» » Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi

Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-iyul kuni yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Preziden matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoyev “Kamolot” yoshlar harakati negizida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuzilganligi, yoshlar bilan ishlashda yangi tizim va yondashuvlar joriy etilayotganligini ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, yoshlar bilan ishlashda hali kamchiliklar ko‘pligi ham qayd etildi. Jumladan, Yoshlar ittifoqi tadbirlarida dabdababozlik, yuzakilik ko‘zga tashlanayotgani, yoshlar bilan manzilli ishlashga, ularning muammolarini hal etishga yetarli e’tibor berilmayotgani tanqid qilindi.

Joylardagi 4 ta sektor rahbarining ko‘pchiligi hali yoshlar masalasi bilan to‘la shug‘ullanmayapti. Ichki ishlar idoralari, mahalla qo‘mitalari, boshqa jamoatchilik tashkilotlari va ta’lim muassasalarining ham bu boradagi ishlari ko‘ngildagidek emas. Ba’zi hollarda esa yoshlar bo‘yicha mas’ul lavozimlar vakant bo‘lib qolmoqda.

Buning oqibatida yoshlarning ijtimoiy muhim masalalari e’tiborsiz qolmoqda. Qarovsiz va nazoratsiz qolgan yoshlar tomonidan turli jinoyatlar sodir etilmoqda.

Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislik va biznes ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha Toshkent viloyatining Quyichirchiq va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yangi tizim sinovdan o‘tkazilgani qayd etildi.

Unga ko‘ra, mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan tuman pasporti ishlab chiqilgan. Mahallalarda “Yoshlar mehnat guzarlari” tashkil etish uchun bino va yer maydonlari ajratilib, tashabbuskor tadbirkorlar jalb qilingan. Tadbirkorlik, baliqchilik, bog‘dorchilik, savdo-sotiq qilish istagidagi yigit-qizlarga zarur mablag‘ va resurslar berilgan. Yoshlarni qiynab kelayotgan 1,5 mingdan ziyod muammo aniqlanib, mingdan ortig‘i joyida hal etilgan, qolgan 500 tasini ham hal etish choralari ko‘rilgan.

Ushbu tajriba natijalaridan kelib chiqib, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilindi.

Bu dastur 1-iyuldan boshlab, barcha tuman va shaharlarda amalga oshirila boshlandi. Yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi va uning tuman (shahar) filiallari tashkil etildi. Jamg‘armaga bu yil jami 770 milliard so‘m ajratiladi. Jamg‘arma mablag‘laridan yoshlarning biznes loyihalari uchun yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kreditlar beriladi.

Dasturda har bir tumanda ajratiladigan kredit hajmi va uni oluvchilar soni, kredit beriladigan faoliyat yo‘nalishlari, buning natijasida yaratilishi zarur bo‘lgan ish o‘rinlarining miqdori aniq belgilangan.

Shuningdek, Dasturga ko‘ra joylarda fermerlarga bir nafardan band bo‘lmagan yoshni biriktirib, unga bir gektar yer ajratish orqali ish bilan ta’minlash bo‘yicha yangi mexanizm joriy etish ko‘zda tutilgan.

“Hokimlar va sektor rahbarlari uyushmagan, hech qayerda ishlamaydigan yoshlar bilan shaxsan uchrashib, xuddi o‘zining farzandi bilan gaplashganday muomala qilib, muammolarini o‘rganib, ularga yelkadosh bo‘lishi va eng avvalo ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rishi lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektorda mutasaddi va joylardagi rahbarlar jam bo‘lgani bois ayni kunlardagi yana bir dolzarb masala – g‘o‘za parvarishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu yil ob-havoning quruq va salqin kelishi sababli g‘o‘za rivoji 10—15 kunga, ba’zi joylarda 20—25 kunga kechikkani qayd etildi.

“Paxta bizga rejani bajarish uchun emas, ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadini oshirish, turmush darajasini yaxshilash uchun kerak”, — dedi Prezident.

Yig‘ilishda 5-iyuldan 5-sentabrga qadar “hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi” e’lon qilindi. Bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-07-2018, 20:42)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 83) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют