» » JSST O‘zbekiston tibbiyotidagi tizimli islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi

JSST O‘zbekiston tibbiyotidagi tizimli islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi


Toshkentda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning Yevropa mintaqaviy byurosi va JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Barqaror rivojlanish maqsadlari davrida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashni isloh qilish” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, unda hukumat vakillari, JSST ekspertlari va jamoat tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.

Ushbu konferensiya O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashni kompleks isloh qilish va 2030-yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ko‘maklashuvchi uzoq muddatli strategik dastur — Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tatbiq etish maqsadida tashkil etildi.

Unda sog‘liqni saqlashni isloh qilish bo‘yicha 2025-yilgacha mo‘ljallangan 7 yillik rivojlantirish konsepsiyasi mazmun-mohiyati ham muhokama qilindi. Jumladan, sog‘liqni saqlashning boshqarish va moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy sug‘urtani joriy qilish, davlat-xususiy sherikchilik va tibbiy turizmni rivojlantirish, shuningdek, kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va tibbiyot fanini rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, birlamchi tibbiy yordamni kuchaytirish, aholi sog‘ligini mustahkamlash va farovonligini oshirish yo‘lida barcha davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishi aytib o‘tildi. Konferensiyada so‘zga chiqqat JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab tibbiyotni isloh qilishga qaratilgan mazkur konsepsiyaga e’tibor qaratib, sohaga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.

Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekiston tibbiyotidagi tizimli islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlagan holda, ushbu amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘plab davlatlarga namuna bo‘la olishini e’tirof etdi. Jumladan, immunizatsiya yoki vaksinatsiya borasidagi ishlarga qaratilayotgan e’tibor, hattoki, Yevropaning rivojlangan mamlakatlarida ham amalga oshirilmagani aytib o‘tildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov o‘z chiqishida O‘zbekiston sog‘liqni saqlashda barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishish va aholini sifatli tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishda sodiq ekaniga urg‘u berdi. Tibbiyot tizimini rivojlantirish bo‘yicha yangi konsepsiyaning tatbiq etilishi odamlar salomatligini yanada samarali himoyalashga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Konferensiya doirasida Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-11-2018, 19:45)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 69) ( 0) ( 68) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют