» » Pastdarg‘omdagi noma’lum yirtqichni yo‘q qilish uchun militsiya ovchilaridan yordam so‘raldi

Pastdarg‘omdagi noma’lum yirtqichni yo‘q qilish uchun militsiya ovchilaridan yordam so‘raldi


Pastdarg‘om tumanining Kichik Nayman mahallasiga noma’lum yirtqich oralagan. Hozirgacha bir nechta fuqaroning hovlisidan qo‘ylar bo‘g‘izlangan holda topilgan. Ammo qo‘ylarni aynan qanday yirtqich (bo‘ri, yovvoyi it) bo‘g‘izlagani noma’lumligicha qolmoqda. Turon 24 mahalla aholisi o‘rtasida vahima uyg‘otayotgan mazkur hodisa bo‘yicha surishtiruv o‘tkazdi. Quyida surishtiruv e’tiboringizga havola etiladi.

“22-oktabrdan 23-oktabrga o‘tar kechasi soat 1—2 larda hovliga chiqqanimda qo‘yimiz bo‘g‘izlab ketilganini ko‘rdim. Uni bo‘g‘izlagan jonzot qonxo‘r shekilli, faqat qonini simirgan, lekin go‘shtiga tegmagan. Hatto oyoq izlari ham saqlangandi, biroq izlar kuchli yomg‘irdan keyin yuvilib ketdi”, – deydi mahallada yashovchi Kimyo opa.

Boshqalarning bo‘g‘izlangan qo‘ylari bilan ham ayni manzara takrorlangan. Noma’lum jonzot asosan kechki soat 23 dan tonggi 5-6 gacha kelib qo‘ylarni bo‘g‘izlab qonini simirgan, go‘shtiga tegmagan. Eng qizig‘i, ushbu mahluq kelganda qishloqdagi itlar hurmagan. Yirtqich daladagi qo‘ylargagina hujum qilarkan.

Shu qishloqda yashovchi yigitning aytishicha, kechki soat 23 larda qo‘ylardan xabar olishga chiqqanida chiroq yordamida biri qora, biri qizil, gavdasi itdan kichik, oyoqlari kalta, yaxshi yugura olmaydigan hayvonlarni ko‘rgan. Ularning biri qo‘yni ariq ichiga sudragan, ikkinchisi esa uni bo‘g‘zidan olgan chog‘ida egasi kelib qolgani uchun qo‘y tirik qolgan.

Qishloqda yashovchi keksa yoshli aholi belgilarga qarab ushbu yirtqichning shoqol ekanini aytmoqda. Shoqollar ovloqda hayvon va odamlarga hujum qilgan. Ularning ko‘zi g‘ayritabiiy yongani sababli itlarda qo‘rquv paydo bo‘larkan.

“Kichik Nayman” MFY zooveterinariya punkti mudiri Sharof Qozoqovning bildirishicha, unga 4 hafta oldin ilk marta qo‘yi bo‘g‘izlangan fuqaro murojaat qilgan. Ayni paytda bunday holatlar soni 5 taga yetgan.

Ushbu holat yuzasidan Sharof Qozoqov tuman veterinariya bo‘limiga murojaat qilgan.

Murojaatdan so‘ng tuman veterinariya bo‘limi boshlig‘i Ilyos Boliyev shu yilning 29-oktabrida tuman hududidagi Kichik Nayman, Katta Nayman, Eskijuma, Yangiqishloq va Uchtepa mahallalarida yovvoyi hayvonlarni yo‘qotish va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida 57-buyruq chiqargan. Bu buyruqqa asosan mazkur mahallalardagi yovvoyi hayvonlarni yo‘qotish hududiy zooveterinariya punkti mudirlariga yuklatilgan.

Ilyos Boliyev bu buyruqni chiqarmasidan ancha oldin Kichik Nayman hududiy zooveterinariya punkti mudiri Sharof Qozoqov kerakli chora-tadbirlarni ko‘ra boshlagan. U mahalla fuqarolar yig‘ini raisini ham bu holatdan xabardor etgan. Shundan so‘ng qishloq aholisi tungi navbatchilik joriy etgan. Bu borada ma’lumot olish uchun mahalla fuqarolar yig‘ini raisini idorasidan topishning imkoni bo‘lmadi, u bilan bog‘lanish uchun qilingan harakatlar zoye ketdi.

Tuman veterinariya bo‘limi boshlig‘i Ilyos Boliyevning qo‘shimcha qilishicha, noma’lum yirtqichni yo‘qotish uchun kechasi maxsus dorilar mahalla hududiga joylashtirilib, boshqa hayvonlar ziyon ko‘rmasligi uchun ertalab olib qo‘yilmoqda.

Shuningdek, Ilyos Boliyev xat orqali tuman ichki ishlar bo‘limidan bo‘limga qarashli ovchilar guruhi yovvoyi hayvonlarni yo‘q qilishga yordam berishini so‘ragan.

“Ovchilar guruhimiz bu yovvoyi hayvonlarni otishining hech iloji yo‘q, – deydi tuman IIB jamoat tartibini saqlash bo‘limi boshlig‘i Jasur Ne’matov. – Chunki aholi punktida o‘q otish boshqa noxush holatlarni keltirib chiqarishi mumkin”.

Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-iyuldagi 202-qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Aholi punktlarida itlar va mushuklarni saqlash qoidalarining 20-bandida yirtqich hayvonlar shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan tutilishi belgilangan. Patdarg‘om tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Normo‘min Hayitov boshqarmaga qarashli ovchilar guruhini Kichik Nayman mahallasiga yuborganini ma’lum qildi.

Pastdarg‘om tuman hokimi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Eldor Berdiyevning bildirishicha, Pastdarg‘om tumani hokimligi yirtqich hayvonlar bilan kurashishni kuchaytirish maqsadida dori vositalarini sotib olish uchun tuman davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markaziga 19 million so‘m, tuman veterinariya bo‘limiga 10 million so‘m ajratib berilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, hokimlik tomonidan tuman hududida egasiz yashaydigan yirtqich hayvonlar bilan kurashishni kuchaytirish to‘g‘risida mutasaddi tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berilgan.

Qishloqda haligacha vahima arimagan. Kichik Nayman ahlining bildirishicha, kechki soat 23 larda qonxo‘r yirtqich yolg‘iz ketayotgan odamga ham tashlangan. “Hayvonlarni bo‘g‘izlagan mahluq ertaga yana odamlarga hujum qilmasligiga kim kafolat beradi? Bu holatda ham mutasaddilar ishdan bo‘shatgan xodimlariga xat yozib o‘tirarmikan?”, – demoqda kichik naymanliklar.

Mavzuga doir: Pastdarg‘omdagi yirtqichni yo‘q qilish uchun tuman hokimligi 29 mln so‘m ajratdi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (6-11-2018, 16:15)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 52) ( 0) ( 51) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют