» » “Siz jilmayishda davom eting, futbol sizni unutmaydi”. “Lester” bilan xayrlashgan Ranyeri oldida yulduz murabbiylar ham bosh egdi

“Siz jilmayishda davom eting, futbol sizni unutmaydi”. “Lester” bilan xayrlashgan Ranyeri oldida yulduz murabbiylar ham bosh egdi


“Lester” jamoasini 133 yil kutilgan chempionlik sari boshlab kelgan Klaudio Ranyeri yaqinda ishdan olingani haqida xabar berilgandi. “Lester” bilan o‘tgan mavsumda o‘ziga xos ertak yarata olgan murabbiyning iste’fosiga futbol jamoatchiligi turli xil munosabat bildirdi.

Bu siz bilgan mashhur adib emas, Ranyerining yordamchisi edi. Endi jamoa yukini u vaqtinchalik ustozisiz tortishga majbur. O‘sha qora oqshom pallasida ikki do‘st uzoq suhbatlashgani haqida quyida o‘qish mumkin.

Bizning o‘yinchilar bilan muammomiz yo‘q edi. Qoniqarsiz natijalar sabab g‘alati tuyg‘ular paydo bo‘lgani rost. Biroq Klaudio shunda ham kiyinish xonasidagi obro‘sini yo‘qotmagandi.

Klaudio bilan munosabatlarimiz a’lo darajada bo‘lgan. Kecha kechqurun u bilan uzoq gaplashdik, fikr almashdik. Undagi gaplar doim o‘rtamizda qoladi.

Kreyg Shekspir, “Lester” bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi

“Lester” uchun unitilmas onlarni taqdim etgan murabbiyga chiqish eshiklarini ko‘rsatish oson bo‘lmagan, bunisi aniq. Qaror qabul qilishdan oldin jamoa xo‘jayinlari ich-etini yeganiga shubha yo‘q. Biroq hayot beshafqat, unda kutilmagan burilishlar ham bo‘lib turadi.

Bizda rahbariyat qo‘lidan kelganicha ishlaydi. Yechilishi shart bo‘lgan birorta muammo mavjud emas. Shunday bo‘lsa-da, klubning Premyer-ligada qolishi uchun millionta ish qilish lozim.

Iltimosim shu —qarorimni hurmat qiling! Men “Lester”ni uyaltirib qo‘yishi mumkin bo‘lgan ishga hech qachon qo‘l urmayman.

Instagram bilan esa xayrlashaman. Bu yerda meni qaytib ko‘rmaysiz.

Vishay Shrivadxanaprabxa, “Lester” xo‘jayini

Otasining yo‘lini bosib o‘tish va Angliya chempionligiga erishishni tasavvur qilish Kasper uchun qiyin edi. Chunki u mamlakatning top klubida to‘p surmaydi. Italiyalik murabbiy esa shu o‘g‘ilni ham APL taxtiga olib chiqqandi.

Nafaqat “Lester”, balki shaxsan o‘zimga singgan mehnatlari uchun Klaudioga minnatdorchilik bildiraman. Birgalikda erishgan yutuqlarimiz katta hurmat va maqtovga loyiq. Hammasi uchun rahmat, boss!

Kasper Shmeyxel, “Lester” darvozaboni

Kontening “Chelsi”si o‘ynay boshlagach, Ranyerining “Lester”i “ishdan chiqdi”. Biroq o‘tgan vaqt ichida murabbiyni nafaqat Angliyada, balki vatani Italiyadagi mutaxassislar ham tan olib bo‘lgandi.

Kayfiyatim buzildi. Klaudioning ishdan olinganidan qattiq ta’sirlandim. Birinchidan, u mening do‘stim va yaxshi inson. Undan keyin esa ajoyib murabbiy hamdir.

Men Ranyeriga albatta qo‘ng‘iroq qilaman. Biroq hozir emas. Biroz kutgan ma’qul. Hozir uning ko‘nglidan nimalar o‘tayotganini yaxshi tushunaman.

Antonio Konte, “Chelsi” bosh murabbiyi

Manchini “Manchester Siti” bilan APLda zafar quchgan. Biroq uning bu muvaffaqiyatini bugun hech kim eslamasligini yaxshi biladi. Ranyerining chempionligi bilan solishtirganda uniki yer bilan osmoncha farq qiladi.

Afsus. Bu — futbol. Agar yutsang zo‘rsan, yutqazsang buning uchun tovon to‘laysan. Ranyeri shunday buyuk ish qildiki, uni 2000 yildan keyin ham yaxshi eslashadi.

Roberto Manchini, murabbiy

“Normal one”. Kloppning Ranyeri borasidagi fikrlari ko‘pchilik uchun qiziq edi.

So‘nggi vaqtlarda g‘alati ishlar bo‘lyapti: Brexit, Tramp va mana endi Ranyeri… “Lester” rahbariyati nima sababdan bunday qarorga qo‘l urganini tushunmayman. Barcha ularning APL va Chempionlar ligasidagi holatini kuzatib turgandi.

Ranyeri mo‘jizaviy inson. U bilan ilgari bir necha bor uchrashganmiz. Balki jamoa rahbariyatidan nima sababdan bunday qarorga kelganini so‘rash kerakdir…

Yurgen Klopp, “Liverpul” bosh murabbiyi

Joze Mourinyo bir vaqtlar “Chelsi”da ishlagan Ranyerini troll qilishda tengsiz edi. Biroq italiyalikning “Lester”dagi faoliyatini mana shu o‘jar inson ham tan olishga majbur bo‘ldi.

Angliya chempioni va jahonning eng yaxshi murabbiyi iste’foga chiqarildi. Zamonaviy futbol esa afsuski shunday.

Klaudio, siz jilmayishda davom eting! Siz yozgan tarixni hech kim o‘chirolmaydi!

Ha, aytgancha, “Lester” stadioni Klaudio nomi bilan atalishi lozim. U bunga yarasha xizmat qilib bo‘ldi.

Joze Mourinyo, “Manchester Yunayted” bosh murabbiyi

Ranyerining hurmati Anchelotti ham Mourinyoni qo‘llab yubordi.

Joze bilan hamfikr emasman. Biroq bu safar uning so‘zlariga qo‘shilmasdan ilojim yo‘q. Barcha qatori men ham hayratdaman. Lekin ishidan ayrilish — murabbiy faoliyatining bir qismi.

U tarix yaratdi. “Lester” Ranyeriga barchasi uchun minnatdorchilik bildirish lozim.

Karlo Anchelotti, “Bavariya” bosh murabbiyi

Gapning o‘g‘il bolasi mana shunday bo‘ladi:

Klaudio ketganini eshitib, klub va futbol uchun yig‘lab yubordim. “Lester”ning o‘tgan mavsumdagi o‘yini tushunarsiz edi, joriy mavsumdagisi emas. Klub Chempionlar ligasida o‘ynayotgani va APLda so‘nggi o‘rinda emasligini hisobga olsak, Ranyeri ishlashga haqli edi.

Gari Lineker, sobiq futbolchi

So‘nggi so‘z italiyalik qahramonning o‘zidan. Futbol jamoatchiligi bu insonni hech qachon unutmaydi!

Kecha mening orzum sarobga aylandi. Biz APL chempionligini qo‘lga kiritgan baxtli onlarda “Lester”da bir umr qolishni o‘ylagandim. Afsuski, bunday bo‘lmadi.

“Lester”dagi faoliyatim davomida meni doimo qo‘llab-qo‘vvatlab kelgan rafiqam Rozanna va butun oilamga minnatdorchilik bildiraman. Hammadan ham ko‘proq, albatta, “Lester”dan minnatdorman. Bizning chempionligimiz bir umr eslab yuriladigan ajoyib sarguzasht bo‘ldi.

Jurnalistlarga ham rahmat! Ular biz futbolda yaratgan ajoyib tarixni doimiy yoritib keldi. Muxlislardan ham minnatdorman. Ular birinchi kundanoq o‘z yuraklaridan menga joy berishdi va meni sevishdi. Men ham sizlarni sevaman!

Biz erishgan yutuq va natijalarni hech kim, hech qachon bizdan tortib ololmaydi. O‘ylaymanki, sizlar bu natijalarni men kabi har kuni quvonch bilan eslab turasizlar. Bu men hech qachon unutmaydigan mo‘jizaviy va baxtli damlar edi. Sizlar bilan chempionlikka erishganim men uchun ham quvonch, ham faxrdir!

Klaudio Ranyeri “Lester” klubi sobiq bosh murabbiyi

Опубликовано: admin (27-02-2017, 10:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 99) ( 0) ( 98) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют