» » Sherzod Shermatov: O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish uchun xususiy maktablarni ko‘paytirish kerak

Sherzod Shermatov: O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish uchun xususiy maktablarni ko‘paytirish kerak


“Ma’rifat” gazetasining elektron versiyasida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bilan umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalari hamda bu borada amalga oshirilayotgan yangiliklar haqida uyushtirilgan intervyu e’lon qilindi.

Vazir O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish, xalq ta’limi tizimini tubdan isloh qilish uchun yana qanday ishlarni amalga oshirish zarur deb hisoblashi haqida gapirdi.

— Rivojlangan mamlakatlar tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ta’lim sohasini takomillashtirish iqtisodiyotning o‘sishiga olib kelishiga guvoh bo‘lamiz. Albatta, bunda demografik dividend ham muhim rol o‘ynaydi. YuNISEF xalqaro tashkiloti direktori o‘z ma’ruzasida demografik dividend haqida muhim ma’lumotlarni keltirarkan, bu atama aholining ishlash layoqati oshgani hisobiga tug‘ilishning biroz kamayishini anglatishini aytadi. Masalan, Janubiy Koreyada 1960-yillarda bir ayolga 6 nafar bola to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 1989-yillarda bu ko‘rsatkich 2 nafarni tashkil etgan. O‘zbekistonda ayni paytda bir ayolga 2-2,6 bola to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni, bugun biz erishgan bosqichga Janubiy Koreya qariyb 30 yil avval erishgan. Agar hozir ta’lim sohasiga katta e’tibor qaratsak, 20—30 yildan keyin biz ham qulay demografik dividendga erishamiz. Demografiyaning muhimligi shundaki, u har qanday iqtisodiy siyosatning asosiy qismi sanaladi. Koreya Respublikasi demografik dividenddan doim oqilona foydalangani uchun ularda rivojlanish sur’ati yuqori. Ammo biz Koreyaga yetib olishimiz uchun jarayonni bosqichma-bosqich amalga oshirishimiz zarur.

Xalq ta’limi sohasini isloh etishda, birinchi navbatda, moliyaviy tizim shaffofligini ta’minlash lozim. Maktablarga ajratiladigan pul miqdorini oshirgan holda, sarflanishini rasman nazorat qilish kerak. Chunki haligacha maktablarda pulni to‘g‘ri yo‘naltirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan.

Ko‘p hollarda maktab xarajatlari uchun davlat tomonidan ajratilgan mablag‘lar direktor va boshqa rahbarlar tomonidan o‘zlashtirib ketilgan. Natijada maktablar rivojlantirilmay qolgan. Bu esa ota-onalarning davlat ta’lim muassasalaridan hafsalasi pir bo‘lib, farzandini xususiy maktablarga berishiga sabab bo‘lmoqda. Aslida, ota-onalarning farzandining yaxshi maktabda o‘qishini istashi tabiiy hol. Lekin bu bir hudud maktablarida koeffitsiyentning buzilishiga sabab bo‘lyapti. Ayrim maktablarda bolalar nihoyatda ko‘p, ayrimlarida esa yetishmaydi. Ba’zi maktablardagi sinfxonalarda 50 nafarlab o‘quvchilar o‘tirishi shundan. Agar hamma maktablar birdek rivojlantirilib, yetarlicha moliyalashtirilsa, bu muammo bartaraf etiladi.

Ta’lim sifatini oshirish uchun mamlakatimizda xususiy maktablarni ko‘paytirish kerak. Ularni qurish uchun bizda joy ham, tadbirkorlar ham yetarli. Biroq nima uchundir hamma o‘zini do‘kon yoki to‘yxona qurishga uryapti. Buning o‘rniga tadbirkorlar bitta bo‘lsa ham xususiy maktab qursa, yuzlab bolalarning sifatli ta’lim olishiga hissa qo‘shgan bo‘ladi.

Maktablarda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni kuchaytirishimiz lozim. Bugun davr — yangicha. Avvalgidek axborot texnologiyalarini tushunmayman, degan gaplar ketmaydi. Hozir axborot oqimi nihoyatda yuqori. Ilg‘or pedagog kundalik yangiliklardan boxabar bo‘lib, zamon bilan hamnafas yashashi lozim. Shundagina u o‘quvchilariga yanada ko‘proq bilim bera oladi.

Maktablarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va internet yetishmasligi sababli boshqaruv tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Hatto o‘quvchilar soni haqida ham aniq ma’lumotlar yo‘q. Avvalroq oliy o‘quv yurtlarida elektron ta’lim dasturi ishga tushirilgandi. Ushbu tizim maktablarda ham yo‘lga qo‘yilsa, ularning holatini ham aniq raqamlarda ko‘rib borish, hisob-kitoblarni avtomatlashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Buning uchun qishloq maktablarida ham internet tarmog‘ini yaxshilash, undan faqat direktor emas, barcha o‘quvchilarning foydalanishini yo‘lga qo‘yish lozim. Shundagina ko‘zlangan natijalarga erishiladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-08-2018, 10:57)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 94) ( 0) ( 92) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют