilik tizimini tubdan takomillashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda keltirildi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, birlamchi urug‘chilik va yangi, istiqbolli navlarni sinash bilan shug‘ullanuvchi elita-urug‘chilik xo‘jaliklari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatini tashkil etish masalalari hal etilmay qolmoqda.

Turli navdagi urug‘lar va reproduksiyalarni alohida yig‘ish, shuningdek, ularni saqlash va qayta ishlash sharoitlariga rioya etilishi ustidan lozim darajada nazoratning mavjud emasligi ekin materiali sifatining pasayishiga va hosildorlikning tushishiga olib kelmoqda. Bunday hollarda marketing va huquqiy tartibga solishning samarasiz tizimi qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining eksportini yetarli darajada amalga oshirish imkonini bermayapti, seleksiya va birlamchi urug‘chilikning lozim darajada bo‘lmaganligi esa ularni import qilish hajmining ortishiga olib kelmoqda.

Urug‘chilik sohasini tubdan takomillashtirish, sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish, ularni xalqaro bozorlarga yanada ilgari surish maqsadida 2018-yil 1-sentabrdan:

bitta viloyatda o‘ntadan ko‘p, bitta tumanda beshtadan ko‘p boshoqli don ekinlarining rayonlashtirilgan navlarini, shuningdek, bitta viloyatda beshtadan ko‘p, bitta tumanda ikkitadan ko‘p g‘o‘zaning rayonlashtirilgan navlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi (sinov o‘tkazish uchun joylashtiriladigan yangi navlar bundan mustasno);

boshoqli don ekinlari va g‘o‘za navlarini sinovdan o‘tkazish muddati ikki yildan, boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini sinovdan o‘tkazish muddati bir yildan oshmaydi;

qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining navlarini (boshoqli don ekinlari, g‘o‘za va kartoshka urug‘lari bundan mustasno) majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish va O‘zbekiston hududida ekish uchun tavsiya etilgan Qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritish to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi;

boshoqli don ekinlari va g‘o‘zaning urug‘larini eksport qilish Qishloq xo‘jaligi vazirligining xulosasiga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligining qarori bo‘yicha amalga oshiriladi, boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini eksport qilish uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinmaydi;

qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini import qilganda (boshoqli don ekinlari, g‘o‘za va kartoshka urug‘lari bundan mustasno), agar sinovdan o‘tkazishda qo‘llanilgan talablar O‘zbekistonda amalda bo‘lgan shunga o‘xshash talablardan past bo‘lmasa, akkreditatsiya bo‘yicha xalqaro akkreditatsiya tashkilotlari akkreditatsiya qilgan xorijiy laboratoriyalar tomonidan o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sinovdan o‘tkazish natijalari tan olinadi.

Prezidentning 17-apreldagi “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq G‘o‘za urug‘chiligi respublika markazi va Boshoqli don ekinlari urug‘chiligi respublika markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tashkil etildi.

Markaz faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari:

qishloq xo‘jaligi ekinlari, shu jumladan g‘o‘za va boshoqli don ekinlarining urug‘larini tayyorlash, foydalanish va eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantirish;

mahalliy va xorijiy seleksiya navlari, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish va rivojlantirish;

tarmoq korxonalari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekiladigan urug‘larini tayyorlash, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha normativ talablarni xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqish;

urug‘chilik sohasida ilmiy va tajriba-eksperimental tadqiqotlarni olib borishga, tarmoq korxonalarining ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish;

urug‘chilik bo‘yicha xalqaro va milliy organlar bilan o‘zaro faol hamkorlik qilish, urug‘larni ekishdan oldin ishlov berish va qayta ishlashga oid innovatsion texnologiyalarni, ushbu sohadagi nou-xaularni joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi B.N. Umarov mamlakatda zamonaviy urug‘chilik tizimini shakllantirish, markaz, shuningdek, birlamchi urug‘chilik, yangi va istiqbolli navlarni sinash bilan shug‘ullanuvchi elita-urug‘chilik xo‘jaliklari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa korxonalarning faoliyatini tashkil etishga shaxsiy javobgar etib belgilandi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (28-04-2018, 21:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 74) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют