» » Farg‘onadagi “Bo‘ston” mahallasi qachon o‘z nomiga munosib bo‘ladi?

Farg‘onadagi “Bo‘ston” mahallasi qachon o‘z nomiga munosib bo‘ladi?


Farg‘ona viloyati Rishton tumanida “Obod qishloq” dasturi asosida “Xurramobod” va “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilishi belgilangan. Hozirga qadar manzilli chora-tadbirlarga muvofiq, mazkur hududlarda bir qator ishlar bajarildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Xususan, “Xurramobod” mahalla fuqarolar yig‘inida ichki yo‘llar ta’mirdan chiqarildi, ko‘chalar obodonlashtirilib, tobora chiroy ochmoqda, turli maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qad rostlamoqda. Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatilib, tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.

Afsuski, Farg‘ona-Qo‘qon avtomobil yo‘lida joylashgan “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inida mazkur yo‘nalishdagi ishlar sust bajarilmoqda. Sababi, dastur ijrosiga mutasaddi bo‘lgan rahbarlar bunga befarq munosabatda bo‘lmoqda.

Hududdagi katta yo‘l bo‘yida joylashgan, talabga javob bermaydigan uy-joylar, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari buzilib, zamonaviy me’morchilik asosida qayta qurilishi belgilangan. Ammo mas’ul tijorat banklari tomonidan bu yerdagi tadbirkorlar va aholiga kredit ajratishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilmoqda. “Qishloq qurilish bank” va “Ipoteka bank” Farg‘ona filiallari xodimlari faoliyatiga aholida haqli e’tirozlar bo‘lmoqda. Chunki, tijorat banklari vakillari “quruq va’dalar” bilan yuribdi.

Namunaviy loyiha asosida uy-joylar qurish va ta’mirlash, loyiha-smetalarini ishlab chiqish borasida ham mutasaddi tashkilotlar qo‘l qovushtirib turganini qanday izohlash mumkin? Aksariyat xonadonlarning kadastr hujjati yo‘q. Ehtimol, mana shular ham banklarning kredit ajratishida to‘siq bo‘layotgandir.

Uch mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan mahalla fuqarolar yig‘inida aholi asosan hunarmandchilik va tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. E’tiborli jihati, Rishton azaldan hunarmandchiligi bilan ham mashhur. Shuning uchun tumanga ko‘plab xorijlik sayyohlar tashrif buyuradi. Albatta, bu hudud yanada obod bo‘lib, infratuzilmasi yaxshilansa, aholining ham farovonligi oshadi. Vaqt o‘tib bormoqda, amaliy ishdan esa darak yo‘q.

“Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Hazrati Xizr” ziyoratgohi joylashgan bo‘lib, bu yer doimo ziyoratchilar bilan gavjum. Lekin ziyoratchilar uchun hech qanday sharoit yo‘q, sanitariya talablariga javob bermaydi. Bu yerdagi savdo-sotiq bilan shug‘ullanayotganlarni ko‘rib, taajjubga tushishingiz aniq, “qo‘lbola” savdo rastalari, ariqqa tashlangan axlat uyumlari hech bir mutasaddini qiziqtirmaydi.

Bugun bu yerdagi aholi “Obod qishloq” dasturidan ko‘p narsalarni kutmoqda. Faqat ularga zarur ko‘mak ko‘rsatish, og‘irini yengil qilish kerak, xolos. “Bo‘ston” o‘z nomi bilan bog‘-u bo‘stonga, obod maskanga aylanishi kerak.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (19-07-2018, 23:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 90) ( 0) ( 89) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют