» » Akmal Saidov: O‘zbekiston tashqi siyosatining Yevropa yo‘nalishida Fransiya ustuvor o‘rinni egallaydi

Akmal Saidov: O‘zbekiston tashqi siyosatining Yevropa yo‘nalishida Fransiya ustuvor o‘rinni egallaydi


Parlamentdagi “O‘zbekiston — Fransiya” do‘stlik guruhi rahbari Akmal Saidov ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, xususan, parlamentlararo hamkorlik haqida “Xalq so‘zi Online”ga intervyu berdi.

“O‘zbekiston tashqi siyosatining Yevropa yo‘nalishida Fransiya ustuvor o‘rinni egallaydi. Birinchidan, Fransiya Yevropa ittifoqi ta’sis etilishining lokomotivi va tashabbuskorlaridan biri sanaladi. U hamisha YeIda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Ikkinchidan, Fransiya BMT Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a’zolaridan biridir. U ulkan atom-energetika salohiyatiga ega yadroviy davlat bo‘lib, dunyoda iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar qatorida turadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti, yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llash bo‘yicha jahonda yetakchilardan hisoblanadi. Boy sivilizatsiya va madaniyatga ega. Huquqshunos sifatida yana shuni aytishim mumkinki, Fransiya dunyoda demokratiya rivojlanishi va inson huquqlari himoyasi sohasida andoza sanaladi.

Fransiya O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan va yurtimizda birinchilardan bo‘lib o‘z elchixonasini ochgan. Davlatlarimiz o‘rtasida o‘tgan 25 yil davomida ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro aloqalarning barcha yo‘nalishida ishonchli va mustahkam munosabatlar yo‘lga qo‘yildi.

Mustaqil O‘zbekiston tarixida mamlakatning Fransiyadagi birinchi elchisi bo‘lish baxti menga nasib etgan”, — deydi Akmal Saidov.

Akmal Saidov O‘zbekiston—Fransiya munosabatlarining so‘nggi ikki yil ichida qanday rivojlangani haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:

“Oxirgi ikki yilda tomonlarning sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston — Fransiya munosabatlari rivoji uchun yangi istiqbollar va imkoniyatlar ochilmoqda. Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama hamkorlik ravnaqida yangi sahifa yaratadi. Binobarin, bu O‘zbekiston va Fransiya manfaatlariga ham javob beradi.

Ta’kidlash joizki, Emmanuel Makronning “Inqilob” kitobida o‘z ifodasini topgan saylovoldi dasturida Fransiyani dunyo siyosatining buyuk mamlakatiga aylantirish maqsadi qo‘yilgan. Fransuz yetakchisi ana shu yo‘lda qat’iy bormoqda”.

Siyosatchining fikricha, O‘zbekiston va Fransiya prezidentlarining ko‘p masalalar yuzasidan qarashlari ham mushtarak:

“Fransiya Prezidentining saylovoldi dasturi va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ko‘p jihatlari bilan bir-biriga mushtarak: iqtisodiy ustuvorliklar, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, pragmatik tashqi siyosat. Ikki Prezidentning ko‘p masalalar, jumladan, afg‘on muammosi bo‘yicha qarashlari ham o‘xshashdir.

Umuman olganda, o‘zbek — fransuz diplomatiyasi ildizlari uzoq tarixga borib taqaladi. Amir Temur va Fransiya qiroli Sharl VI o‘rtasida diplomatik yozishmalar yo‘lga qo‘yilgani bizga ma’lum. Sohibqiron 1402-yilning avgustidagi maktubida fransuz tomoni Movarounnahrga o‘z savdogarlarini yuborsa, ularga barcha zarur sharoitlar yaratib berilishi haqida qayd etib o‘tgan. O‘z navbatida, Amir Temur ham o‘z karvonlarini Fransiyaga jo‘natishni niyat qilgan. Zero, Amir Temur aytib o‘tganidek, savdo-sotiq xalqlar farovonligini yuksaltirish va aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Buyuk bobokalonimizning ushbu so‘zlari bugungi kunda ham dolzarbdir”.

“Fransiyaning O‘zbekiston san’ati, madaniyatiga bo‘lgan qiziqishlari ham uzoq tarixga ega. XVI asrdayoq fransuz sharqshunoslari Alisher Navoiy, Bobur asarlarini, XIX asrda esa fransuz tarixchisi L.Lyangle “Temur tuzuklari”ni fransuz tiliga o‘girgan. Mana, 30 yildirki, Fransiyada Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish uyushmasi faoliyat yuritib keladi. Uning asoschisi va birinchi prezidenti Lyusyen Keren Amir Temurning jahon tarixida tutgan o‘rniga bag‘ishlangan ko‘plab kitoblarni nashr ettirgan. U mamlakatimiz tarixini o‘rganishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, yaqinda Samarqanddagi fransuz tilini o‘qitishga ixtisoslashtirilgan 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga Lyusyen Keren nomi berildi. Shuningdek, O‘zbekistonda Fransiyaning qator oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish rejalashtirilyapti.

Shular bilan bir qatorda, fransuz arxeologlari bizning ko‘hna tariximizga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Xususan, arxeolog Frans Grene dunyo ilm-fanida birinchi bo‘lib Samarqand shahri paydo bo‘lgan sanani aniqlagan.

Mustaqillik yillarida fransuzlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qariyb bir milliard dollar sarmoya kiritdi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Toshkentda City Palace mehmonxonasini qurish, poytaxt aeroportiga radarlar o‘rnatish bo‘yicha qator qo‘shma investitsiyaviy loyihalar amalga oshirildi. Bugungi kunda davlatlar o‘rtasidagi yillik tovar aylanmasi 250 million yevroni tashkil etadi. Biroq bu ko‘rsatkich bizning iqtisodiy salohiyatimiz va imkoniyatlarimizga muvofiq kelmaydi. Shunday ekan, mazkur tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga katta turtki beradi.

Ayni chog‘da o‘zaro munosabatlar rivojida parlamentlararo hamkorlik ham muhim o‘rin tutadi. Ikki davlat parlamentlari do‘stlik guruhlari ishlamoqda, doimiy delegatsiyalar, qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati bo‘yicha tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekistonda ikki palatali parlament yaratish, Konstitutsiyani ishlab chiqishda fransuz parlamentarizmi, konstitutsionalizmi tajribasi o‘rganilgan. Hozirgi kunda esa Prezident Emmanuel Makron yirik konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Uni ro‘yobga chiqarishda esa O‘zbekistonning bu boradagi tajribasi ham inobatga olinadi.

Parlamentlararo muloqotning rivoji ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Shu kunlarda O‘zbekiston parlamenti Parij bitimi (Parij, 2015-yil 12-dekabr)ni ratifikatsiya qildi. Prezident Makron uni “ekologiya sohasidagi asosiy xalqaro hujjat” deb biladi. O‘zbekiston uchun esa mazkur bitim Orol fojiasi nuqtayi nazaridan dolzarb ahamiyat kasb etadi”, — deydi Akmal Saidov.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-10-2018, 12:57)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 74) ( 0) ( 73) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют