» » 2017-yil kuzida vafot etgan toshkentlik uch qizaloqning o‘limi sabablari noma’lumligicha qolmoqda

2017-yil kuzida vafot etgan toshkentlik uch qizaloqning o‘limi sabablari noma’lumligicha qolmoqda


2017-yilning kuzida Toshkent shahar Olmazor tumanida uch qizaloqning o‘limi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Na ota-ona, na sud qizlarning aslida nimadan vafot etganini hanuz aniqlay olgani yo‘q, deb yozmoqda “Nuz.uz”.

2017-yilning 8-noyabrini Dildora va Ziyovuddin Mo‘minovlar kechagiday eslaydi.

— Tungi soat 3:30 da qizlarning ahvoli og‘irlashdi, uchalasi ham tinmay qayt qilar edi, — deydi Ziyovuddin Mo‘minov. — Kun yorishishini kutib, ertalab ularni 21-poliklinikaga olib bordim. Shifokor Odilova ularning nima yegani haqida so‘radi. Men ularning uyda osh yeganini aytdim. Ikki kun ilgari kafeda kabob olib bergandim. Shifokor oshqozon disfunksiyasi tashxisni qo‘yib, “Kreon”, “Smekta”, “Serukal” dorilarini yozib berdi va bizni uyga jo‘natib yubordi. Shuningdek, shifokorlar ertasi kuni qon tahlilini topshirish uchun kelishni aytdi. Ro‘yxatda keltirilgan dorilarning hammasini sotib oldim. Peshinga borib qizlarning ahvoli yaxshilanganday bo‘ldi. Biroq kechga borib yana mazalari qochishni boshladi. Shunda biz zudlik bilan Olimpiya massividagi Respublika pediatriya shifoxonasiga bordik.

Jinoiy ishlar bo‘yicha Olmazor tuman sudining protokolida yozilishicha, bolalar soat 21:50 da shifoxonaga keltirilgan. Qizlarning kichigi — Mohirani otasi qo‘lida ko‘tarib kelgan. U allaqachon klinik o‘lim holatiga tushib bo‘lgan edi. Uni darhol jonlantirish bo‘limiga yuborishgan. Munisa va Muxlisa hali yurishga qodir edi. Ularning tana harorati yuqori, shuningdek, yurak urishi tezlashgan edi. Navbatchi shifokor To‘laganov Deksametazon ukolini yozib bergan. Biroq 4 yoshli Mohiraga bu kor qilmagan va u 20 daqiqadan keyin jonlantirish bo‘limida hayotdan ko‘z yumgan.

— Qizimning lablari ko‘kardi, o‘zi esa oqarib ketdi, — deydi Ziyovuddin Mo‘minov. — Men uni qo‘llarimda ko‘tarib borar edim. Qizim o‘layotgan edi. Kenja qizimning yuragi urishdan to‘xtaganida shifokor buning biror jiddiyroq sababi borligini anglab yetdi. Shifokor To‘laganov “Tez yordam” chaqirdi va qizlarni zudlik bilan Uchtepa tumanidagi infeksion kasalliklar shifoxonasiga olib borishni aytdi. Men pediatriya shifoxonasida qoldim, rafiqam esa katta qizlarimizni olib infeksion kasalliklar shifoxonasiga ketdi.

Soat 22:30 da infeksion kasalliklar shifoxonasiga yetib kelgan ona va uning ikki o‘layotgan qizchasi darrov qabul qilinmadi. 6 yoshli Munisaning sillasi qurib bo‘lgan edi. Uni Dildora Mo‘minova bilan birgalikda shifoxonaga kelgan qo‘shnisi qo‘lida ko‘tarib olgan. 7 yoshli Muxlisa hali mustaqil yura olayotgan edi. Hujjatlarni rasmiylashtirgan navbatchi shifokor Mustafoyeva bolalarni bo‘limga olib kirib ketgan. Onaga esa qabulxonada kutish aytilgan. Bir soat o‘tgach, shifokor bu kasallik bo‘yicha ularda mutaxassis yo‘qligini aytgan. Biroq qizlarga qanday tashxis qo‘yilganini shifokor aytmagan. Yana 2 soat o‘tib, 1:20 da Munisaning yuragi urishdan to‘xtagan. 3:30 da Muxlisa ham hayotdan ko‘z yumgan. Farzandlarining o‘limi haqida Dildora ertalab xabar topgan.

Shifokorlar bir kunda vafot etgan uch qizning hech biriga aniq tashxis qo‘ya olmagan. Sud-tibbiyot ekspertizasi mutaxassislari ham o‘lim sababini aniqlay olmagan. Vaholanki, tergov va sud jarayoni davomida uch marotaba ekspertiza o‘tkazilgan. Shu kunga qadar oziqaviy zaharlanishni “Enam” dori vositasi keltirib chiqargani asosiy taxmin bo‘lib qolmoqda. Biroq qizlarning ota-onasi bu taxmin sud-tibbiyot ekspertlari va tergovchilar tomonidan osmondan olingan, deb hisoblaydi. Sud va mutaxassislar ham bu fikrni ma’qullagan.

16-noyabr kuni o‘tkazilgan sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, qizlar “Enam” dori vositasini qabul qilganidan keyin vafot etgan. 25-dekabr kuni o‘tkazilgan takroriy ekspertiza bolalarning qonidan benzoldikarbon kislotasini aniqlagan. Ya’ni, shifokorlar G.Odilova va N.To‘laganovlar qizlarni zarur tekshiruvdan o‘tkazmagan, shifoxonaga yo‘llanma bermagan, jonlantirish bo‘limiga yotqizmagan, bu bilan qizlarni qutqarish mumkin bo‘lgan vaqt qo‘ldan boy berilgan.

Sud hay’ati prokuratura tomonidan olib borilgan tergovda qizlarning o‘limini keltirib chiqargan asl sabablar aniqlanmagan, deb topgan. Shuningdek, sud vakillarini ikki ekspertiza natijalarining bir-biridan bu qadar keskin farq qilishi taajjubga solgan. Natijada sud uchinchi sud-tibbiyot ekspertizasini o‘tkazishga ko‘rsatma bergan. Uchinchi ekspertiza bolalarning “Enam”dan zaharlanganini aniqlagan.

Sud jarayonida guvoh sifatida qatnashgan Respublika sud ekspertizasi markazi mutaxassisi qizlarning qonida “Enam” dori vositasi aniqlanmagani, buni o‘sha vaqtda laboratoriya mudiriga aytgani haqida ko‘rsatma bergan. O‘z navbatida, laboratoriya mudiri ekspertiza o‘tkazilayotganidan xabardor bo‘lgan, biroq uning natijalari bilan qiziqmagan.

Sud-tibbiyot ekspertizasi asosiy byurosi mutaxassisi qizlardan olingan qonni tekshirish uchun bergan, og‘zaki ravishda bu haqda xodimlariga aytgan. Biroq byuro mutaxassisi qizlarning qonida “Enam” bor, deb hisoblagani uchun natijalar bilan qiziqmagan.

Tibbiyot akademiyasi shifokori, ekspertlik komissiyasi a’zosi qizlarning “Enam”dan o‘lgan bo‘lishi mumkin emasligini aytgan. Buning uchun ularning har biri 10—12 tadan tabletka qabul qilishi kerak edi. Mo‘minovlarning uyidagi dorilar qutisida esa bor-yo‘g‘i 4 ta “Enam” tabletkasi topilgan. Dorining bo‘sh idishlari esa aniqlanmagan.

Tibbiyot fanlari doktori, Samarqand tibbiyot instituti xodimi ham bolalarning “Enam”dan o‘lgan bo‘lishi mumkin emasligini tasdiqlagan. Negaki, dorining ta’sir qilish vaqti 4 soatni tashkil qiladi.

Sud mutaxassislar fikrini hisobga olgan va bolalar o‘limining asl sababi hozirgacha aniqlanmaganini tan olgan. Shuningdek, sud har uchala ekspertizani o‘tkazishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilgan, degan xulosaga kelgan. Bundan tashqari, sud tergov davomida infeksion kasalliklar shifoxonasi xodimlarining harakatlari to‘liq o‘rganib chiqilmagan, deb topgan. Negaki, tergov jarayonning asosiy qatnashchilari poliklinika shifokori Odilova va pediatriya shifoxonasi xodimi To‘laganov edi. Biroq sud infeksion kasalliklar shifoxonasi xodimlarining harakatlarida bir qancha qarama-qarshiliklar bor, degan xulosaga kelgan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, qizlar o‘ta og‘ir ahvolda kelgan. Boshqa guvohlarning ko‘rsatmalariga qaraganda esa Muxlisa o‘zi yurib kelgan, Munisaning ahvoli esa og‘irlashgan va uni Mo‘minovlarning qo‘shnisi ko‘tarib kelgan. Biroq ikkala qiz ham hushini yo‘qotmagan, ikkisi ham bemalol gapirar edi.

Sudda ko‘rsatma bergan ekspertlardan ba’zilari ikki qizni qutqarishning imkoni bor bo‘lgani, biroq shifoxonada kerakli mutaxassislar bo‘lmaganini aytgan. Uztelekom kompaniyasi bergan ma’lumotlarga qaraganda, navbatchi shifokor opa-singillardan birining vafotidan keyingina toksikologga qo‘ng‘iroq qilgan.

Sud qizlarning o‘limi sababi aniqlanmagan, sud-tibbiyot ekspertizasi kerakli darajada o‘tkazilmagan, zarur guvohlar ko‘rsatmalari tinglanmagan, degan xulosaga kelgan. Natijada Toshkent shahar prokuraturasiga tergov ishini davom ettirish topshirilgan.

Fojiali vafot etgan qizlarning ota-onasi — Dildora va Ziyovuddin Mo‘minovlar “Enam” bilan zaharlanish to‘g‘risidagi taxminni inkor qilmoqda, negaki ularning uyida hech qachon bu dori katta miqdorda bo‘lmagan. Qizlari o‘lgan vaqtda Dildora homilador edi. Hozirda Mo‘minovlarning bir qizi bor. Ular tergov jarayoni qizlarining aslida nimadan vafot etganini aniqlab berishini kutmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (3-08-2018, 19:12)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 69) ( 0) ( 67) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют