» » Gollandiyada otib tashlangan 101 o‘zbek. Ularning Vatan tarixida qanday o‘rni bor?

Gollandiyada otib tashlangan 101 o‘zbek. Ularning Vatan tarixida qanday o‘rni bor?


Bugun, 27-sentabr kuni Yoshlar ittifoqi press-klubi binosida Ikkinchi jahon urushi paytida fashistlar tomonidan qiynoqqa solingan, keyinchalik vahshiylarcha otib tashlangan o‘zbeklar xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan “101” loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova xabar berdi.

Ushbu tadbirda “Sovet shuhrat maydoni” fondining rahbari Remko Reyding boshchiligidagi Niderlandiya delegatsiyasi, qahramonlarcha halok bo‘lgan o‘zbeklar haqidagi “101” romani mualliflari Anvar Ergashev va Yuliya Medvedovskaya, “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov, davlat tashkilotlari rahbarlari, diplomatlar, xorijiy va mahalliy OAV vakillari ishtirok etdi.

Yoshlar Ittifoqi binosiga kiraverishda urush yillarini yodga soluvchi sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Yosh aktyorlar asirlikka olinib, qiynoqqa solingan o‘zbek askarlari obrazini gavdalantirdi. Urush davrlaridagi qo‘shiqlar ijro etildi.

“Sovet shuhrat maydoni” fondi rahbari Remko Reydingning 20 yillik tadqiqotlari natijasida dunyo ahli Gollandiyada otib tashlangan va dafn qilingan 101 o‘zbek, ularning fojiali taqdiri va jasorati haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.  2017—2018-yillarda yozuvchilar Anvar Ergashev va Yuliya Medvedovskayalar “O‘zbekkino” Milliy agentligi hamkorligida olib borgan tadqiqotlar esa 101 o‘zbek haqidagi yangi ma’lumotlarning yuzaga chiqishiga sabab bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘zbek askarlari fashistik Germaniyaning yirik “propaganda mashinasi” qurbonlariga aylangan hamda o‘ta muhim va sirli aksiya uchun tanlab olingan edi.

Adolf Gitler shaxsan reyxministr Gebbels va reyxfyurer Gimmlerga Qizil armiya askarlari haqida proganda ruhidagi film olishni buyurgan edi. Ushbu filmda Qizil armiya askarlari insoniy fazilatlardan mahrum bo‘lgan, kuchsiz va taraqqiy etmagan mavjudot singari ko‘rinish berishi kerak edi.

Bularning barchasi esa Moskva uchun jang qilish arafasida turgan askarlarning ruhini ko‘tarish uchun qilinayotgan edi. Mazkur filmni yaratish fyurer tomonidan eng muhim topshiriq etib belgilandi. U 1914-yilning noyabr oyida namoyish etilishi kerak edi. Suratga olish guruhiga reyxning eng yaxshi kinematograflari jalb etildi. 101 o‘zbek asir olinga “Amersfort” konslagerida esa film uchun material tayyorlanishi kerak edi.

Fashistlar bir necha oy mobaynida o‘zbeklarni och qoldirib, ularga hatto suv ichishni ham taqiqlagan, askarlarni ruhan hamda jismonan qiynoqqa solib, ularni nemis askarlarining ruhini ko‘tarish uchun suratga olinadigan filmning bosh qahramonligiga tayyorlar edi.

Shunday kunlarning birida suratga olish guruhi “Amersfort” konslageriga tashrif buyurdi. Qo‘llari bog‘langan holda saqlanayotgan 101 o‘zbek askariga bir dona buxanka uloqtiriladi. Kinochilarning fikricha, ular bir burda non uchun bir-birini urib o‘ldirishi kerak edi. Ana shunday jarayonni suratga olishga shay turgan nemislarning xafsalasi pir bo‘ldi: O‘zbeklar Gitlerning barcha rejalarini chippakka chiqardi. Uloqtirilgan nonni askarlardan Yoshi bo‘yicha eng kichigi borib oladi, uni ko‘ziga surib, tavof qilgach, yoshi eng katta askarga uzatadi. Yoshi katta askar esa bir nonni 101 bo‘lakka bo‘lib, uni hammaga ulashib chiqadi. O‘zbeklar nonni yeb bo‘lgach, yuzlariga fotiha tortadi.

O‘zbeklar tomonidan ko‘rsatilgan milliy madaniyat, tartib-intizom, qahramonlik nemislarni darg‘azab qiladi.

Shu tarzda fashist askarlarining ruhi ko‘tarilmaydi, ular Moskva uchun jangda mag‘lub bo‘ladi. Bu jangda Germaniya armiyasi bir million nafar askaridan ayriladi. Bu g‘alabada Vatan uchun mardlarcha halok bo‘lgan 101 o‘zbekning hissasi katta!

Ikkinchi Jahon urushida fashist armiyasiga qarshi kurashda matonat ko‘rsatgan 101 o‘zbekning xotirasini abadiylashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yilning 24-iyulida “Milliy kinosanoatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Unga ilova qilingan “Yo‘l xaritasi”da 2020-yil fevraliga qadar “101” nomli badiiy film suratga olish haqida ko‘rsatma berilgan. Ikkinchi Jahon urushida fashizmga qarshi kurashda qatnashgan o‘zbekistonliklar nomini abadiylashtirishga bag‘ishlangan film “101” nomli roman asosida suratga olinadi.

Mavzuga doir: Zafar Hoshimov Gollandiyada otilgan 101 o‘zbekka bag‘ishlangan filmga qo‘shgan hissasidan mamnunligini bildirdi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (27-09-2018, 18:57)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 92) ( 0) ( 90) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют