» » O‘zbekistonda imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibi tubdan takomillashtiriladi

O‘zbekistonda imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibi tubdan takomillashtiriladi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror imzoladi. Hujjat matnini O‘zA e’lon qildi.

Qaror bozorda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, faol tadbirkorlik rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, insofli raqobat prinsiplari amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining vazifalariga muvofiq qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining soliq tizimini isloh qilish doirasida:

sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash uchun individual soliq va bojxona imtiyozlari berish amaliyotini maksimal darajada cheklash, imtiyozlar va preferensiyalar berish, ularning iqtisodiy jihatdan asosliligi hamda samaradorligini baholash tizimini, shuningdek, ulardan foydalanishni monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish;

soliq va bojxona imtiyozlarini faqat aniq maqsadda berish tartibini ishlab chiqish hamda tasdiqlash, ularni qo‘llash samaradorligini monitoring qilish va baholash tizimini joriy etish, samarasiz foydalanilgan imtiyoz summalarini budjetga majburiy qaytarish mexanizmlarini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.

Qarorda qayd etilishicha, shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar (keyingi o‘rinlarda imtiyozlar deb yuritiladi) qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun beriladi, shuningdek, aniq maqsadga ega bo‘lishi hamda aniq ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy natijalarga erishishni ta’minlashi zarur;

vaqtinchalik imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;

individual imtiyozlar, alohida hollarda, xususiy sektor investitsiya kiritishdan manfaatdor bo‘lmagan tarmoqlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun, aniq ijtimoiy yoki iqtisodiy asoslar mavjud bo‘lganda yoxud O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan beriladi;

imtiyozlar berishga, bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatlarini tasdiqlashga doir hukumat va idoraviy qarorlarni qabul qilish taqiqlanadi;

bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatlari va ularga tuzatishlar, imtiyozlar berish to‘g‘risida qonun yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjati mavjud bo‘lgan taqdirdagina, imtiyoz berilgan tashkilot tomonidan shakllantiriladi, shuningdek, ularning kompleks ekspertizasini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasiga kiritiladi;

bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatining kompleks ekspertizasi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasining ijobiy xulosasi olingan taqdirda, tashkilot ro‘yxatda ko‘rsatilgan tovarlarni belgilangan tartibda import qilish huquqiga ega;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi berilgan imtiyozlarni muddatidan oldin tugatish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga asoslantirilgan takliflar kiritish huquqiga ega.

Imtiyozlar berishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida majburiy tartibda ekspertizadan o‘tkazilishi shart. Bunda ushbu loyihalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladigan ekspertizalarning boshqa turlari bir vaqtda o‘tkaziladi.

Ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim etilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasiga so‘ralayotgan imtiyozlar bo‘yicha asoslantirish va tegishli hisob-kitoblar majburiy tartibda ilova qilinadi, ularda loyihaning maqsadi, amalga oshirish muddati, kiritilayotgan investitsiya va eksport hajmi, yangidan tashkil etiladigan ish o‘rinlari soni, yaratilayotgan yoki joriy etilayotgan innovatsion mahsulot, texnologik yangiliklar, progressiv ilmiy izlanishlarning aniq natijalari, ishlab chiqarish, ishlar (xizmatlar, soliq tushumlari, imtiyozlarning hisoblangan summasi va boshqalar) hajmining o‘sishi ko‘rsatiladi. Ushbu hujjatlar, jumladan, quyidagilarni:

mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan istiqbolli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, imtiyozlar va preferensiyalarning alohida tarmoqlar, faoliyat sohalari va hududlarga ta’sirini;

berilayotgan imtiyozlar va preferensiyalarning budjet va jamiyat uchun samaradorligini;

ularning raqobat muhitiga va tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash nuqtai nazaridan ko‘rib chiqiladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (1-06-2018, 08:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 105) ( 0) ( 103) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют