» » Amir Temur va Fransiya qiroli o‘rtasidagi maktublar nima haqda edi?

Amir Temur va Fransiya qiroli o‘rtasidagi maktublar nima haqda edi?


“Xalq so‘zi” Temuriylar tarixi Davlat muzeyi direktori Xurshi Fayziyevning Amir Temurning Fransiya qiroli bilan yozishmalari haqidagi maqolasini e’lon qildi. Uni to‘lig‘icha keltirib o‘tamiz.

Jahon tarixida Fransiya bilan do‘stona munosabatlarimiz teran ildizlarga ega ekanini ifoda etuvchi ma’lumotlar ko‘p uchraydi.

Xususan, XIV asr o‘rtalarida Buyuk Ipak yo‘lining o‘arb mamlakatlariga olib boruvchi tarmog‘i turli nizolar tufayli inqirozga uchragan edi. O‘sha davrda Amir Temur turli sohalarda qit’alararo aloqalar tiklanishiga sharoit yaratib berdi. Sohibqironning Yevropa qirollari bilan olib borgan muloqotlari orasida, ayniqsa, Fransiya qiroli Karl VI bilan yozishmalari alohida tarixiy ahamiyatga ega. 1394 va 1399-yillarda Amir Temur huzuriga kelgan Vizantiya imperatorining Konstantinopoldagi muovini Fransuaga Sandro ismli vakil hamroh bo‘lgan. Sandroning qo‘lida Genuyaning homiysi bo‘lgan Fransiya qirolining Amir Temur nomiga yozilgan maktubi bor edi.

1402-yilda Karl VI Amir Temur bilan mustahkam siyosiy aloqalarni o‘rnatishga intildi. Ular yozishmalarining bir qismi Fransiya hujjat arxivida saqlanadi. Mazkur maktublarda Amir Temur qirolning Sharqqa nisbatan siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda, o‘z davlati bilan Fransiya o‘rtasida savdo-sotiq yo‘lga qo‘yilishining ahamiyatiga e’tibor qaratadi: “Bizning u ulug‘ amirdan kutganimiz shuldurki, doimo bizga shohona maktublarni yuborib, salomatliklarini bildirib tursalar, toki biz xotirjam bo‘lgaymiz. Yana sizning savdogarlaringiz bu tarafga qatnab tursalar, biz bu yerda ularni azizu mukarram tutg‘umizdir, shuningdek, bizning savdogarlar u tarafga yuborilsa, siz ham ularni azizu mukarram tutsangiz, hech kimsa ularga zo‘rlik qilmasa va zarar-zahmat yetkazmasa! Chunki dunyo savdogarlar bilan oboddir!”.

Sohibqironning Fransiya qiroliga yozgan, bizning davrimizgacha lotincha tarjimasi yetib kelgan ikkinchi maktubi ham 1402-yil 1-avgust sanasi bilan belgilangan. Har ikkala maktub arxiyepiskop Ioann III tomonidan Fransiyaga yetkazilgan. 1403-yil iyunda Parijga yetib borgan arxiyepiskop Amir Temurning Fransiya qirolligini qiziqtiruvchi taklifini bayon etadi. Unda ikki davlat savdogarlarining erkin savdo munosabatlarini ta’minlash va savdo erkinligini tegishli bitim orqali kuchga kiritish o‘z ifodasini topgandi.

Amir Temurning o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi tashabbusi Fransiya qiroli tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingani 1403-yil 15-iyunda Karl VI ning Sohibqiron nomiga yo‘llagan maktubida o‘z ifodasini topadi. “Yaratganning marhamati bilan franklar qiroli Karl muhtaram hazrat va muzaffar podshoh Temurbekka salom yo‘llaydi va tinchlik tilaydi” so‘zlari bilan boshlanadigan mazkur maktubda Fransiya bilan Amir Temur davlati o‘rtasida savdo aloqalarini o‘rnatish masalasiga katta ahamiyat qaratiladi va shunday so‘zlar bilan yakunlanadi: “Biz sizning ishlaringizni, foydali takliflaringizni qabul qilamiz, imkoni bor joylarda (ularga) barobar va undan ortiqroq iltifot ko‘rsatishga va’da beramiz”.

Amir Temur ham, Karl VI ham o‘zaro do‘stlik va birdamlikdan hamda savdo bitimi tuzishdan manfaatdor bo‘lishganini mazkur maktublardan anglash mumkin. Akademik Akmal Saidov va Lyusen Keren hammuallifligidagi “Amir Temur va Fransiya” nomli asarda Vensan Frunyoning Amir Temur haqidagi ushbu fikri qayd etilgan: “Amir Temur mavzusi G‘arbiy Yevropada Klavixo va Jenkinson safarnomalari e’lon qilinmasdan burun, shuningdek, Ibn Arabshoh, Sharafiddin Ali Yazdiy singari tarixchilarning asarlari tarjima qilinmasdan oldin tarixiy va adabiy mavzu sifatida mavjud bo‘lgan”.

Vatanimiz mustaqillikka erishgach, O‘zbekiston dunyoning turli mamlakatlari bilan bo‘lgani kabi Fransiya bilan ham siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni o‘rnatdi. Shunday qilib, Amir Temur va Karl VI tomonidan tamal toshi qo‘yilgan hamkorlik hamda birdamlik munosabatlari bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida yangi sur’atda rivojlanib bormoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-10-2018, 11:57)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 72) ( 0) ( 71) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют