» » O‘zbekistonliklarning tarvuzning narxini eshitganda tarvuzi qo‘ltig‘idan tushmoqda

O‘zbekistonliklarning tarvuzning narxini eshitganda tarvuzi qo‘ltig‘idan tushmoqda


O‘zbekistonda ayni pishiqchilik mavsumi bo‘lishiga qaramay, poliz mahsulotlarining bahosi arzonlashmayapti. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.

Buni Markaziy bank tomonidan iyul oyida ayrim iste’mol tovarlari va xizmatlar narxi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring natijalari ham tasdiqlaydi. Unda keltirilishicha, o‘tgan yillardagiga qiyoslanganda tarvuz va qovun narxlari yuqoriligicha qolmoqda. Hozirgi paytda tarvuzning bir kilogrammi o‘rtacha 800-1800 so‘m, qovunniki esa 1800-3200 so‘m atrofida.

Sodda qilib aytganda, o‘rtacha kattalikdagi tarvuzni 10 ming so‘mdan kamiga ololmaysiz. Boz ustiga, paykal boshida tarvuz-qovunni tekin yeb, donabay xarid qilishga odatlangan xalqimizga bu ne’matni kilolab sotishayotgani erish tuyulayotgani ham bor gap.

Xo‘sh, poliz mahsulotlari nega qimmat? Ularning yoz faslidayoq taqchil bo‘lib qolishining sababi nimada? Monitoringda bu tabiiy omillar va ekin maydonlari qisqargani bilan izohlanmoqda. Aslida ham shundaymi?

Yashirishning hojati yo‘q, shu paytga qadar polizchilikka e’tibor juda past edi. Tarvuz, qovun, qovoq oraliq va takroriy ekin sifatida ekilgan, xolos. Ayrim ishbilarmon fermerlargina paxta hamda g‘alla maydonlari uvatlarida bo‘sh qolgan bir parcha yerda poliz mahsulotlari yetishtirishning uddasidan chiqishgan. Shular orqali ichki va tashqi bozorda birdek talab katta bo‘lgan bunday noz-ne’matlarga nisbatan ehtiyojni qondirish imkonsiz ekanligini anglash uchun kishi olim yoki iqtisodchi bo‘lishi shart emas.

Shu ma’noda, oxirgi yillarda ushbu masalaga davlat miqyosida ahamiyat berila boshlangani dehqonlarning umidini uchqunlantirgandek bo‘ldi. Gap shundaki, qisqartirilgan past rentabelli paxta maydonlari o‘rniga asosiy ekin sifatida poliz joylashtirila boshlandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilda 14,4 ming gektar ana shunday yerda poliz ekinlari ekildi.

— Bundan tashqari, g‘alladan bo‘shagan maydonlarning qariyb 50 ming gektarida poliz ekinlari parvarishlanishi ko‘zda tutilgan, — deydi vazirlikning Sabzavotchilik, kartoshkachilik va poliz ekinlari boshqarmasi boshlig‘i Zafar Ortiqov. — Shuning hisobiga 2,2 million tonna hosil olinishi rejalashtirilgan. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 130 ming tonna ko‘p degani.

Demak, ekin maydonlari qisqartirilmagan. Aksincha, ko‘paygan. Axir ilk bor joriy yilda poliz mahsulotlari asosiy ekinlar qatoriga kiritilganini hisobga olsak, mantiqan to‘g‘ri-da. Biroq mustaqil kuzatuvchilarning fikri boshqacharoq. Ular poliz maydonlari kamaygan, degan qat’iy pozitsiyada. Buni shu paytgacha ushbu turdagi noz-ne’matlar dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilar tomonidan yetishtirilgani, o‘tgan yili tarvuzning bahosi hozirgidan ikki baravardan ham past bo‘lgani, oqibatda yaxshi foyda ko‘rmagan aksariyat oilalar bu mavsumda polizdan voz kechib, uning o‘rniga piyoz, sarimsoqpiyoz kabi ekinlar ekkani bilan isbotlashga harakat qilmoqda.

Ehtimol shundaydir. Lekin ko‘klamda salkam 14,4 ming gektarga poliz urug‘i qadalgani rost.

Taqdim etilgan ma’lumotlarni ko‘zdan kechiramiz. Unda bayon etilishicha, masalan, paxtadan bo‘shatilgan maydonlarning poliz uchun ajratilgan qismi barcha hududda maqsadli taqsimlangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatini hisobga olmaganda, albatta.

Eng katta maydon tarmoqda dovrug‘ qozongan Sirdaryo (8279 gektar), Surxondaryo (1376 gektar), Jizzax (1332 gektar) viloyatlari ulushiga to‘g‘ri keladi. Haqli savol tug‘iladi: unda muammo nimada? Yo mo‘ljaldagi hosil olinmadimi? Dehqonlarning fikri bilan qiziqqanimizda, asosiy sabab sifatida bu yilgi noqulay ob-havo sharoitini ko‘rsatmoqda.

— Dehqonchilik barori tabiat bilan-da, — deydi Oq oltin tumanilik usta dehqon Safar Mamadaliyev. — Ayniqsa, polizchilikda yerdagi nam va harorat maromida bo‘lishi kerak. Shunda urug‘ tez unadi, ildiz otib, palak yoyadi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, bu yil may oyi salqin kelib, iyunning boshlarigacha saqlanib turdi. Bu hol ekin rivojini susaytirdi. Ayni saratondagi anomal issiq havo hodisasi, garmsel oqibatida erta va o‘rtapishar tarvuzlar gul va hosil tugunchalarining katta qismini to‘kib yubordi. Bu esa hosil salmog‘iga putur yetkazmay qolmadi.

Tarvuz — issiqsevar, yoruqsevar, shuningdek, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik. Shu bois Markaziy Osiyoda u ekiladigan maydoni jihatidan poliz ekinlari orasida qovundan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Hosildorligi yuqori. Nav xususiyati, tuproq unumdorligi, agrotexnika tadbirlariga qarab, gektariga 20 — 60 tonnani tashkil etadi.

— Bu yilgi sharoitda bunday yuqori hosil olish qiyin, — deydi chiroqchilik Nurbek Normuhammadiyev. — Chunki suv taqchil. Tomorqamning 20 sotixiga ertagi, yana shunchasiga kechki tarvuz ekkandim. Ayni guldan chiqib, hosili vazn yig‘adigan payt suv uzilib qoldi. Bu paytda jo‘yaklarga suv jildiratib qo‘yilsa, quchog‘ingizga sig‘maydigan tarvuz bitadi. Ekinni chanqatib qo‘yganimiz tufayli birinchi terimdagi tarvuzlar “tars-tars” yorilib qoldi. Shukr, ikkinchi terim yaxshi bo‘ldi. Xarajatlarim qoplandi. Endi umidim kechkisidan.

Tan olish kerak, bugun meva-sabzavotchilikda bo‘y ko‘rsatayotgan muammolarning o‘q ildizi urug‘chilikka borib taqaladi. Sababi, xorijning usti yaltiroq matohlariga lol bo‘lib, bebaho boylik bo‘lgan asl navlarni yo‘qotib qo‘ydik. Bozorlarni aylanib, “Marmar tarvuz”, “Manzur”, “Olmos”, “Dilnoz”ni topolmaysiz. Ko‘klamgacha sarxil saqlanadigan xalq seleksiyasi mahsullari bo‘lgan tarvuzlar anqoning urug‘iga aylaganiga ancha bo‘ldi. Kunimiz po‘sti qalin, mag‘zi esa rezinkaday cho‘ziladigan, atigi bir marta hosil beradigan Gollandiyaning duragaylariga qoldi.

Modomiki, polizchilikdagi vaziyatni o‘nglamoqchi ekanmiz, ishni, eng avvalo, seleksiyadan boshlashimiz darkor. Asl navlar tiklanmas ekan, tuproq-iqlim sharoitiga mos, hosildor navlar yaratilmasa, barcha sa’y-harakatlar bekor.

Tabiiy omillarga qaramasdan, aytish mumkinki, tarvuz hosilining cho‘g‘i kam emas. Paykallarda har kuni ming-ming tonnalab hosil uzilib, transportlarga joylanyapti. Lekin ulgurji dehqon bozorlarida ham har yilgi manzara — uyum-uyum tarvuz, qovunlarni ko‘rmaysiz. O‘yga tolasan, odamlar orasida yurgan gap-so‘zlar rostmikan: poliz mahsulotlari chetga chiqib ketayotgani uchun narxi pasaymayapti.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyatiga murojaat qildik. Jamiyat mutaxassislarining aytishicha, 2018- yilning 7 oyida 1221 tonna tarvuz, 5244 tonna qovun eksport qilingan. Taqqoslash uchun aytganda, o‘tgan yilning shu davrida 423 tonna tarvuz, 3487 tonna qovun chet ellik buyurtmachilarga yetkazib berilgan edi.

Ko‘rinib turibdiki, tarvuz eksporti salkam uch barobar oshgan. Geografiyasi ham kengaygan. Tabiiyki, buni ijobiy holat sifatida baholamoq lozim. Mahalliy qovun-tarvuzlar yaqin va olis davlatlarda ham tobora xaridorgir bo‘lib borayotganidan faqat quvonishimiz kerak. Lekin eksport hajmining o‘sishi ichki bozorga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi, iste’molchilarning e’tiroziga sabab bo‘lmasligi zarur. Buning uchun bozor talabini chuqur o‘rganish lozim. Yo‘qsa, muvozanatni saqlash o‘ta mushkul.

Iqtisodchilarning fikricha, bozor iqtisodiyoti sharoitida marketing asosiy o‘rinni egallaydi. Mamlakat qishloq xo‘jaligida ayni shu jihat oqsayotgani tufayli ayrim mahsulotlar o‘ta arzon, boshqalari esa qimmat. Bu yilgi mavsum misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, piyoz, sarimsoqpiyoz, no‘xat, kartoshka narxi tushib ketgan, olma, shaftoli, uzum, gilosning bahosi barqarorligi ta’minlangan bo‘lsa, tarvuz va qovun qimmatlashgan. Balki kechpishar tarvuzlar taroziga tushgach, vaziyat yaxshilanar.

Agar ekinlarni joylashtirishda, ichki va tashqi bozorning real ehtiyojlari inobatga olinmasa, puxta marketing asosida ish tutilmasa, bunday holat u yoki bu ko‘rinishda takrorlanaveradi.

Amaliyotga resurs tejamkor, innovatsion agrotexnikalarni tatbiq qilish, bozor mexanizmlarini izchil qo‘llash lozim. Toki, dehqonda hadik emas, balki mehnatiga yarasha daromad olishga ishonch paydo bo‘lsin. Ana shunda tarvuz bozoriga tushgan odamlarning qo‘ltig‘idan tarvuzi tushmay, og‘rinmasdan xarid qiladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (6-08-2018, 14:42)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 95) ( 0) ( 93) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют