» » Xorazmdagi tuzli qum bo‘roni nima sababdan yuz bergan?

Xorazmdagi tuzli qum bo‘roni nima sababdan yuz bergan?


O‘zbekiston shimoli-g‘arbida 27-may kuni kuzatilgan tuzli qum bo‘roni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jurnalist Inna Akkermanseva mavzuga oydinlik kiritish maqsadida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining loyihalarni amalga oshirish va GEF agentligi rahbari Vadim Ilich Sokolov bilan suhbatlashdi.

— Vadim Ilich, bo‘ronni haqiqatan ham Orolning qurigan tubidagi tuzlar keltirib chiqarganmi?

— NASA saytida 2018-yil boshida kosmosdan olingan suratlar taqdim qilingan. Suratlarda shuni ko‘rish mumkinki, Orolning markazida 9 kub metr suv bor. Bu suvlar 2017-yil Amudaryo va Sirdaryodan quyilib kelgan. Chindan ham, bu yili Orol sathining asosiy qismi suv bilan qoplanganini ko‘rish mumkin. Dengizning qurigan tubida u qadar katta miqdorda tuz yo‘q. Hoynahoy tuz Orolbo‘yining sho‘rlagan yerlari va atrofdagi sug‘orilayotgan maydonlardan ko‘tarilgan. Tuzlar yer osti suvlari tufayli yuzaga keladi. Orolning qurigan tubida esa yer osti suvlari shu qadar chuqurlikka cho‘kkanki, so‘nggi 10 yil davomida tuproqning sho‘rlanishini keltirib chiqarmay qo‘ygan.

Bu ma’lumotlarning barchasi qurigan Orol va Orolbo‘yi hududini yalpi monitoring qilish zarurligidan dalolat beradi. So‘nggi vaqtlarda bu haqda ko‘p gapirildi, biroq amaliy choralar ko‘rilmadi. Monitoring tizimi esa taxminlarga emas, real faktlarga tayanib ish ko‘rish imkonini beradi.

— Tuz bo‘ronlari tez-tez ro‘y beradimi?

— So‘nggi 7—8 yil davomida Orol tubi va Orolbo‘yida qum va tuz bo‘ronlari har yili 90 kungacha davom etadi. Biroq bu qadar kuchli shamol shu vaqtgacha kuzatilmagan.

— 27-may kuni yuz bergan bo‘ron shunchaki oddiy bo‘ron emas-ku, to‘g‘rimi? Ehtimol, bu bir necha kun ilgari Ostonada kuzatilgan va tajribali mutaxassislarni ham hayratda qoldirgan po‘rtananing ta’siridir?

— Men bu bo‘yicha mutaxassis emasman, biroq shuni aniq ayta olamanki, Ostonadagi dovulga Orolning aloqasi yo‘q. Bularning barchasiga sayyoradagi iqlim o‘zgarishlari sabab bo‘lgan. O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq jarayonlar boshqa hududlarga nisbatan keskinroq namoyon bo‘ladi. Negaki biz qit’aning qoq markazida joylashganmiz.

Tuzli qum boronining kelib chiqishida kopchilik sizlarOrolni qutqarishga masul tashkilotlarni ayblayapti. Hoynahoy bunday fikrlar bildirilayotganidan xafa bolsangiz kerak?

— Albatta, bu kabi noo‘rin tanqid hamda vahimali va muhimi, asossiz ma’lumotlarni eshitganda xafa bo‘lmay iloji yo‘q. Bu kabi taxminlar avj olishining sababi kimyoviy tahlil natijalarining hali-hanuz e’lon qilinmagani bilan bog‘liq. Men iyun oyining boshida Mo‘ynoqda bo‘ldim. U yerda qoraygan va naycha shakliga kelib qolgan uzum barglarini ko‘rib hayratga tushdim. Bunday holatga avval duch kelmagan edim. Mahalliy aholining aytishicha, ilgari o‘simliklarni qoplagan tuz oson yuvib tashlangan, biroq oxirgi bo‘ronning qoldiqlari yuvilmayapti. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu qoldiqlar tuzning o‘zi emasligi, ular orasida sodaning izlari ham borligi haqida yozgan.

 — Bo‘ron tuz bilan birgalikda ishlab chiqarish va konlardan changlarni ham uchirib kelgan bo‘lishi mumkinmi?

— Bo‘lishi mumkin. Shubhasiz konlar atrofida zavodlarning qurilishi iqtisodiyot uchun foydali, biroq shu bilan birgalikda, ekologiya haqida ham unutmaslik kerak-ku. Bunday hududlar atrofidagi ekotizimlarni muhofaza qilish uchun alohida mablag‘lar ajratilishi lozim. Masalan, Orol tubidan gaz olish bilan shug‘ullanadigan korxonalar biz 20 yil ilgari ekkan saksovullarni nobud qildi. Aslida esa tabiatni muhofaza qilishning yo‘llari ko‘p. Yaqinda Orol fojiasi oqibatlarini kamaytirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TIKA) O‘zbekistondagi vakili Ali Ixsan Chaglar 3000 gektar yer maydoniga saksovul ekishni taklif qildi. Balki bu dengizdan tomchiday gapdir, lekin shuning o‘zi ham Orolga yordam hisoblanadi.

— Vadim Ilich, siz rahbarlik qilayotgan agentlik tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Bu yili davlat budjetidan 785 million so‘m mablag‘ ko‘chat ekishga ajratildi. Ammo ko‘chat ekishning o‘zi kamlik qiladi, qumlarning mexanik muhofazasi haqida ham o‘ylab ko‘rish kerak. 1 million gektar hududga ko‘chat ekish va yerlarni sug‘orish ishlari 2030-yilga qadar davom ettirilishi rejalashtirilgan.

— Mavzuga qaytsak, 27-may bo‘ronining kimyoviy tahlil natijalari hali e’lon qilinmadi. Orol dengizini qutqarish konsepsiyasini ishlab chiqishda ushbu tahlillar asqatishi mumkinmi?

— Albatta, har qanaqa ma’lumot keyingi harakatlarimizni rejalashtirishda asqatadi. Bugungi real holatni bilish — ertaga samarali choralar ko‘rishning garovi. Yana takrorlab aytaman, Orol va Orolbo‘yi hududlari monitoringini yo‘lga qo‘yish ishiga jiddiy kirishish zarur.

Inna Akkermanseva, jurnalist.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-06-2018, 18:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 91) ( 0) ( 90) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют