» » Endi tabiblar litsenziya asosida faoliyat yuritadi

Endi tabiblar litsenziya asosida faoliyat yuritadi


“Xalq so‘zi” da O‘zbekistonda tabiblarga ham ehtiyoj katta ekanligi hamda bugungi kunda tabiblarning faoliyatini qonuniylashtirish yuzasidan qilinayotgan ishlar xususida maqola chop etildi. Quyida maqola to‘lig‘icha e’tiboringizga havola etiladi.

Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz xastaligiga davo topish ilinjida bir marotaba bo‘lsa-da, tabibga murojaat qilishi bor gap. Chunki kimyoviy usulda tayyorlangan dori-darmonlardan ko‘ra, turli tabiiy giyoh va damlamalar asosida shifo topishni afzal biladiganlar xalqimiz orasida juda ko‘p.

Tabiblarning aksariyati Ibn Sino bobomiz qoldirgan manbalarga murojaat qilib, zamonaviy tibbiyot ojizlik qilgan ayrim xastaliklar davosini amalda ko‘rsatib bersa-da, uni tan olmaslikka harakat qilindi. Xalq tabobatini zamonaviy tibbiyotga uyg‘unlashtirish masalalariga e’tibor qaratilmadi.

Hatto “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunda ham xalq tabobatiga aloqador normalar kiritilmadi. Tabiblarni tibbiyotning ilg‘or yutuqlari bilan tanishtirish, o‘qitish, o‘zaro tajriba almashish, qisqasi, ikki yo‘nalishni uyg‘unlashtiruvchi tamoyil ishlamadi. Vaholanki, turli dorivorlaru noan’anaviy usullarda ish yuritayotgan tabiblarning soni 30 mingdan oshib ketdi. Respublikadagi mavjud 4253 ta xususiy tibbiyot muassasasining 516 tasida xalq tabobati usullari keng qo‘llanilmoqda.

Bunday tartibsiz vaziyat ayrim uddaburon “tabib”larning odamlarni davolash emas, balki firibgarlik bilan mo‘may pul topishlariga ham yo‘l ochib berdi. Chunki xalq tabobatining samarasini, ular qo‘llayotgan usullarning asl ta’sirini hech kim o‘rganmadi, tibbiy nazorat ham olib borilmadi.

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ana shunday muammolarga yechim topish, mazkur yo‘nalishda to‘plangan tajribadan unumli va xavfsiz foydalanishga qaratilgani bilan g‘oyatda muhimdir.

Ro‘zimuhammad Xonnazarov, O‘zbekiston Respublikasi ­Prezidenti huzuridagi ­Davlat boshqaruvi akademiyasi ilmiy tadqiqotchisi:

Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, AQSh, Hindiston davlatlarida xalq tabobatining samarali usullaridan keng foydalaniladi. Yurtimizda esa bu sohani va tabiblar faoliyatini huquqiy tomondan tartibga soladigan normativ hujjatlar ishlab ­chiqilmagan edi. Bu esa tabiblar va ularga murojaat qiluvchi fuqarolarning huquqiy himoyasini ta’minlash ­imkonini bermasdi. Qaror bilan bu kabi kamchiliklar bartaraf etiladi. Endi xalq tabobati bo‘yicha to‘plangan boy tajriba va salohiyat zamonaviy tibbiyotga uyg‘unlashtiriladi. Chunki dunyoning 130 dan ortiq davlatlarida ­aynan shunday yo‘l tanlangan.

Hujjatga ko‘ra, avvalo, xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli sifatida e’tirof etiladigan bo‘ldi. Unda xalq tabobatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Chunonchi, soha ijobiy yutuqlarini zamonaviy tibbiyotga integratsiya qilish, mazkur yo‘nalishda yetakchi mahalliy va chet el tibbiyot muassasalari hamda sog‘lomlashtirish ama­liyot markazlari bilan yaqin hamkorlik qilish, xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini ­yaratish shular jumlasidan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xalq tabobati usullarini qo‘llagan holda, tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan talablar, shuningdek, xizmat ko‘rsatish hajmi va tartibini belgilovchi vakolatli organ etib belgilandi.

Elmira Bositxonova,O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari:

— Prezident tomonidan imzolangan ushbu qaror tarixiy ahamiyatga ega. Chunki oxirgi 100 yil davomida xalqimiz xalq tabobatidan bahramand bo‘lib kelayotgan bo‘lsa-da, shu vaqtga qadar bu soha qonundan tashqarida edi. Endi xalq tabobati sohasidagi faoliyatni tartibga solish va nazorat qilishni nazarda tutuvchi me’yoriy-huquqiy baza shakllantiriladi, ushbu yo‘nalish nafaqat fan sifatida, balki amaliy tibbiyot rivojida, aholi salomatligini tiklashda ham katta hissa qo‘shadi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.

Shuningdek, endilikda xalq tabobati xizmatlarini ko‘rsatuvchilarni o‘qitish, ularga zamonaviy tibbiyotdagi tashxis va davolash muolajalarini to‘liq qo‘llay olishlari uchun respublikadagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi”, “Tibbiy-pedagogika ishi” bakalavriat yo‘nalishlaridagi o‘quv dasturlariga xalq tabobati bo‘yicha maxsus o‘quv sikli joriy etiladi. Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida esa xalq tabobati kafedrasi va “Xalq tabobati” yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil qilinadi.

Bundan buyon xalq tabobati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar va shunday xizmatni ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalari maxsus litsenziya asosida faoliyatni amalga oshiradi. Xalq tabobati usullarini qo‘llash bilan shug‘ullanayotgan mutaxassis va tashkilotlar bo‘yicha yagona axborot bazasi yaratiladi. Ushbu bazaga litsenziya asosida faoliyat olib borayotgan tabiblar, xalq tabobati usulida ish yuritayotgan davolash muassasalari haqidagi barcha ma’lumotlar joylashtirib boriladi.

Umuman aytganda, asrlar davomida ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan xalq tabobati usullari endilikda zamonaviy tibbiyot bilan uyg‘un holda taraqqiy etadigan bo‘ldi. Bu xalq salomatligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (26-10-2018, 17:00)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 71) ( 0) ( 70) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют