» » O‘zbekistonda propiskadagi uzilish vaqti uchun ba’zi nafaqalar to‘lanadi

O‘zbekistonda propiskadagi uzilish vaqti uchun ba’zi nafaqalar to‘lanadi


O‘zbekistonda propiskadagi uzilish vaqti uchun ba’zi nafaqalar to‘lanadi. Vazirlar Mahkamasining 25-sentabrdagi 766-son qarorida shu va boshqa choralar nazarda tutilgan. Hukumatning ayrim hujjatlariga tegishli tuzatishlar kiritilgan, deb yozadi Norma.

Pensiya va nafaqalarni tayinlash va to‘lash, shuningdek pensiya tayinlash uchun mehnat staji va sug‘urta badallarini hisobga olish masalalari yuzasidan o‘zgartirishlar kiritildi.

Birinchidan, vaqtinchalik propiska (Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida kelgan joyi bo‘yicha hisobga olish) yoki yashash uchun ruxsatnomaga (xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun) ega bo‘lgan, bolalikdan nogironlarga va 18 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga, shuningdek ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar to‘lashni tiklash tartibiga aniqlik kiritildi. Hisobga olishning ko‘rsatilgan turlarining amal qilish muddati tugagan bo‘lsa, nafaqa to‘lash to‘xtatiladi va hisobga olishning yangi sanasidan boshlab davom ettiriladi. Bunda nafaqani to‘lash to‘xtatilgan paytdan, biroq 12 oydan ortiq bo‘lmagan paytdan boshlab uni olish mumkin.

Misol. Fuqaroning Toshkentdagi vaqtinchalik propiskasining amal qilish muddati 2017-yil 1-iyunda tugagan. 2018-yil sentabrda shaxs poytaxtda kelgan joyi bo‘yicha yana hisobga olingan va to‘lanishi to‘xtatilgan nafaqani olish uchun pensiya bo‘limiga murojaat qilgan. Joriy etilgan tartib mohiyatidan kelib chiqilsa, mazkur shaxs 2017-yil iyundan 2018-yil iyungacha bo‘lgan davr uchun, ya’ni o‘tgan 12 oy uchun nafaqa olishi mumkin. 2018-yil iyul–avgust oylari uchun nafaqalarni olmaydi, sababi ular 12 oylik davrga kirmaydi. To‘lov to‘lash esa 2018-yil sentabrdan, ya’ni fuqaro yana hisobga olingan sanadan boshlab tiklanadi. 

Ikkinchidan, pensioner mamlakat tashqarisiga doimiy yashash uchun ketayotganda pensiyani muddatidan oldin to‘lash tartibiga aniqlik kiritildi. Ma’lumki, bunday hollarda pensioner ketishgacha 6 oylik pensiyasini ariza berilgan kundagi uning miqdori hisob-kitobidan kelib chiqib olishi mumkin. Endi pensiya to‘lanadigan 6 oylik davr qanday hisoblanishiga aniqlik kiritildi. U ketishdan avval pensiya to‘lash uchun arizada ko‘rsatilgan sanadan boshlab hisoblab chiqiladi, bunda ariza berilgan oyda hisoblangan (to‘langan) pensiya puli hisobga olinadi.

Misol. Doimiy yashash uchun ketayotgan pensioner 20-avgustda ketishdan avvalgi 6 oy uchun pensiya to‘lashni so‘rab pensiya bo‘limiga ariza berdi. U pensiyani avgust oyidan yanvar oyigacha oladigan bo‘lib chiqayapti. Sababi ketishdan avval pensiya to‘lashni so‘rab ariza bergan oy (avgust) 6 oylik davrni hisoblashda inobatga olinadi.

Uchinchidan, ish bilan ta’minlangan shaxslarga budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni endi soliq organlari beradi. Ilgari soliqchilar barcha ma’lumotlarni pensiya bo‘limlariga taqdim etar, ular o‘z navbatida sug‘urta badallari bo‘yicha ma’lumotnomalarni berar edi. Ko‘rsatilgan ma’lumotnomalar pensiya tayinlashda ish stajini belgilash uchun zarur.

To‘rtinchidan, belgilanishicha, tayyorlov kurslarida o‘qish davri ish stajiga qo‘shib hisoblanmaydi. Hujjatda tayyorlov kurslari tushunchasiga nimalar kirishi yuzasidan aniqlik kiritilmagan. Kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari nazarda tutilayotgan ko‘rinadi.

Beshinchidan, mehnat daftarchasidagi sud tartibida soxtalashtirilgan (qalbakilashtirilgan) deb topilgan yozuvlar mehnat faoliyatining oxirgi 10 yillik davriga kiritilmasligi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, pensiyalar miqdorini hisoblab chiqarish uchun oylik ish haqini hisoblash zarur bo‘ladi. Ishdagi tanaffuslar mavjudligidan qat’i nazar, oxirgi 10 yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket 5 yil uchun pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etgan kishining tanlovi bo‘yicha oylik ish haqi olinadi. 

Oltinchidan, chet elda yollangan holda ishlovchi shaxslar, YaTT, shuningdek dehqon xo‘jaligi a’zolari va oilaviy tadbirkorlik subyekti oila a’zosining sug‘urta badallarini hisobga olish tartibiga tuzatish kiritildi. Ular Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘laganliklari dalilini tasdiqlovchi asosiy hujjatlar quyidagilardir:

Eslatib o‘tamiz, ilgari sug‘urta badallari hisobga olinishi uchun ular pensiya bo‘limiga murojaat qilishlari zarur edi.

Yettinchidan, yuqorida ko‘rsatilgan tuzatishlarga ko‘ra, to‘langan sug‘urta badallari asosida chet elda ishlovchilarning mehnat stajini hisobga olish tartibiga o‘zgartirishlar kiritiladi. Hozir buning uchun Tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha agentlikning mamlakat va chet elda bo‘lish davri haqidagi ma’lumotnomasini rasmiylashtirish kerak emas. Ushbu ma’lumotnoma Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini to‘lash va mehnat daftarchasiga tegishli yozuvlarni qayd etish uchun asos bo‘lib hisoblanadi.

Endi chet elda bo‘lish davri mehnat daftarchasidagi yozuvlar, pasportdagi davlat chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi yozuvlar (muhrlar, shtamplar yoki belgilar), respublika diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining shaxsning boshqa davlatda bo‘lgan vaqti va konsullik hisobiga qo‘yilganligi haqida ma’lumot ko‘rsatilgan tegishli hujjatlar asosida tasdiqlanadi.

Qarorda boshqa bir qator o‘zgartirishlar ham nazarda tutilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-10-2018, 19:42)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 114) ( 0) ( 112) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют