TIV 4 nafar o‘zbekistonlik Bangkok aeroportida ushlab turilgani yuzasidan bayonot berdi
O‘zbekistonning 4 nafar fuqarosi Tailandga kiritilmaganligi va Bangkok aeroportida ushlab turilganligi munosabati bilan Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti 2018-yil 7-sentabr kuni fuqarolar Q.Sa’dullayev, J.Qurbonov, A.Inog‘omov, A.Abdullayev mazkur masala yuzasidan O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilganini xabar berdi.
Shu kunning o‘zida vaziyatni voqea joyining o‘zida o‘rganish va zarurat bo‘lsa konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish uchun Bosh konsulxona xodimi Bangkok shahri aeroportiga bordi.
Tailand immigratsiya xizmati bo‘linmasining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur fuqarolarning mamlakatga kirishlariga rad javobi berilishiga ular tomonidan tashrif maqsadi, yashash joyi to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlarning shubha tug‘dirgani sabab bo‘lgan.
Hozirgi vaqtda Bosh konsulxona O‘zbekiston fuqarolarini navbatdagi aviareys bilan mamlakatga qaytarish uchun Tailandning tegishli hokimiyat organlari va “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi vakolatxonasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.
Manba: Daryo.uz