» » Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Bir kun ro‘zani tutmagan odam 40 yil jannatni hidlay olmaydi

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Bir kun ro‘zani tutmagan odam 40 yil jannatni hidlay olmaydi


Har yili muborak Ramazon oyi yaqinlashib kelar ekan kishilar uni kutib olish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Afsuski, bu tayyorgarliklarning ko‘pi Ramazoni sharifning asl mohiyatidan uzoq bo‘lgan tayyorgarliklar bo‘ladi. “Muslimaat.uz” sayti shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning shu haqdagi fikrlarini keltirib o‘tgan.

Aslida yilning o‘n ikki oyining eng ulug‘i bo‘lgan, alohida ajrab chiqqan, Alloh taolo o‘zining oxirgi kitobi va abadiy mo‘jizasi Qur’oni Karimni nozil etgan, ro‘zasini tutishga amr qilgan bu mo‘tabar oyni boshqacharoq kutib olishi lozim bo‘ladi. Ushbu muborak oyni ro‘zasini Alloh taolo amr qilganidek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatib, o‘rgatganlaridek tutish, bu oyni fayzu barakotidan ko‘proq manfaatdor bo‘lib qolish yo‘llarini yaxshilab o‘rganish bilan kutib olish kerak bo‘ladi. Chunki bu ulug‘ imkoniyat, Allohning roziligi topish imkoniyati, taqvo hosil qilish imkoniyati va boshqa yaxshiliklar imkoniyati yilda bir marta beriladi, xolos.

Shuning uchun Ramazon ro‘zasi hukmlarini uni tutishdan oldin yana bir bor puxta o‘rganib olish lozim bo‘ladi. Bunday o‘rganish bilmaganga bilim, bilganga yanada mustahkam bo‘ladi. Ro‘za, shariat ulamolari ta’rifida, Ramazon oyida tong otgandan quyosh botgunga qadar niyat qilib, o‘zini yemoq-ichmoq va shahvoniy ishlardan tutib turishdan iborat bo‘lib, Islom dinini asosiy besh ruknidan biri hisoblanadi. Ushbu besh rukn, iymon, namoz ro‘za, zakot, hajlar bo‘lib,ulardan birortasisiz, jumladan, ro‘zasiz Islomni tasavvur qilish ham mumkin emas.

Ramazon oyi ro‘zasini tutish har bir balog‘atga yetgan aqlli shaxsga, Allohning amri Payg‘ambarimiz sollallohu alyhi vasallamning sunnatlari va Islom ummatining ijmo’si ila ikkinchi hijriy yilda farz bo‘lgan. Ya’ni ikkinchi hijriy yilda Alloh taolo Qur’oni Karimda Ramazon oyi ro‘zasini tutish haqidagi oyatlarni nozil qilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ro‘za tutib, boshqalarni ham tutishga undaganlar, ko‘plab hadisi shariflarida ro‘zaning farz ekanini bayon etganlar.

Ramazon ro‘zasini farz ekanligiga o‘sha vaqtdan hozirgacha hamma musulmonlar ittifoq qilganlar. Hech kim buni inkor qilmagan. Kim Ramazon ro‘zasini tutish farz ekanligini inkor etsa, kofir bo‘ladi. Islom millatidan chiqadi, dindan qaytgan murtadga berilgan jazoga tortiladi.

Islomda Alloh taologa shart qo‘yib banda bo‘lish yo‘q. Islomda faqat Alloh taologa butunlay taslim bo‘lish bor. Shuning uchun “Men Allohga iymoni bor musulmon odamman-u, biroq ro‘za tutmayman, bu — men bilan Allohning oramizdagi ish”, deyishga hech kimning haqqi yo‘q. Musulmonman degan odamga bu fikr tamoman yot bo‘lishi kerak.

Ro‘za tutishdan qochadiganlarning yana bir qismi xuddi yuqoridagi buzuq fikrga o‘xshash, ammo anchadan beri kishilar orasida yurgan noma’kul fikrni o‘ziga dastak qilib oladilar. Bu gapni ko‘pchilikka o‘rnashib qolishida o‘zlarini diniy ilm egasi qilib ko‘rsatib yurgan shaxslar ham sabab bo‘lgan. Bu fikr egalari “Inson mo‘min bo‘lsa, ibodatlarini qilmasa, jumladan, ro‘zani tutmasa ham, Alloh kechirishi mumkin ekan”, deydilar.

Avvalo mazkur fikrni aytib yurganlar, shahodat kalimasini ayta olmaydigan, muhit sharoiti ila o‘zini musulmon sanab yuradigan odamlar bo‘ladilar. Ularning tegirmoniga suv quyayotgan, diniy ilm nisbatini berayotganlar esa tarixda bo‘lib o‘tgan fikriy kurash va mutaassiblik ortidan chiqqan fikrni noto‘g‘ri talqin qiladilar.

Qur’oni karimda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida, sahobai kiromlar, ulug‘ ulamolar gaplarida, ro‘zani hamma tutishi farzligi haqida qayta-qayta ta’kidlangan, biror joyda biror kun tutmay qolishga ham ruxsat yo‘q. Xorijiylar mazhabi bilan “Gunohi kabira qilgan mo‘minni iymoni qoladimi yo‘qmi?” degan savol yuzasidan tortishuvda aytilgan fikrni “Umr bo‘yi ro‘za tutmay yuraversa bo‘ladi” degan fatvoga aylantirib olishga hech kimning haqqi yo‘q!

Uzrsiz Ramazoni sharifning bir kunlik ro‘zasini tutmagan odam shariat hukmi ila oltmish kun ketma-ket orasini uzmay ro‘za tutib berish kerak. Bu ham yamoq solganga o‘xshash ish bo‘ladi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Bir kun farz ro‘zasini tutmagan odam, umr bo‘yi ro‘za tutib o‘tsa ham, o‘sha ro‘zani tutilmay qolgan kunning o‘rnini to‘ldira olmaydi”, deganlar.

Boshqa bir hadisi sharifda esa “Bir kun ro‘zani tutmagan odam qirq yilgacha jannat hidini ham hidlay olmaydi”, deyilgan. Nazariy iymonga suyanib, Allohning amrlarini bajarishdan, jumladan, namoz, ro‘za, zakot kabi ibodatlardan bo‘yin tovlaydigan odamlar katta xato qiladilar.

Ulamolarimiz unday kishilarni shaytondan farqi yo‘q deydilar. Chunki shayton ham Alloh taoloning biru borligiga qattiq ishonadi. Ammo odamga sajda qil, degan buyrug‘iga bo‘ysunmagani uchun la’natga uchragan. Ushbu noto‘g‘ri fikrlarni to‘g‘rilab, Allohning barcha amrlarini bajarishga, jumladan, ro‘za tutishga o‘tganlar o‘zlari uchun foyda qiladilar.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-05-2018, 19:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 72) ( 0) ( 70) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют