» » Dehqonobodda dunyoda noyob hisoblangan archa navlari kesib ketilmoqda

Dehqonobodda dunyoda noyob hisoblangan archa navlari kesib ketilmoqda


Yaqinda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanining tog‘li hududida joylashgan Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligiga chegaradosh qishloqlarda bo‘ldik. Mahalliy aholi o‘rmon hududidagi noyob archa navlaridan hisoblangan va “Qizil kitob”ga kiritilgan Zarafshon archasi ayovsiz kesib ketilayotganini aytib qoldi, deb yozadi O‘zA.

Shunga ko‘ra, hududdagi Terakli qishlog‘ida yashovchi bir necha vakillar ishtirokida Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligining Sarg‘ayota o‘rmon xo‘jaligi uchastkalarini aylandik. Darhaqiqat, vaziyat o‘ta ayanchli. Noyob archa daraxtlari xo‘jasizlarcha kesib ketilgan. Taxminan bir gektar atrofidagi hududning o‘zida 50 tupdan ortiq archa kundalarini ko‘rish mumkin edi. Ba’zi birlarining yonida uyulib yotgan, barglari hali to‘kilib ketishga ulgurmagan shox-shabbalar ularning bir necha kun avval shafqatsizlarcha chopib tashlanganidan guvohlik berib turardi.

Zarafshon archasi tog‘ yonbag‘irlarida, dengiz sathidan 2600—2800 metrgacha balandlikda o‘sadi, tuproqni muhofaza qilish va namlikni saqlab turish vazifasini bajaradi. Bir gektar maydondagi archa daraxti inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan har xil mikroblarni o‘ldiruvchi 30 kilogramm miqdorda fitonsid moddasi ishlab chiqaradi.

Davlat mulki bo‘lgan tabiatga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lish, atrof-muhitga ziyon yetkazishga kim jur’at etdi? Shu savollar bilan mahalliy aholiga ham, o‘rmon xo‘jaligi vakillariga ham murojaat qildik. Ular tomonidan berilgan javoblar bir-biridan qiziq. Masalan, mahalliy aholi vakillari o‘rmon xo‘jaligi mutasaddilari daraxtlarni xufyona kesib sotib yubormoqda desa, o‘rmon xo‘jaligi xodimlari mahalliy aholi yashirincha kesib ketayotgani, bu holat yuzasidan tegishli organlarga yuzlab xatlar, arizalar bilan murojaat qilgani, ammo biror natija bo‘lmayotganini ta’kidlaydi. Kim yoki qaysi tomon haq, degan savolga tegishli idoralar javob topishar. Axir buning uchun kimdir javob berishi kerak-ku?!

Eng yomoni, kesilgan daraxt zarari qoplanishi mumkin, lekin bir tup archa niholi ekib, uni katta daraxt darajasiga yetkazish uchun 100 yildan ortiqroq vaqt ketar ekan. Bir tup archa daraxti ishlab chiqaradigan toza havo, ildizi orqali ushlab turadigan toza suvni bir necha o‘n yillardan keyin millionlab so‘mlarga ham sotib ololmaymiz. Nahotki, shu oddiy haqiqatni tushunish, anglash shunchalar qiyin bo‘lsa?



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-06-2018, 22:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 29) ( 0) ( 27) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют