» » Bekobodda o‘qituvchilar 2019-yil uchun obunaga majburlanmoqda

Bekobodda o‘qituvchilar 2019-yil uchun obunaga majburlanmoqda


Toshkent viloyatining Bekobod tumanida xalq ta’limi xodimlari 2019-yil uchun o‘ndan oshiq gazeta-jurnalga obuna bo‘lishga majburlanmoqda. Bu haqda Turon24 o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.

Bekobod tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablari uchun obuna bo‘yicha taqsimot jadvali ishlab chiqilgan. Taqsimotda “Ma’rifat”, “Uchitel Uzbekistana”, “Xalq so‘zi”, “Toshkent haqiqati”, “Tashkentskaya pravda”, “Bekobod ovozi”, “Pedagog minbari” (“Tarix”, “Matematika”, “Fizika”, “Kimyo”, “Biologiya” nomli ilovalari bilan), “Til va adabiyot ta’limi”, “Narodnoye slovo” singari nashrlarga qaysi maktab nechtadan obuna bo‘lishi aniq belgilab qo‘yilgan.

Xususan, Bekobod tumanidagi 1-maktab “Ma’rifat”ga – 25 ta, “Uchitel Uzbekistana”ga – 8 ta, “Xalq so‘zi”ga – 8 ta, “Narodnoye slovo”ga – 4 ta, “Toshkent haqiqati”ga – 16 ta, “Tashkentskaya pravda”ga – 4 ta, “Bekobod ovozi”ga – 49 ta, “Til va adabiyot ta’limi”ga – 4 tadan obuna bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, “Pedagog minbari”ning “Matematika” fani bo‘yicha ilovasiga – 4 ta, “Tarix” va “Fizika” fanlari bo‘yicha ilovalariga – 2 tadan, “Kimyo” hamda “Biologiya” fanlari bo‘yicha ilovalarga 1 tadan nusxada obuna bo‘lishi kerak. Jadvalga ko‘ra 1-maktabga jami 129 ta nusxadagi gazeta-jurnalga obuna bo‘lish majburiyat qilib berilgan.

“Obuna puli o‘qituvchilarning oyligidan bosib qolinadi, buning uchun roziligimiz so‘rab ham o‘tirilmaydi, – deydi ismi oshkor etilishini istamagan Bekobod tumanidagi maktablardan birida ishlovchi o‘qituvchi. – O‘tgan yili har oyda oyligimizning 10-15 foizini obuna uchun olib qolishgan. Bu yil ham shunday bo‘lsa kerak. Hozircha kimga necha so‘mdan tushishi taqsimlanganicha yo‘q”.

Taqsimotga 57 ta maktab kiritilgan bo‘lib, ularda 2069 nafar xodim ishlashi ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu maktablarda ishlovchi xodimlar 2019-yil uchun jami 3417 nusxadagi gazeta-jurnalga obuna bo‘lishga majbur.

Taqsimot Bekobod tumani xalq ta’limi bo‘limining 2018-yil 30-oktabrdagi 01-650/18-sonli xatiga ilova qilingan. Tumandagi umumta’lim maktablari direktorlari nomiga yuborilgan xatda obunani taqsimot jadvali asosida tashkil etish so‘ralgan. Xatga tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Hasan Soibnazarov imzo chekkan.

“Majburiy obunaga hech bir maktab direktori yoki o‘qituvchi qarshilik ko‘rsatolmaydi, – deydi Turon24 bilan suhbatlashgan, ammo xavfsizligi uchun ismini ochiq aytmagan manba. – Bu borada hech qayerga murojaat qilib ham bo‘lmaydi. Topshiriq xalq ta’limi bo‘limidan kelgach, kim ham qarshilik qila olardi?! Ko‘pchilik o‘qituvchilarni qo‘rqoq, o‘z haq-huquqi uchun kurashishni bilmaydi, deb o‘ylaydi. Bitta shu maktabdan beriladigan oylikka qarab qolgandan keyin qanday ham qarshi chiqsin?! XTB mudiriga qarshi chiqib ishdan bo‘shatilsa, tumandagi hech bir maktabga ishga kirolmaydi”.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarda majburiy obuna, turli xil tadbirlarga majburiy chiptalar sotish, maoshidan yana boshqa turli majburiy ushlanmalar olib qolinishi natijasida o‘qituvchilarning shusiz ham kam bo‘lgan oylik maoshlari ularning qo‘ligacha undan-da kamayib yetib borayotganini tanqid qilgan edi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov OAVga bergan intervyusida o‘qituvchilarning maoshidan turli maqsadlarda (gazeta va jurnallarga majburiy obuna, avans, kommunal to‘lovlar, turli tadbirlar chiptalariga va b.) majburiy ravishda pul olib qolish ham taqiqlanishini ma’lum qilgan edi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-11-2018, 09:15)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 92) ( 0) ( 90) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют