» » Go‘sht qachon arzonlashadi?

Go‘sht qachon arzonlashadi?


“XXI asr” nashrida “Go‘sht narxi qachon arzon bo‘ladi?” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Uni to‘lig‘icha keltirib o‘tamiz.

Yaylovlarga munosabat yaxshilanmas, tubdan o‘zgarmas ekan, bu savolga hali-beri ijobiy javob berish mushkul.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, odam bir yilda o‘rtacha 55 kilogramm go‘sht iste’mol qilishi zarur. Mutaxassislar 2025-yilga borib, O‘zbekistonda aholi jon boshiga go‘sht iste’moli 0,25 barobarga oshishi va yiliga 54,8 (hozirda 41 kg) kilogrammni tashkil qilishi borasida fikrlar bildirishyapti. Ularning taxminlari haqiqatdan ham amalga osharmikin?

Bunday savol tug‘ilishining sababi shundaki, mamlakatimizda go‘sht va go‘sht mahsulotlari borgan sayin qimmatlashyapti, bu esa albatta, yurtdoshlarimizning ushbu hayotiy zarur oziq-ovqat mahsulotini sotib olish imkoniyatini pasaytirmoqda. Chunonchi, o‘tgan yilning iyul oyida bozorlarimizda mol go‘shti narxi 18 mingdan 25 ming so‘mgacha bo‘lgan. Shu kunlarda esa 32 mingdan 40 ming so‘mgacha chiqdi. Supermarket va xususiy do‘konlarda bundan-da qimmat. Boshqacha aytganda, go‘sht bahosi bir yil mobaynida qariyb 50 foizga oshgan. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda esa 2018-yilning dastlabki uch oyida mol go‘shti o‘rtacha 6,2 foizga, qo‘y go‘shti 5,8 foizga qimmatlashgan. Xullas, aholining xarid qobiliyati bilan mazkur mahsulot narxi o‘rtasidagi tafovut tobora kattalashyapti.

Go‘sht narxining uzluksiz yuqorilab borayotgani bir qancha omillar bilan izohlanyapti. Jumladan, ozuqa-yem mahsulotlari tannarxining yuqoriligi, realizatsiya qilishda vositachilarning ko‘pligi, ozuqa-yem yetishtirish uchun yer maydonlarining yetishmasligi, joylarda chorvachilik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash komplekslarining yetarlicha rivojlanmagani singari omillar tilga olinyapti. Qayd etish joizki, o‘tgan yili O‘zLiDeP bilan Bank-moliya akademiyasi hamkorligida o‘tkazilgan davra suhbatida go‘sht qimmatlashishini keltirib chiqargan sabablarga doir savollar ham o‘rtaga tashlangan, munozarada  o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti doktoranti Muhiddin Yusupov bu borada o‘z mulohazalarini quyidagicha bayon qilgan edi:

—      Hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz, go‘sht ancha  qimmatlashib ketdi. Bu mavzu juda ko‘p muhokama qilinmoqda. Nega shunday holat yuz berdi? Avvalo shuni aytish kerakki, mamlakatimizda 2005—2016-yillar oralig‘ida ozuqa ekin maydonlari 40 foizga kamayib ketdi. 1990-yilda jami ekin maydonlarining deyarli 25 foiziga ozuqa ekinlari ekilgan ekan. Hozir esa 9 foizga ham yetmaydi. Ikkinchidan, bizda go‘sht va sutning 95 foizini dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar yetishtiryapti. Lekin ularni qo‘llab-quvvatlash uchun shu paytgacha nimalar qildik, degan savolga xolis javob berishimiz lozim. Tan olish kerakki, ularning o‘g‘it, yoqilg‘i-moylash materiallari, yem-ozuqa, qo‘shimcha yer ajratilishi bilan bog‘liq muammolari hal qilinishiga ko‘maklasha olmayapmiz...

Bu sabablarning barchasi asosli, ularning hammasi ham u yoki bu darajada go‘sht narxi shakllanishiga muayyan ta’sir ko‘rsatyapti. Lekin eng asosiy omil, ba’zi olimlar, ekspertlarning fikricha, chorva mollari boqiladigan yaylovlar muammosidir. Ularning fikr-mulohazalari va takliflarini e’lon qilishni maqsadga muvofiq, deb topdik.

Muammoga ilmiy yondashuv kerak

Yaylov chorvachiligining o‘ziga xos xususiyati shundaki, chorva hayvonlari deyarli yil bo‘yi yaylovlarda oziqlantiriladi. Yaylov ozuqasi esa eng arzon ozuqa hisoblanadi. Shunday ekan, yaylov chorvachiligida go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarishga qilinadigan xarajatlar qoramolchilikdagiga nisbatan ancha kam bo‘lib, mahsulot ishlab chiqarish tannarxning pastligi tufayli go‘sht arzonlashishiga olib keluvchi omil hisoblanadi. Ammo respublikamizda go‘sht mahsulotlarining narxi yildan-yilga ko‘tarilib bormoqda. Buning sababini biz yaylovlarning hozirgi holati va ularning chorva hayvonlarini ozuqa bilan ta’minlash imkoniyatlaridan izlashimiz kerak.

Yaylovlar inqirozini yuzaga keltiruvchi omillardan eng muhimlari global iqlim o‘zgarishi, Orol dengizining qurishi, tuproqlarning sho‘rlanishi kabilar bo‘lsa-da, lekin o‘simlik qoplamining inqirozini keskin jadallashtiruvchi omil sifatida inson faoliyatini alohida ko‘rsatib o‘tish o‘rinli. Yaylovlardan uzluksiz va pala-partish foydalanish, buta va yarim buta o‘simliklarini o‘tin va boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun chopib olish yaylovlar inqirozi va cho‘llanish jarayonini yuzaga keltiruvchi eng jiddiy xavfdir. Yaylovlardan yil bo‘yi foydalanish natijasida o‘simliklarning normal o‘sib rivojlanishi va urug‘ hosil qilishi, tuproqqa urug‘larning to‘kilishi kabi muhim tabiiy jarayonlar yo‘qqa chiqyapti. Urug‘ yo‘q, demak, o‘simlik ham bo‘lmaydi. Oqibat shuki, ilgari 100 xildan ortiq o‘simlik o‘sadigan qumli cho‘llarda hozir 25-35 turdagi o‘t-o‘lan mavjud, ya’ni biologik xilma-xillik deyarli 3-4 marotabaga kamaygan. Bu esa o‘z navbatida yaylov hosildorligining pasayishi va ozuqa to‘yimliligining yomonlashuviga olib keladi. Adir yaylovlarida aslida 200 turdan ortiq o‘simliklar o‘sishi uchun qulay sharoit bor. Ammo bugungi kunda o‘simliklar xilma-xilligi adirlarda 45-50 turdan oshmaydi. Ta’kidlash zarurki, cho‘l sharoitida, ayniqsa, butalarning ahamiyati juda katta. Aniqlanganki, saksovul shamol tezligini 2 marta kamaytiradi, qorning yerda uzoq saqlanishiga, namlikning tuproqqa chuqurroq singishiga sabab bo‘ladi, ya’ni o‘z atrofida o‘ziga xos mikroiqlim hosil qiladi, boshqa o‘simliklarning yaxshi rivojlanishiga sharoit yaratadi. Kuzatishlardan ma’lum bo‘lishicha, saksovul ixotazorlari ta’sirida tabiiy yaylovlar hosildorligi 20 foizga ortadi. Afsuski, oxirgi 20-30 yil davomida saksovullar o‘tin sifatida ishlatish maqsadida ayovsiz kesildi, hatto ildizlarigacha kovlab olindi.

Men bevosita shunga guvoh bo‘lganmanki, AQShning Yuta, Aydaxo, Vayoming shtatlarida yaylov chorvachiligi bilan shug‘ullanuvchi fermerlar tabiiy yaylovlardan mutlaqo foydalanishmaydi. Ularning yaylovlarida izen, erkak o‘t, teresken, esparset kabi yuqori to‘yimli va hosildor ko‘p yillik o‘simliklar ekilgan va bu yaylovlardan qat’iy tartib bilan, mavsumiy foydalanishadi. Avstraliya fermerlari yaylovlar holatini yaxshilash uchun boshqa chora-tadbirlar qatorida bir yillik o‘simlik urug‘larini sepishni ham yo‘lga qo‘yishgan.

Chorva hayvonlarini suv bilan ta’minlashda ham muammolar mavjud. Quduqlar ta’mirlanishga muhtoj, ko‘plarida suv yo‘q. Suvsiz yaylovlardan foydalanish ilojsiz, suvli yaylovlardan esa tinimsiz foydalanilmoqda. Bu yaylovlar inqirozini yanada kuchaytiryapti. Shu bois “Yaylovlar melioratsiyasi” tresti faoliyat yo‘nalishlaridan yana biri — suv manbalarini ta’mirlash, yangilarini ishga tushirishdan iborat bo‘lishi lozim. Umuman, “Yaylovlar melioratsiyasi” trestlari yaylov chorvachiligi rivojlangan barcha viloyatlarda tashkil qilinishi ayni muddaodir.

Yana bir taklif. 2017-yilning 1-yanvar holatiga O‘zbekistondagi yaylovlar 21,1 million gektarni tashkil qilmoqda. Respublikamiz yaylov fondini Orol dengizining qurigan qismi hisobiga yana 3-4 million gektarga kengaytirishimiz mumkin, chunki bunday yerlardan faqatgina yaylov sifatida foydalanish imkoniyati bor.

Muxtasar aytganda, cho‘l yaylovlarining hosildorligini oshirmay turib, ularda boqilayotgan chorva hayvonlari bosh sonini ko‘paytirishning iloji yo‘q. Vaholanki, mamlakatimiz aholisining ortib borishi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirishni taqozo qiladi. Shu bois yaylov chorvachiligini rivojlantirishga e’tiborni kuchaytirish, uning asosiy ozuqa bazasi bo‘lgan yaylovlar hosildorligini fitomelioratsiyalash orqali bir necha bor oshirish dolzarb vazifadir. Shundagina chorva hayvonlari bosh sonini keskin oshirib, go‘sht mahsulotlari narxining pasayishiga, aholining turmushi farovonlashuviga erishishimiz mumkin.

Abdullo RABBIMOV,

Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi

Chorvador nima deydi?

Samarqand viloyatida 797 ming 979 gektar yaylov bor. Ularning asosiy qismi Nurobod (150 ming 461 gektar) va Qo‘shrabot (356 ming 951 gektar) tumanlarida joylashgan. 5 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat tasarrufiga 236 ming 843 gektar yaylovlar berilgan. Bu maydonlarda 100 ming bosh qo‘y-echki boqilyapti. Shuningdek, 26 ming gektar yaylov 83 ta fermer xo‘jaligiga ajratilgan.

— Bu yil chorva uchun g‘oyat og‘ir keldi,— deydi Nurobod tumanida faoliyat yuritayotgan “Nurbuloq lalmi yaylov” fermer xo‘jaligi rahbari Erkin G‘aniyev. – Yaylovlarda hech nima bitmadi. 600 bosh qo‘yimizni yuz kundan beri Jizzaxning Baxmalida o‘tlatayotgandik. O‘t tugadi, endi fermer xo‘jaliklarining g‘alladan bo‘shagan maydonlarida bir bosh qo‘y uchun 3-4 oyga 17 ming so‘mdan to‘lab boqayapmiz. Yozni-ku amallab o‘tkazamiz, oldindagi qish ko‘proq tashvishga solyapti bizni. Bir telejka somon 800 mingdan bir million so‘mgacha sotilyapti. Chorva xo‘jaliklari uchun ozuqa bazasi tashkil etilishi masalasi hal qilinishi zarur. Agar chorva ozuqasiga doir muammolar bartaraf qilinmasa, go‘shtning narxi arzon bo‘lishi qiyin.

Xo‘sh, yana o‘sha, hammamizni o‘ylantirayotgan “Go‘sht qachon arzon bo‘ladi?”, “Yaylovlardan xo‘jasizlarcha foydalanishni kim nazorat qiladi? Bu borada parlament deputatlari biror amaliy chora ko‘rishlari vaqti kelmadimi?”, “Shu paytgacha mahalliy aholi bemalol o‘z chorva mollarini emin-erkin boqib kelgan yaylovlar, bo‘sh maydonlarni hokimliklar shoshma-shosharlik bilan asossiz ravishda tarqatib yuborilishi qachon to‘xtatiladi?” degan qator haqli savollarga bir maqolamiz doirasida javob topolmasligimiz aniq. Lekin shunday bo‘lsa-da, ushbu mavzu mamlakatimiz iqtisodiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lganligi bois ayrim fikr-mulohazalarni keng jamoatchilik e’tiboriga havola etyapmiz.

Biz odatda oqibat bilan kurashishga o‘rganib qolganmiz. Tepadan kimdir “Go‘sht narxini tushirish kerak”, desa, darrov qassoblarning yoqasidan olamiz. Ular ham rasmiyatchilik uchunmi, qaltis vaziyatdan qutulish bahonasida noiloj qolgach,  yolg‘ondakam bo‘lsa-da, “Go‘sht narzi ... so‘m” deb yozib qo‘yadi-yu, orqavorotdan 20-30 foiz qimmatiga sotaveradi. Mana, jamiyatimizda ko‘zbo‘yamachilik, zo‘rma-zo‘rakilik kabi illatlar urchib borayotganining ildizi qayerda?

Hozir chorva o‘tlaydigan yaylov qolmadi hisob. Hatto dala chetida arqonlab ham mol boqolmaysan, negaki, hamma yerning egasi tayin, balandparvoz nomiyam bor, falon fermer xo‘jaligi... Qani, ichkaridanmas, chekkadan bo‘lsayam bir bog‘ o‘t  yulib ko‘r-chi, mol-poling bilan qamab qo‘yadi. Bunisi holva, hozir, aksariyat viloyatlarda lalmi maydonlar, qir-adirlar, tog‘oldi hududlarigacha duch kelgan odamga so‘ramay-netmay tarqatib yuborilayotganiga hammamiz tomoshabinlik qilib o‘tiribmiz. Bu ahvolda chorva mollari kamayib ketishi aniq va go‘shtning narxi ham arzonlashishi mushkul.

                   Behzod ISROILOV,

Muhabbat RAVShANOVA,

                                                                              “XXI asr” muxbirlari



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (26-07-2018, 09:42)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 68) ( 0) ( 66) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют