Toshkentda ShHT Davlat rahbarlari sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama etildi
9–10-iyun kunlari Xitoy ning Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi. 29-may kuni Toshkentda ushbu yirik tadbirga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.
Unda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Hindiston, Pokistonning mamlakatdagi elchixonalari hamda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Shanxay hamkorlik tashkilotining nufuzi tobora yuksalayotgani, a’zo davlatlarning siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalari rivojlanib, terrorizm, diniy ekstremizm, ayirmachilik, narkotik moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasiga qarshi kurashish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi hamkorligi mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda navbatdagi sammit ShHTni rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab olish, qator sohalardagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun ulkan imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.
Manba: Daryo.uz